Koronaviruslar (CoV) — bu oddiy shamollashdan tortib jiddiy kasalliklarga, masalan, Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS-CoV) va og’ir o’tkir respirator sindrom (SARS-CoV) kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan viruslar oilasidir. Yangi koronavirus (nCoV) — bu virusning ilgari odamlarda aniqlanmagan yangi shtammidir.
Koronaviruslar — bu zoonozlar, ya’ni hayvonlardan odamlarga yuqadigan patogenlar sanaladi. Puxta o’tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko’ra, odamlarda SARS-CoV bilan kasallanish manbai viverra, MERS-CoV esa — bir o’rkachli tuyalar ekanligi aniqlangan.
Eng so’nggi bo’lib Xitoyda aniqlangan koronavirus COVID-19 deb nomlangan va u juda jiddiy kasallikka olib kelishga qodir.
COVID-19 nima
COVID — 19 — bu yaqinda kashf etilgan koronavirus tomonidan chaqiriladigan infektsion kasallik. 2019-yil dekabr oyida Xitoyning Vuxan shahrida kasallik avj olishidan oldin, yangi virus va kasallik haqida hech narsa ma’lum emas edi.
COVID-19 alomatlari
COVID-19 ning eng ko’p uchraydigan alomatlariga isitma, charchoq va quruq yo’tal kiradi. Bir qator bemorlarda turli xil og’riqlar, burun bitishi, oqishi, faringit yoki diareya kuzatilishi mumkin. Qoida tariqasida, bu alomatlar asta-sekin rivojlanadi va yengil kechadi. Ba’zi kasallangan shaxslarda hech qanday alomatlar yoki ahvolning yomonlashuvi kuzatilmaydi.
Aksariyat odamlarda (taxminan 80%) kasallik tiklanish bilan yakunlanadi, bunda aniq terapevtik choralar talab qilinmaydi.
COVID-19 kasalligi holatlarining har oltitadan bittasida nafas olish yetishmovchiligi rivojlanishi tufayli jiddiy alomatlar kuzatiladi. Keksalarda, shuningdek, arterial gipertenziya, yurak kasalligi yoki diabet kabi somatik kasalliklarga chalingan odamlarda kasallikning og’ir kechishi ehtimoli yuqori ko’rsatkichga ega. Kasallikning o’lim bilan yakunlanishi taxminan 2% hollarda qayd etiladi. Isitma, yo’tal yoki nafas olish qiyinligi kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Virus qanday tarqaladi
SARS-CoV-2`ni boshqa infektsiyalangan odamlardan yuqtirib olish mumkin. Kasallik odamdan odamga yo’talish yoki aksa urish vaqtida og’iz-burundan ajraladigan mayda tomchilar orqali yuqishi mumkin. Ushbu tomchilar atrofidagi buyum va sirtlarga tushadi. Boshqa odamlar bunday buyumlar yoki sirtlarga, so’ngra ko’zlari, burunlari va og’ziga tegishsa infektsiyalanishlari mumkin.
Bundan tashqari, infektisya bunday mayda suyuqlik tomchilarini bevosita nafas orqali yutishda ham yuqishi mumkin. Shuning uchun kasallangan shaxslardan kamida 1 metr uzoqroq joyda turish yoxud «ijtimoiy masofalanish» juda muhimdir.
JSST COVID-19 yuqish yo’llari bo’yicha izlanishlar olib bormoqda va ma’lumot yangilanganligi sari ular e’lon qilib boriladi.
Hech qanday alomatlar kuzatilmayotgan odamdan COVID-19 yuqishi mumkinmi
Virus asosan yo’talish yoki aksa urganda odamning nafas yo’llaridan ajralib chiqadigan kichik tomchilar orqali tarqaladi. Hech qanday alomatlar kuzatilmagan bemorlardan esa bu holda virusning yuqishi xavfi juda pastdir.
Boshqa tomondan, ko’p odamlarda COVID-19 alomatlari juda yengil darajada bo’ladi. Bu, ayniqsa, kasallikning dastlabki bosqichlarida kuzatiladi. Shunday qilib, o’zini kasal his qilmasada, faqat yengil yo’talayotgan odamdan COVID-19 yuqishi xavfi mavjud.
JSST ma’lumotlariga ko’ra, virus bemorning axlati orqali yuqishi ehtimoli ham mavjud. Biroq bu ko’rsatkich juda kichik bo’lib, kasallikning tarqalishida asosiy rol o’ynamaydi. Bunday xavfning mavjudligi hojatxonadan chiqqach va ovqatdan oldin qo’llarni yaxshilab yuvish muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shaxsiy ehtiyot choralari
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti veb-saytida, shuningdek mamlakatimiz sog’liqni saqlash idoralari va mahalliy hamjamiyatida mavjud bo’lgan COVID-19 tarqalishi haqida eng so’nggi ma’lumotlardan xabardor bo’lib borish muhimdir.
COVID-19 infektsiyasining eng katta ko’lami 2020-yil mart holatiga ko’ra Xitoyda kuzatilgan, aprel oyining o’rtalarida esa AQSh kasallanganlar bo’yicha yetakchilikka erishdi, kasallik aniqlanmagan mamlakatlar qolmadi. Ko’pgina hollarda kasallik yengil kechish bilan tavsiflanadi va tiklanish bilan tugaydi, garchi asoratlar yuzaga kelishi mumkin bo’lsa-da.
Siz o’zingiz va boshqalarning sog’lig’ini quyidagi qoidalarga rioya qilgan holda himoya qilishingiz mumkin:
- Spirt saqlovchi mahsulotlar bilan qo’llarni muntazam artib turish yoki ularni sovun bilan yuvish.
Nima uchun kerak? Qo’llar yuzasida virus bo’lsa, spirt saqlovchi vositalar bilan artish yoki ularni sovun bilan yuvish viruslarni nobud qiladi.
- Yo’tal yoki aksirayotgan odamlardan kamida bir metr masofada turish.
Nima uchun kerak? Bu vaqtda ajralib chiqadigan kichik suyuqlik tomchilari o’zida kasallik qo’zg’atuvchilarini saqlaydi. Yaqin masofada bo’lganda ularni nafas orqali yutib yuborib, kasallanish qolish mumkin, xususan COVID-2019 bilan ham.
- Iloji bo’lsa, ko’z, burun va og’izga (umuman yuzga) qo’llar bilan tegmaslik.
Nima uchun kerak? Qo’llar kun davomida turli jism va sathlarga tegadi, bunda unga turli kasallik qo’zg’atuvchilari yopishib oladi. Ifloslangan qo’llari bilan shilliq qavatlarga tegishda virus organizmga kirib borishi va kasallik chaqirishi mumkin.
- Nafas olish gigienasi qoidalariga qat’iy rioya qilish. Buning uchun yo’talayotganda yoki aksa urganda tirsagingiz yoki ro’molcha bilan og’iz yoki burunni yopish kerak. Ishlatilgan salfetkani darhol tashlab yuborish maqsadga muvofiqdir.
Nima uchun kerak? Virus kichik tomchilar orqali yuqadi. Nafas olish gigienasi qoidalariga qat’iy rioya qilib, siz boshqalarni O’RVI, gripp va COVID-19 kabi virusli kasalliklardan himoya qilishingiz mumkin.
- Agar o’zingizni yomon his qilsangiz, uyda qoling. Agar sizda isitma, yo’tal yoki nafas olish qiyinchiligi kuzatilsa, iloji boricha tezroq tibbiy yordamga murojaat qiling. Mahalliy sog’liqni saqlash idorangizning ko’rsatmalariga rioya qilish tavsiya etiladi.
Nima uchun kerak? Sog’liqni saqlashning markaziy va mahalliy organlari yashash joyingizdagi vaziyat to’g’risida eng yangi ma’lumotlarga ega. O’z vaqtida tibbiy yordam so’rab murojaat qilish tibbiy mutaxassislarga sizni tezda tegishli tibbiy muassasaga yo’naltirishga imkon beradi. Bundan tashqari, siz o’zingizni himoya qilasiz va virusli va boshqa infektsiyalarning tarqalishini oldini olishga yordam berasiz.
Oxirgi 14 kun ichida COVID-19 tarqalgan mintaqalarga tashrif buyurganlar uchun shaxsiy himoya choralari
- Yuqoridagi tavsiyalarga amal qiling («Shaxsiy himoya choralari»);
- Agar o’zingizni yomon his qilsangiz, shifokorni qo’ng’iroq qilib chaqiring va ungacha uyda qoling, hatto kasallik alomatlari yengil bo’lsa ham, masalan, bosh og’rig’i yoki burun oqishi;
- Agar sizda isitma, yo’tal yoki nafas olish qiyinligi kuzatilsa, tibbiy yordamga murojaatni kechiktirmang, chunki bu alomatlar nafas olish yo’llari infektsiyasi yoki boshqa jiddiy kasallik tufayli yuzaga kelgan bo’lishi mumkin. Darhol tibbiy muassasa bilan bog’lanib, mutaxassisga so’nggi safar yoki sayohatchilar bilan bo’lgan aloqalar to’g’risida xabar bering.
Inkubatsiya davri
Inkubatsiya davri — bu infektsiyalanish va kasallikning klinik belgilarining boshlanishi o’rtasidagi vaqt. Ko’pgina hisob-kitoblarga ko’ra, COVID-19`ning inkubatsion davri 1 kundan 14 kungacha muddatni tashkil qiladi va ko’pincha besh kundan oshmaydi.
COVID-19 bilan kasallanish ehtimoli
Xavf darajasi mintaqa va kishi yaqinda tashrif buyurgan joylar geografiyasiga qarab belgilanadi. Infektsiya bilan zararlanish xavfi COVID-19 holatlari keng tarqalgan mintaqalarda yuqoridir.
COVID-19`dan qo’rqish kerakmi
Agar sizning mintaqangizda COVID — 19 ro’yxatga olinmagan bo’lsa, kasallik ro’yxatga olingan mintaqalarning birortasiga tashrif buyurmagan bo’lsangiz va alomatlari bo’lgan odam bilan aloqa qilmagan bo’lsangiz, infektsiya yuqishi xavfi past ko’rsatkichlarni tashkil etadi.
Biroq, vaziyat tushunarli sabablarga ko’ra tashvishlantirishi va xavotir uyg’otishi mumkin. Faktlarni bilish xavf-xatarni yaxshiroq baholashga va tegishli choralar ko’rishga yordam beradi. COVID-19 va uning yashash joyingizdagi tarqalishi to’g’risida aniq ma’lumotni markaziy sog’liqni saqlash boshqarmasi manbalaridan olish mumkin.
Agar siz COVID-19 tarqalish mintaqasida bo’lsangiz, zararlanish ehtimoliga nisbatan jiddiy munosabatda bo’lishingiz kerak. Sog’liqni saqlashning markaziy va mahalliy organlari ko’rsatmalariga rioya qiling. Ko’pgina hollarda, COVID-19 yengil kechish bilan ajralib turadi, ammo ba’zi odamlarda infektsiya juda og’ir kechadi. Kamdan-kam hollarda kasallik o’limga olib kelishi mumkin.
Kasallikning og’ir kechishi
COVID-2019 haqidagi ma’lumotlar hali to’liq emas, ammo kasallikning og’ir kechishi asosan keksa yoshdagi odamlar, shuningdek, boshqa somatik kasalliklari (masalan, arterial gipertenziya, yurak kasalligi yoki diabet) bo’lganlarda kuzatiladi.
COVID-2019`ga qarshi vaktsina va dorilar
Hozirda ushbu kasallikka qarshi maxsus ishlab chiqilgan davolash choralari mavjud emas. Profilaktika yoki davolash uchun hali biron bir vaktsina yoki virusga qarshi dori ishlab chiqilmagan. Ammo alomatlarni yengillashtirish uchun bemorlarga yordam berish mumkin. Kasallik og’ir kechayotgan bemorlar kasalxonaga yotqiziladi. Hayotiy funktsiyalarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan terapevtik tadbirlar tufayli bemorlarning aksariyatida kasallik to’liq tiklanish bilan yakun topadi.
Hozirgi vaqtda aniq ta’sirga ega bo’lgan dori vositalari va vaktsinalarni qidirish ishlari olib borilmoqda. Ular klinik sinovlarda o’rganilmoqda.
O’z sog’lig’ingizni va boshqalarning salomatligini asrashning eng samarali choralaridan biri qo’llarni tez-tez yuvish, yo’talganda burun va og’izni tirsak yoki ro’molcha bilan to’sish, yo’talayotgan va akrsa urayotgan odamlar bilan kamida 1 metr masofani saqlashdir.
Antibiotiklar
Antibiotiklar viruslarga ta’sir qilmaydi, ular faqat bakterial infektsiyalarga qarshi faol hisoblanadi. COVID — 19 bu virusli kasallik, shuning uchun unga qarshi antibiotiklar qo’llash samarasiz hisoblanadi. Antibiotiklar COVID-19 ni oldini olish yoki davolash uchun ishlatilmasligi kerak. Ulardan foydalanish faqat bakterial infektsiyani davolash uchun shifokor ko’rsatmasiga binoan ruxsat etiladi.
Tibbiy niqob taqish qoidalari
Respirator kasalliklari, masalan yo’tal kabi alomatlari bo’lmagan kishilarga tibbiy taqish shart emas. JSST niqoblarni faqat COVID-19 alomatlari bo’lgan yoki yo’talish yoki isitma kabi belgilar kuzatilayotgan odamlarga taqishni tavsiya qiladi. Niqoblardan foydalanish tibbiyot xodimlari va bemorlarni parvarish qilayotgan kishilar (uyda yoki tibbiy muassasada) uchun mutlaqo zarurdir.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tibbiy niqoblardan oqilona foydalanishni, qimmatbaho resurslarni isrog qilmaslik va niqoblarni noto’g’ri ishlatish holatlarini oldini olish tarafdori bo’lib kelmoqda.
Niqobni taqish, ishlatish, yechish va yo’q qilish qoidalari
- Niqobni qo’lgan olishdan oldin uni spirt asosli mahsulot bilan tozalang yoki sovun bilan yuving.
- Teshiklar va shikastlanish yo’qligiga ishonch hosil qilish uchun niqobni tekshiring.
- Niqobda metall kiritma bor, uni yuqorida bo’ladigan qilib ushlang.
- Niqobni tashqi tomonini (yorqin rangli tomoni) yuzga qaramaydigan qilib ushlang.
- Niqobni yuzga qo’ying. Metall kiritma yoki fiksatsion qismini burun shaklida qilib buking.
- Niqobning pastki qismini og’iz va iyakni to’liq yopadigan qilib torting.
- Qo’llashdan keyin niqobni olib tashlang. Niqobni quloqqa taqiladigan elastik iplaridan ushlang va yuzingizga yoki kiyimingizga tegizmang, chunki ishlatilgan niqob mikroblr bilan ifloslangan bo’lishi mumkin.
- Ishlatib bo’lgandan keyin darhol niqobni og’zi yopiladigan idishga tashlang.
- Niqobga tekkach yoki uni yechgach qo’llarni spirtli vositalar yoki sovun bilan tozalash kerak.
Virus hayvonlardan yuqadimi
Koronaviruslar oilasi keng qamrovli viruslarni o’z ichiga oladi va hayvonlarda keng tarqalgan sanaladi. Ushbu viruslar odamlarga yuqishi va ulardan boshqa odamlarga tarqalishi kamdan-kam hollarda uchraydi. Masalan, SARC-CoV odamlarga viverralar, MERS-CoV esa bir o’rkachli tuyalardan yuqishi aniqlangan. Hayvonlar orasida SARS-CoV-2 mumkin bo’lgan manba hali aniqlanmagan.
Shaxsiy himoya chorasi sifatida, masalan, chorva mollari bozoriga tashrif buyurganda, hayvonlar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa qilmaslik, shuningdek hayvonlar aloqa qiladigan joylarga tegmaslik kerak. Oziq-ovqat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, xom go’sht, sut iste’mol qilmaslik, ularning zararlanishiga yo’l qo’ymaslik kerak.
Hozirgi paytda SARS-CoV-2 infektsiyasi uy hayvonlari (mushuklar, itlar) orqali yuqishi holatlari to’g’risida ma’lumotlar yo’q.
Virus sirtlarda qancha vaqt yashaydi
SARS-CoV-2 virusining sirtlarda omon qolish muddati hali to’liq aniq aniqlanmagan, ammo taxmin qilinishicha, ushbu ko’rsatkich bo’yicha u koronaviruslar oilasining boshqa vakillariga o’xshaydi. Tadqiqotlarga ko’ra (shu jumladan, COVID-19 patogenida), virus sirtlarda bir necha soatdan bir necha kungacha yashovchan bo’lib qoladi. Aniq muddat bir qator shartlarga bog’liq (masalan, sirt turi, harorat va namlik).
Agar virus yuzada mavjudligiga shubha bo’lsa, uni nobud qilish va himoyalanish uchun unga standart dezinfektsiyalash vositasi bilan ishlov berish zarur. Shundan so’ng qo’llarni spirt asosli vositalar bilan artish mahsulotlar yoki sovun bilan yuvishni unutmang. Ko’zga, og’izga va burunga tegish tavsiya etilmaydi.
Kasal odamdan buyurtma qilingan tovarlar orqali infektsiyani yuqishi ehtimoli juda kam. Virus sirtlarda uzoq muddat yashovchanlikni saqlay olmaydi. Har ehtimolga qarshi ularga standart dezinfektsiyalovchi vositalar bilan ishlov berish mumkin.
Nima qilish tavsiya etilmaydi
Quyidagi choralar COVID-2019 bilan kurashishga yordam bermaydi va aksincha, zarar yetkazishi mumkin:
- Chekish
- O’tlarga asoslangan xalqona tabobat vositqaalarini bul qilish;
- Bir vaqtning o’zida bir nechta niqob kiyish;
- Mustaqil davolanish, xususan antibiotiklar bilan.
Agar sizda isitma, yo’tal va nafas qisilishi kuzatilsa, infektsiyani asoratlanish xavfini kamaytirish uchun iloji boricha tezroq tibbiy yordamga murojaat qilishingiz va yaqinda tashrif buyurgan joylaringiz to’g’risida mutaxassislarga xabar berishingiz tavsiya etiladi.
Kasalliklar
Koronavirus (COVID-19) kasalligi — JSST ko’rsatmalari