KOVRAK

KOVRAK

KOVRAK (Ferula) — ziradoshlar (soyabonguldoshlar) oilasiga mansub koʻp yillik oʻtlar turkumi. Oʻzbekistonda 45 turi oʻsadi. Sassiq Kovrakning boʻyi 1 m cha, ildizi sholgʻomsimon, diametri 15 sm cha. Poyasi tik, yoʻgʻon, ichi kovak, yuqori qismi shoxlangan. Ildizoldi barglari bandli, 3 boʻlaqli, poyadagilari maydaroq, ketmaket joylashgan. Toʻpguli yirik, sharsimon, diametri 20 sm, yon toʻpgullari maydaroq. Erta bahorda gullaydi. Mevasi — ikki boʻlaqli. Choʻllarda oʻsadi. Ildizidan olinadigan yelim (smola)dan astma va baʼzi nerv kasalliklarida ishlatiladigan dori tayyorlanadi.

Ensiklopediya.uz
KOVRAK