KRISHAN CHANDAR
KRISHAN CHANDAR (1913.19.11, Vazirobod — 1977.7.3, Bombey) — hind yozuvchisi va jamoat arbobi. Hoz. zamon urdu adabiyotining yirik vakili. Hindiston taraqqiyparvar yozuvchilar uyushmasi rahbarlaridan biri (1953). Dastlabki hikoyalar toʻplami — «Tilsimi xayol» (1937). Krishan Chandarning turli janrlarda 80 ga yaqin kitobi chop etilgan. «Xoin», «Biz vahshiymiz» (1949) toʻplamlarida Hindistonning boʻlinishi (1947) va hind-musulmonlar qirgʻini mavzui yoritilgan. «Magʻlubiyat» (1958), «Boʻron kurtaklari» (1954), «Kumush yara» (1964) romanlari, «Koʻcha ortga qaytadi» (1961), «Ikkinchi qor yogʻishdan avval» (1967) qissalari va avtobiografik qissalari («Loy oʻyinchoqlar», 1956; «Xotiramdagi chinorlar», 1968) va b. asarlarida Kashmir xalqi hayoti aks ettirilgan. Krishan Chandar «Eshakning sarguzashtlari» (1958 — 65), «Dadar koʻprigidagi bolalar» (1958), «Qogʻoz qayiq» (1966) romanlaridan iborat trilogiya muallifi. K. Ch. Oʻzbekistonda boʻlgan. Asarlari xorijiy tillarga, jumladan, oʻzbek tiliga ham tarjima qilingan.
Ensiklopediya.uz
KRISHAN CHANDAR