LABILLIK
LABILLIK (lot. labilis — sirpanuvchan, beqaror) (fiziologiyada) — nerv va muskul toʻqimalarining funksional harakatchanligi; bunda toʻqima taʼsirlanish ritmida eng katta chastota bilan qoʻzgʻaladi (q. Koʻzgʻalish). Bu taʼlimotni fanga rus fiziologi N. Ye. Vvedenskiy kiritgan (1892). Uning taklifiga binoan, qoʻzgʻaluvchi toʻqimaga 1 sek. da beriladigan eng koʻp taʼsirotga toʻqimaning oʻshancha mikdorda harakat potensiallari bilan bergan javob reaksiyasi Labillik oʻlchovi qilib olinadi. Labillik toʻqimaning faoliyati jarayonida ortib-kamayib turishi mumkin, bu taʼsirotning kuchi va chastotasiga, neyro-gumoral taʼsirlarga (q. Neyro-gumoral regulyatsiya) bogʻliq. Yoʻgʻon nerv tolalari eng katta Labillikka ega, ular 1 sek. da 500—600 impuls oʻtkazadi. Toʻqimalarning funksional holatini aniqlashda, shuningdek, mehnat va sport fiziologiyasida Labillik muhim ahamiyat kasb etadi.
Ensiklopediya.uz
LABILLIK