Kutib oling, yangi kimyoviy elementlar: Nihonium, moskovium, tennesin va oganesson.
Kutib oling, yangi kimyoviy elementlar: Nihonium, moskovium, tennesin va oganesson.
Ilgari xabar berganimizdek, 2015-yilning 30-dekabr sanasida Xalqaro Amaliy va Nazariy Kimyo Ittifoqi (IUPAC) tomonidan, kimyoviy elementlarning Mendeleyev davriy jadvaliga 4 ta yangi element qo‘shilganini e’tirof etgan edi. o‘sha paytda, davriy jadvalga yangi qo‘shilgan mazkur elementlarga vaqtinchalik nomlar berilgan bo‘lib, ular elementning jadvaldagi tartib raqamiga mos ravishda, ushbu raqamning lotinchadagi talaffuzi bilan muvaqqat nomlangan. Xususan, jadvalga qo‘shilgan 113- elementni «ununtriy« (so‘zma-so‘z tarjimasi «bir yuz o‘n uchinchi«), 115-elementni «ununpentiy« («bir yuz o‘n beshinchi«), 117-elementni «ununseptiy« va 118-elementni «ununoktniy« deb nomlangan. Biroq, aytib o‘tilganidek, bu nomlar elementlarga vaqtinchalik biriktirilgan bo‘lib, ushbu elementlarni kashf qilgan olimlar va ilmiy laboratoriyalarga o‘z kashfiyotlari uchun nom berish huquqi taqdim etilgan. 8-iyun sanasida esa, IUPACning rasmiy saytida, ushbu 4 yangi kimyoviy element uchun rasmiy nomlar biriktirilgani haqida xabar e’lon qilindi.
IUPAC rasmiy xabariga ko‘ra, kimyo bo‘yicha eng nufuzli ushbu xalqaro ilmiy tashkilot Mendeleyev davriy jadvaliga qo‘shilgan yangi elementlarga, ularning kashfiyotchilarining takliflariga ko‘ra, quyidagi rasmiy nomlarni biriktirishga qaror qilgan:
113-element, ununseptiy uchun rasmiy nom sifatida «Nihonium«, kimyoviy formula esa «Nh« etib belgilandi. Nihonium — ushbu element kashf etilgan mamlakat Yaponiyaning mahalliy xalq tilidagi nomlaridan biridir. Uning aynan ma’nosi «kunchiqar yurt« degani bo‘lib, mazkur elementni sintez qilishga muvaffaq bo‘lgan ilmiy dargoh — RIKEN instituti Yaponiya poytaxti Tokio yaqinidagi Vako shaharchasida joylashgan. Institutning yetakchi olimi professor Kosuke Morita boshchiligidagi ilmiy guruh, o‘zlari kashf etgan elementga ushbu nomni taklif qilar ekan bu bilan, 1908-yilda yana bir yapon kimyogari Masataka Ogava tomonidan amalga oshirilgan, davriy jadvaldagi 43-elementning kashf etilishi yo‘lidagi ulkan ilmiy ishlar uchun hurmat bajo keltirish, shuningdek, 2011-yilgi Fukusima fojiasidan keyingi odamlarda ilm-fanga nisbatan yo‘qolgan ishonchni qaytarishga umid qilishayotgani«ga urg‘u berib o‘tishgan. o‘rni kelganda eslatib o‘tish joizki, Nihonium Osiyo qit’asida kashf etilgan ilk kimyoviy element bo‘ldi.
115-raqamli, muvaqqat nomi ununpentiy bo‘lgan yangi kimyoviy elementga esa «Moskovium« (lotinchada «Moscovium«) nomi berildi. Moskoviumning kimyoviy formulasi esa «Mc« tarzida qabul qilindi. Bunday nom berilishining sababi, ushbu element ilk bora kashf etilgan kimyoviy laboratoriya — Dubna yadroviy tadqiqotlar institutining Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyatida joylashganligidir. Bu orqali kashfiyotchi olimlar ushbu qadimiy rus tuprog‘ining nomini kimyo fanida ham sharaflashni maqsad qilishgan. Moskovium elementini Dubna Yadroviy Tadqiqotlar Birlashgan Instituti ilmiy jamoasi bilan birgalikda, AQSHning Livermor Milliy Laboratoriyasi xodimlari hamkorlikda kashf etishgan. Ushbu hamkorlik natijasida Dubna va Livermor kimyogarlari shuningdek 117-element — ununseptiyni ham kashf etishgan edi. Moskoviumning nomi Dubnaliklar tashabbusiga ko‘ra taklif etilgan bo‘lsa, Ununseptiy uchun rasmiy nomni Livermor Milliy Laboratoriyasi xodimlari tanlashgan. Ularning taklifiga ko‘ra, IUPAC 117-elementni «Tennisin« nomi bilan atab, unga kimyoviy formulasi sifatida esa «Ts« ramzini qabul qildi. Tennesin — AQSHning Tennesi shtati sharafiga ataldi. Buning boisi, mazkur elementning kashf etilishida ulkan xizmat ko‘rsatgan Lourens Livermor nomidagi Milliy Laboratoriya, Ouk-Rij Milliy Laboratoriyasi, Noksvilldagi Tennesi universiteti, shuningdek, Vanderbilt Universitetlarining aynan shu shtatda joylashganligidir.
118-element, ununoktniy uchun esa, Livermor laboratoriyasi va Dubna ilmiy jamoasi o‘zaro kelishib, og‘ir ionlarni tadqiq etish, yadro fizikasi va yangi kimyoviy elementlar sintezi sohalarida ulkan ilmiy muvaffaqiyatlarni qayd qilgan olim, professor Yuriy Oganesyan (1933-yilda tug‘ilgan) sharafiga «Oganesson« (kimyoviy formulasi «Og»)deb nomlashni taklif qilishdi va IUPAC ushbu taklifni ma’qulladi.
Yangi kimyoviy elementlarga ushbu nomlarni biriktirish bo‘yicha IUPAC rasmiy tavsiyanoma e’lon qilgan va ushbu nomlar yuzasidan taklif va mulohazalar uchun 2016-yilning 8-noyabriga qadar davom etadigan ochiq muhokama tashkillagan. Muhokama yakuniga ko‘ra, IUPACning rasmiy hay’ati ushbu nomlarni rasman e’lon qiladi. Demak, yil oxirida mazkur 4 element, o‘ziga biriktirilgan rasmiy nom va kimyoviy formulalar bilan birgalikda barcha yangi davriy jadvallardan va kimyo faniga oid boshqa manbalardan o‘rin oladi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro Amaliy va Nazariy Kimyo Ittifoqi tomonidan kimyoviy elementlarga nom berish bo‘yicha qabul qilingan qoidalarga ko‘ra, u yoki bu kimyoviy element uchun nom berishda quyidagi tamoyillarga tayaniladi:
a) Kimyoviy elementning xossalariga o‘xshash biror afsonaviy qahramon yoki, hodisa, shuningdek, biror astronomik obyekt nomi;
b) Kimyoviy elementni ko‘p miqdorda o‘zida tutuvchi tegishli mineral yoki modda nomi;
c) Kimyoviy element kashf etilgan joy nomi, yoki geografik hudud;
d) Elementning biror-bir yaqqol ajralib turuvchi xossasi;
e) Elementni kashf etgan olim.
Ko‘rib turibmizki, bu safar, yangi kashf etilgan 4 elementdan uchtasi, qoidalarning «c» bandiga ko‘ra, yana bittasi esa «e» bandiga ko‘ra nomlanmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Maqolalar
Kutib oling, moskovium, tennesin va oganesson, Yangi kimyoviy elementlar: Nihonium
Manba:orbita.uz