KOSMIK ZONDLAR

KOSMIK ZONDLAR

KOSMIK ZONDLAR — Yer atrofi va sayyoralararo fazoni, Quyosh sistemasidagi osmon jismlarini fizikaviy jihatdan tadqiq qilish uchun uchiri-ladigan ilmiy apparatlar. Kosmik zondlarni uchirish 1959-y. 2 yanv. da «Luna – 1»ning Oyga parvozidan boshlandi. «Luna», «Zond», «Venera», «Mars», «Mariner», «Serveyer», «Lunar orbiter» va «Apollon» tipidagi Kosmik zondlar uchirildi. Yer va Oy atrofidagi radiatsiya, kosmik nurlar intensivligining oʻzgarishi va kosmos da magnit maydoni oʻrganildi. Oyning Yerdan koʻrinmaydigan tomonining fotosuratlarini olib, Oyning toʻliq xaritasini tuzishga va globusini yasashga imkon berdi. Oyning yaqin atrofdagi kosmik fazoni va Oy sirtidagi obyektlarning evolyutsiyasi oʻrganildi, Oy tuprogining umumiy xossalari tekshirildi, Oy massasi va tortishish maydoni haqida maʼlumotlar olindi. Oy tuprogʻining mexaniq xossalari, Oydagi seysmik sharoitlar oʻrganildi, Oyning harakat nazariya-siga oid aniqliklar kiritildi. Sayyoralar avtomat apparatlar yordami bilan tadqiq qilindi. Uzoq kosmosni oʻrganish maqsadida Venera va Marsga qator Kosmik zondlar uchirildi. Venera sirtiga birinchi ilmiy st-ya — «Venera-4» qoʻndirildi. «Venera-4» va undan keyingi «Venera» tipidagi Kosmik zondlarning Yerga oʻzatgan maʼlumotlariga, asosan, Venera sirtining t-rasi taxm. 400°, atm. bosimi 100 atm. ekanligi, atmosferasi tarkibida, asosan, karbonat angidrid borligi maʼlum boʻldi. Yer — Quyosh oraligʻidagi kosmik fazoda kosmik nurlar, magnit maydoni, ayniqsa, Quyosh radiatsiyasi haqida yangi maʼlumotlar olindi. Marsga «Mars-2», «Mars-3» va «Mariner-3» avtomat styalari uchirildi, ular Marsning sunʼiy yoʻldoshlari boʻlib qoldilar. «Mars-2» dan maxsus kapsula ajratilib, Mars sirtiga qoʻndirildi. Bunday Kosmik zondlar yordamida Mars haqida muhim maʼlumotlar olindi. Mars sirtining t-rasi —110, +13° oraligʻida oʻzgarishi, atmosferasi, asosan, karbonat angidriddan iboratligi, magnit maydoni sezilarli darajada emasligi maʼlum boʻldi.

Ensiklopediya.uz
KOSMIK ZONDLAR