KURMAK
KURMAK (Echinochloa macrocopa Vasing) — boshoqdoshlar oilasiga mansub begona oʻt turkumi; uning 2 turi — sholisimon Kurmak (devkurmak, govkurmak — Ye. oryzoides) va qora Kurmak (shamak — Ye. crusgallii) turlari mavjud. Bu 2 tur bir yillik begona oʻt, boʻyi 50—150 sm, poyasi tik oʻsadi, silindrsimon, boʻgʻimli, boʻgʻim oralari gʻovak, barglari oddiy, barg bandi uzun tukchalar bilan qoplangan, poyada gʻilof hosil qilib oʻrnashadi. Gullari mayda, rangsiz, gulqoʻrgʻoni yoʻq, toʻpgullari roʻvak, soʻta, boshoq va panjasimon tuzilgan boʻladi. Devkurmak Uzoq Sharq, Oʻrta Osiyoda sholi ekinzorlarida oʻsadi, sholi bilan barobar yetiladi. Doni tariqdan yirik, urugʻini sholidan ajratib olish qiyin. Shamak esa, choʻl, adir, togʻ hududlarida qurgʻoqchilikka chidamli ekinlar orasida, sernam yerdarda, asosan, ariq boʻylarida, ekinlar orasida uchraydi. Iyun — sent. oylarida gullab, urugʻlaydi.
Ensiklopediya.uz
KURMAK