KOSIBCHILIK

KOSIBCHILIK

KOSIBCHILIK (arab. – kasbkorlik) — 1)tor maʼnoda — charmdan kovush, maxsi, shippak, etik va b. oyoq kiyimlarini qoʻlda tikish bilan shugʻullanish. Asosan, chorvachilik paydo boʻlganidan soʻng (mil. av. 4—3 ming yillik) xom teridan oyoq kiyimlari «tikila» boshlagach, Kosibchilik shakllana borgan, lekin hali juda ibtidoiy koʻrinishda boʻlgan. Asta-sekin odamlar hayvon terisini oshlashni, undan koʻn tayyorlashni, koʻndan charm olishni, charmdan esa kiyim-bosh, poyabzal tikishni oʻrganishgan. Kosibchilik 19-a. oxirlari, 20-a. boshlarida Toshkent, Samarqand, Buxoro va ayniqsa, Fargʻona vodiysi shaharlarida ancha rivojlangan. Bu shaharlarda yuzlarcha Kosibchilik doʻkonlari boʻlgan. Sanoat asta-sekin rivojlanib, artel va f-kalar paydo boʻla boshlagach, Kosibchilik bilan shugʻullanuvchilar ham artel va f-kalarga uyusha boshladi. Lekin Kosibchilik bilan shugʻullanuvchi yakka shaxslar ham saqlanib qoldi. Kosibchilik butun dunyoda, ayniqsa, Sharkda, shu jumladan, Oʻrta Osiyoda keng taraqqiy etgan. Oʻzbekistonning shahar va qishloqlarida, ayniqsa, Fargʻona vodiysida hozir Kosibchilik xalq hunarmandchiligining uzviy turi sifatida yana rivojlana boshladi. Kosibchilikda faqat poyabzal tikish bilan cheklanib qolinmaydi, balki telpak, ot-ulov abzallari, qayish, pichoq qini kabi buyumlar tayyorlash bilan ham shugʻullaniladi; 2) keng maʼnoda — qoʻlda bajariladigan ishlar bilan shugʻullaniladigan kasblarning umumiy nomi (degrezlik, duradgorlik, zargarlik, kashtadoʻzlik, kulollik, koʻnchilik, miskarlik, rixtagarlik, temirchilik, tikuvchilik, tunukasozlik, toʻquvchilik, oʻymakorlik va b.). K. b-n, asosan, oddiy mehnat qurollari yordamida yakka tartibda shugʻullaniladi. Kosibchilik insonning i. ch. faoliyati bilan bogʻliqravishda asta-sekin rivojlangan (yana q. Hunarmandchilik).

Ensiklopediya.uz
KOSIBCHILIK