Ko‘rinmas yov — IS GAZI

Ko‘rinmas yov — IS GAZI

Ko‘rinmas yov — IS GAZI

korinmas yov is gazi 660ed440ac80fIs gazi, yoki, uglerod monooksidi – CO bu – hidsiz, ta’msiz va rangsiz gaz bo‘lib, yoqilg‘ining to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi. Is gazi odamlar uchun ham va jonivorlar uchun ham zaharli hisoblanadi.

Is gazi organizmga nafas yo‘llari orqali kirib keladi va kislorodning kirishini to‘sib, organizm faoliyatini izdan chiqaradi. Organizmda kislorod yetishmovchiligi boshlangach, hammadan ham ko‘ra ko‘proq bosh miya, asab tizimi hamda, hamda yurak mushaklari bunga sezgirlik namoyon qiladi. Shu sababli ham, is gazidan zaharlangan odam vaziyatning nechog‘lik xavfli ekanini o‘zi yaxshi anglolmay qoladi. U o‘ziga nimadir bo‘layotganini bilib tursa ham, fikrini jamlay olmaydi, hushini yig‘a olmasdan, dezorientatsiyaga yo‘liqadi, hamda, o‘zini-o‘zi qutqarishga ojizlik qilib qoladi. Odam hatto uyg‘oq paytda, es-hushi o‘zida bo‘lgan, bardam, tetik holatida ham is gazining zimdan ko‘rsatayotgan ta’sirini payqashi qiyin bo‘ladi. Uyqu paytida esa odam o‘z organizmi is gazidan zaharlana boshlaganini umuman sezmay qolishi ham hech gap emas.

Is gazi paydo bo‘ladigan joylar

Is gazi odatda yonishni ta’minlash uchun yetarli kislorod bo‘lmagan holatlarda, ya’ni, yonilg‘i chala yonganda ajralib chiqa boshlaydi. Bunday holat esa pechka o‘rnatilgan xonalardagi mo‘rilarning tiqilib to‘lib qolishidan va ventilyatsiyaning nosozligidan yuzaga keladi. Ya’ni, mo‘ri tiqilib qolgan bo‘lsa va ventilyatsiya nosoz bo‘lsa, ichkariga toza havo kirmaydigan xonada yoqilgan yoqilg‘idan oddiy tutunga qo‘shilib is gazi ham ko‘p miqdorda ajralib chiqa boshlaydi. Mo‘ri berkligi sababli, ushbu tutun va is gazi hech qayoqqa chiqib ketolmasdan, xona ichida to‘plana boshlaydi va buning natijasida, o‘z navbatida xonadagi kislorod miqdori yanada kamayib boradi. Oqibatda yonishni ta’minlab turgan kislorod miqdori yanada va yanada kamayib, chala yonish esa yana kuchayib boradi. Gaz qurilmalarida hosil bo‘ladigan tutun gazlarining rangi va hidi bo‘lmaydi. Shu sababli ham tutun gazlari va is gazi xonaga sizib chiqa boshlaganini sezmay qolishi mumkin. Qozonda ovqatning kuyib ketishidan ham is gazi yuzaga kelishi va zaharlanish sodir bo‘lishi mumkin. Lekin, baribir odatda kishilarning is gazidan zaharlanishi kuzatilgan aksar holatlarda buning sababi nosoz pechka va mo‘rilar, hamda, nosoz ventilyatsiya bo‘lib chiqadi.

 

Shuni qat’iy yodda tutish kerakki, har qanday mo‘ri quvurini va ventilyatsiya sistemasini muntazam tekshirib, ko‘zdan kechirib turish kerak va bu tizimlarga davriy malakali texnik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash lozim. Mo‘ri quvurlari tiqilib qolmasligini ham jiddiy nazorat qilish kerak. Odatda, pechka yoqilmasligi sababli yoz oylarida mo‘rilarga birov e’tibor bermay qo‘yadi. Bu paytda esa mo‘ri quvurlariga qushlar in qurib olishi mumkin. Yilning sovuq payti kelgach, pechka yoqilganda esa o‘sha qush uyasi tutunning mo‘ridan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi va ichkarida zaharli gazlar to‘planishiga sabab bo‘ladi (ba’zan esa pechkaning portlashiga ham sabab bo‘lishi mumkin). Shu sababli, uylardagi mo‘rilarni har yili isitish mavsumi boshlanishidan avval albatta yaxshilab tozalash kerak. Quvur ichida havo erkin aylanishiga ishonch hosil qilish, uning so‘rish qobiliyati joyida ekaniga amin bo‘lish kerak. Ko‘p qavatli uylarning gaz qurilmalarining quvur sistemasini tozalash uchun esa bu bo‘yicha yetarli malakaga ega mutaxassislarga murojaat etish kerak. Shuningdek, hovli uylarni ham, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni ham, xullas, inson yashab, ishlaydigan har qanday xonalarni is gazini aniqlovchi datchik bilan ham jihozlash albatta foyda beradi.

Is gazi datchigikorinmas yov is gazi 660ed44171c1d

Yuqorida ham is gazining hidi, rangi va ta’mi bo‘lmasligini takror-takror aytib o‘tdik. Haqiqatan ham, hidi, rangi va ta’mi bo‘lmagani uchun, is gazini odam sezgi a’zolari payqashi juda qiyin. Shu sababli, ushbu zaharli gazning sizib chiqayotganini aniqlash uchun maxsus datchiklardan – is gazi datchiklaridan foydalanish tavsiya etiladi. Shunga e’tibor qaratish kerakki, ko‘plab bino va inshootlarda o‘rnatiladigan yong‘inga qarshi himoya tizimiga tegishli tutun datchiklari is gazini aniqlamaydi! Is gazi datchigi va tutun datchigi boshqa-boshqa narsalar bo‘ladi. Tutun datchigi ko‘z bilan ko‘rsa bo‘ladigan tutunga ishlab ketadi va yong‘in xavfsizligi tizimiga signalizatsiya beradi. Is gazi datchigi esa bizga ko‘rinmaydigan, hidi chiqmaydigan, ta’mi ham yo‘q bo‘lgan ko‘rinmas yov – CO gazini aniqlaydi. Xonada belgilangan me’yordan ortiq is gazi miqdori aniqlanishi bilan is gazi datchigi trevoga signalizatsiyani ishga tushiradi va havodagi is gazi konsentratsiyasi odam salomatligi uchun xatarli darajaga yaqinlashib kelayotgani haqida xabar beradi. Shuningdek, yana shuni bilishi kerakki, is gazi datchigi tabiiy gazning sizib chiqishi yuz berayotganligini ham aniqlamaydi. Uning uchun ham boshqa datchik qo‘llaniladi. Lekin, odatda tabiiy gazning sizib chiqishini odam tez payqaydi. Chunki, tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazib berishda unga maxsus qo‘lansa modda – merkaptanlar qo‘shiladi. Hidi o‘ta o‘tkir va juda sassiq bo‘lgan Merkaptan tufayli tabiiy gaz sizib chiqishini odam burni ilg‘ab oladi. Is gaziga esa bunday qo‘shimcha kiritib bo‘lmaydi. Chunki, yuqorida aytilgandek, u yonilg‘ining chala yonishidan hosil bo‘ladi.

Is gazi datchigini qanday holatlarda o‘rnatish kerak?

Agar uyingizda:

  • Gaz uskunalari – gazda ishlovchi boyler, yoki gazda ishlovchi bug‘-qozon bo‘lsa;
  • Qattiq yoqilg‘i – ko‘mir, o‘tin, koks, torf va ho kazolarni yoqib isitadigan pechka, kamin, plita, o‘choq va boshqalar bo‘lsa,

xavfsizlik nuqtai nazaridan, albatta is gazi datchigi o‘rnatish tavsiya etiladi.

korinmas yov is gazi 660ed4422fa90

Ayrim mamlakatlarda, xususan Estoniyada gaz qurilmalari, pechka va ularga ulangan mo‘rikonlar mavjud bo‘lgan barcha turar joy binolarida is gazi datchigi o‘rnatilishi majburiy etib belgilangan.

Is gazi datchigini tanlash va xarid qilishda uni qanday xona uchun mo‘ljallab olinayotganini e’tiborga olish zarur. Masalan, vannaxonaga o‘rnatish uchun datchik olayotgan bo‘lsangiz, u albatta namlikka bardoshli, suvdan himoyalangan turdagi datchik bo‘lishi kerak. Datchikning namlikka chidamliligi haqidagi ma’lumot odatda uning yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Hozirgi kunda bozorda is gazi datchiklarining turli xillari mavjud. Ularning eng soddalari is gazi aniqlanganda shunchaki tovushli trevoga signali chiqarsa, boshqalari o‘z ekranida xonadagi havo namligi, harorati, is gazining joriy konsentratsiyasi va ho kazo ma’lumotlarni ham ko‘rsatib turadi. Hattoki, internet orqali masofadan ulansa bo‘ladigan va ko‘rsatkichlarini smartfondan ko‘rish mumkin bo‘lgan datchiklar ham mavjud. Lekin, datchikni tanlashda eng asosiysi uning sifatiga e’tibor berish kerak. Arzon-garov, lekin, is gazi chiqqanda aniqlay olmay pand berib qo‘yadigan qalbaki datchiklardan ehtiyot bo‘lish kerak. Qolaversa, datchikning ta’minoti qanday ekaniga ham diqqat qaratish kerak. Ixcham turdagi datchiklar odatda oddiy AA yoki AAA turidagi batareykadan ishlaydi. Ko‘p funksiyali is gazi datchiklari uchun esa zaryadlab turiladigan akkumulyator o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, basharti siz is gazi datchigi xarid qilishga va uyingizga o‘rnatishga qaror qilgan bo‘lsangiz, bu eng avvalo o‘zingiz va oilangiz xavfsizligi uchun xarid qilayotganligingiz sababli, sifat sertifikatiga ega bo‘lgan, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan nazorat-tekshiruvidan o‘tkazilgani haqidagi qayd (OTK muhri) mavjud bo‘lgan va albatta mukammal foydalanish yo‘riqnomasiga ega bo‘lgan datchikni xarid qiling.

Odatda, is gazi datchiklaridagi korxona sozlamalari bo‘yicha, xonadagi is gazi miqdori ikki soatdan ziyod vaqt mobaynida 30 ppm dan baland holda saqlanib tursa, tovushli signalizatsiya ishga tushadi. Bu odatda ogohlantiruv signalizatsiyasi bo‘ladi. Ya’ni, bu degani, odamga xonada is gazi sizib chiqishi mavjudligi haqida xabar yetkazilishi kerak bo‘lgan miqdor demakdir. Shuningdek, xonadagi is gazi miqdori har qanday qisqa vaqt ichida bo‘lsa ham (ikki soat kutmasdan), birdaniga 300 ppm va undan ortiq miqdorda yuzaga kelsa, is gazi datchigi darhol ishga tushib, trevoga beradi. Trevoga signalizatsiyasi is gazi konsentratsiyasi 50 ppm dan pasayishi bilan o‘zi o‘chadi. Bular is gazi datchiklari uchun standart sozlamalar hisoblanadi va maishiy turmushdagi xavfsizlik uchun ayni shu sozlamalar odatda yetarli bo‘ladi.

Datchikning sifatini aniqlashda esa quyidagilarga e’tibor qilish kerak:

  • Unda CE markirovkasi bo‘lishi kerak. Bu markirovka ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi korxona tomonidan, ushbu datchikning mehnat muhofazasi va gigiyena talablariga muvofiq ekanini kafolatlashini bildiradi.
  • Datchikda ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlar va datchik modeli aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak;
  • Qaysi gazni aniqlashi haqida ma’lumot keltirilgan bo‘lishi kerak;
  • Datchikning seriya raqami va ishlab chiqarilgan oy-kun-yil haqidagi ma’lumotlari;
  • Qanday tok manbaidan ta’minot olishi, qanday batareyka qo‘yilishi kerakligi, yoki, agar elektr tarmog‘iga suqilgan holda ishlaydigan datchik bo‘lsa, nominal iste’mol kuchlanishi, tok chastotasi, quvvatiga qo‘yiladigan talablar ko‘rsatilishi kerak;
  • Qurilmaning tavsiya etilgan xizmat muddati (almashtirish muddati. Bunda odatda datchikning sezgir elementining o‘rtacha xizmat muddati ko‘zda tutiladi va shu sababli, ushbu muddat kelgach, datchikni almashtirish tavsiya etiladi);
  • Va albatta, datchikning o‘rnatish va foydalanish yo‘riqnomasi bo‘lishi kerak.

O‘zini hurmat qilgan ishlab chiqaruvchilar odatda ushbu ma’lumotlarning barchasini datchikning korpusining o‘zida, hamda, qadoq idishida ham ko‘rsatib o‘tishadi. Yo‘riqnoma esa qadoqqa datchik bilan qo‘shib solingan bo‘ladi. Xarid qilayotganda albatta uning mavjudligini tekshirish, hamda, sotuvchidan datchikdan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha maslahat (konsultatsiyalarni) olish zarar qilmaydi. Undan ham yaxshisi, bunday datchiklarni o‘rnatish va ishlatish borasida tajriba malakasiga ega bo‘lgan ustalarga murojaat etgan afzal.

Is gazi datchigini qayerlarga o‘rnatish kerak?

Yuqorida ham aytilganidek, is gazi datchiklarining turi ko‘p. Shu sababli, datchikni qayerga o‘rnatish masalasida, avvalo uning yo‘riqnomasiga murojaat etish kerak. Is gazi datchigini o‘rnatish borasidagi eng maqbul joy bir necha omilga ko‘ra, xususan, xonaning rejasi (planirovkasi), pech, qozon, o‘choq va ho kazolarning joylashuvi, mo‘rining joylashuvi, ventilyatsiya sistemasining joylashuvi, xonadagi odamlarning joylashuviga qarab tanlanadi. Datchikni ishlab chiqaruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq ravishda o‘rnatiladi. Biroq, har qanday holatda ham, is gazi datchigini hech qachon ventilyatsiya sistemasining so‘rish yoki xonaga havo haydash nuqtasining oldiga, yoki, tashqaridan havo kirib turadigan ochiq joylar (masalan tirqishlar) yaqiniga o‘rnatib bo‘lmaydi. Chunki, bu joylarda tashqaridan muttasil kislorod kirib turishi tufayli, is gazi miqdori xonaning boshqa qismidagidan ko‘ra doim kam bo‘ladi. Agar xonadon bir necha qavatdan iborat bo‘lsa, unda is gazi datchigini har bir qavatda o‘rnatish tavsiya etiladi. Agar imkon bo‘lsa, is gazi datchigini har bir xonada – yotoqxonalarda, bolalar xonasida, oshxonada, garajda, hamda, is gazi manbai – o‘tin-ko‘mir pechka, gaz qurilmalari, o‘choq, tandir singarilar bo‘lgan har qanday joylarda o‘rnatish kerak.

Shuni yodda tutish kerakki, bitta is gazi datchigi bitta xonaga o‘rnatish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. U hech qachon qo‘shni xonadagi, yoki tutash yo‘lak (koridor) dagi is gazi miqdorini aniqlay olmaydi. U faqat o‘zi turgan xonadagi is gazi miqdorini o‘lchaydi va me’yoridan oshib ketsa, signalizatsiya beradi. Yana takrorlab aytamizki, is gazi datchigi tabiiy gaz sizib chiqishini, yoki, tutunni (ya’ni, yong‘inni) aniqlamaydi! U faqat insonni zimdan zaharalaydigan ko‘rinmas yov – is gazini, ya’ni, CO ni aniqlaydi.

korinmas yov is gazi 660ed4433616c

Is gazi datchigini quyidagi joylarda o‘rnatish mumkin emas:

  • Suv jo‘mraklari (rakovina, vanna) ustida, gaz plitasi tepasida;
  • Mebel yoki pardalar orqasida, bular datchikning sezgir elementiga is gazi yetib kelishini to‘sib qo‘yadi va natijada, xonada potensial zaharli is gazi miqdori to‘planib qolsa ham datchik sezmay qolishi mumkin;
  • Harorat 10 ℃ dan pasayib, yoki, 40 ℃ dan ortib ketadigan joylarda;
  • Datchikka mexanik ziyon yetishi ehtimoli bo‘lgan joylarda (masalan, devorning eshik ochilganda borib uriladigan qismida), shuningdek, yosh bolalar o‘ynab sindirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan joyda;
  • Chang va axlat to‘planadigan, namlik yig‘iladigan joylarda;
  • Xonadan tashqarida;
  • Shkaflar ichida.

Har qanday texnika vositasi singari, is gazi datchigiga ham muntazam texnik xizmat ko‘rsatib turish talab etiladi. Bunda, iloji boricha kamida bir oyda bir marotaba is gazi datchigining holatini tekshirish kerak bo‘ladi. Odatda, ishlab chiqaruvchilar buning uchun maxsus tugma nazarda tutgan bo‘ladi. Ko‘plab turdagi is gazi datchiklarida, qurilmaning ishchi holatda ekanini tekshirish uchun «Test» yozuvi bor qalin tugmani bosish kerak bo‘ladi. Agar datchik soz ishlab turgan bo‘lsa, u maxsus tovushli signal beradi. Shuningdek, is gazi datchigini muntazam ravishda changdan tozalab, artib turish kerak. Agar is gazi datchigi batareykadan ishlaydigan turdagisi bo‘lsa, batareykalarni yangilab turish, agar akkumulyatorli datchik bo‘lsa, akkumulyator zaryadi kamayib ketishini oldini olish zarur. Agar is gazi sizib chiqishi sodir bo‘lsa-yu, lekin, shu oddiy batareykaning quvvati yetmaganligi uchun datchik ishlamay qolsa, juda-juda alamli bo‘ladi albatta…

Is gazi datchigi ishga tushganda nima qilish kerak?

  1. Zudlik bilan eshik va derazalarni ochib, xonani shamollatish kerak;
  2. Agar jabrlanganlar bo‘lsa, ularni toza havoga olib chiqish, zaharlanish simptomlari (bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qusish) ga ega shaxslar mavjud bo‘lsa darhol tez tibbiy yordam chaqirish lozim (odatda tez tibbiy yordam 103 tezkor chaqiruv qo‘ng‘irog‘i bilan chaqiriladi).
  3. Is gazi ajralib chiqishiga sabab bo‘lgan qurilmalarini – pechka, gaz plitasi, gazda ishlovchi bug‘-qozonlari, o‘choq va ho kazolardagi olovni ochirish kerak;
  4. Xonada is gazi to‘planib qolishiga sabab bo‘lgan omilni – tiqilib qolgan mo‘rilarni, yoki, nosoz dudbo‘ronlardagi muammoni bartaraf eta oladigan malakali mutaxassislarni chaqirish lozim (odatda gaz qutqaruv xizmati – 104 tezkor chaqiruv qo‘ng‘irog‘i, yoki, favqulodda vaziyatlarda qutqaruv otryadi 1050 tezkor chaqiruv qo‘ng‘irog‘i bilan chaqiriladi).

Is gazidan zaharlanish simptomlari qanday bo‘ladi?

Is gazidan zaharlanish simptomlari nafas orqali organizmga qabul qilingan is gazi hajmiga bog‘liq bo‘ladi. Yengil darajada zaharlanish sodir bo‘lganda bemorda bosh og‘rishi, bosh aylanishi, quloq shang‘illashi, havo yetishmayotganidek tuyulishi, ko‘ngil aynishi, umumiy holsizlik va loqaydlik (reaksiyaning susayishi) kuzatiladi. Zaharlanish kuchliroq bo‘lsa, organizmdagi motorik funksiyalarning izdan chiqishi sodir bo‘ladi. Bunda odam o‘zi hali hushida bo‘lsa ham va vaziyatning xavfli ekanini anglab tursa ham, lekin zaharli joyni mustaqil ravishda tark etib chiqib keta olmay qoladi. Chunki unga oyoq-qo‘llari bo‘ysunmay qo‘ygan bo‘ladi. Shundan ko‘p o‘tmay u hushini yo‘qotishi mumkin. Agar zaharlangan shaxsga zudlik bilan yordam ko‘rsatilsa, is gazidan zaharlanish simptomlari o‘tib ketadi va odam to‘liq tuzalib ketadi. Lekin, agar zaharlanish ta’siri uzoq davom etsa, unda bemor chuqur behushlik holatiga, ya’ni, komaga tushib qolishi mumkin. Bu esa hayot uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Quyidagi jadvalda is gazining turli konsentratsiyalariga mos keladigan zaharlanish simptomlari ko‘rsatilgan:

CO konsentratsiyasi (ppm)

Ta’siri va simptomlarning vaqt mobaynida yuzaga chiqish

20 ppm

Is gazining past konsentratsiyasi. Bunday muhitli xona sharoitida hatto 8 soat mobaynida ishlaganda ham odamda hech qanday zaharlanish simptomlari yuzaga kelmaydi. Shunga qaramay, baribir xonani davriy shamollatish, isitish uskunalarining sozligini muntazam nazorat qilish va vaziyatni kuzatib borish zarur.

50 ppm

Holsizlik. Jismoniy zo‘riqish bilan bog‘liq harakat qilganda havo yetishmayotganidek his paydo bo‘ladi

100 ppm

Bunday konsentratsiya odam uchun 15 daqiqagacha xavfsiz bo‘ladi. Agar odam 15 daqiqadan ortiq vaqt mobaynida 100 ppm dan ziyod konsentratsiyali is gazi bor muhitda bo‘lsa, boshda chakkalarning lo‘qillab og‘rishi, esnash, uyqu bosishi, hamda, jismoniy zo‘riqish bog‘liq harakat qilganda xuddi havo yetishmayotganidek his paydo bo‘ladi

200 ppm

2-3 soat mobaynidagi 200 ppm is gazi konsentratsiyali muhit tufayli odamda boshning lo‘qillab og‘rishi, uyqu bosishi, horg‘inlik, asabiylik hamda ko‘ngil aynishi yuzaga keladi

300 ppm

1-2 soat ichida qusish, uyquchanlik, taxikardiya, bosh og‘rishi, hushdan ketishdan avvalgi holat va ko‘rish buzilishi paydo bo‘ladi

400 ppm

Uch soat ichida bunday yuqori konsentratsiya is gazi muhitida bo‘lgan odam uchun hayot uchun xavfli miqdor hisoblanadi. Kuchli bosh og‘rishi va qattiq bezovtalik kuzatiladi

600 ppm

Ikki soatlik konsentratsiyasi hayot uchun juda xavfli. Ko‘ngil aynishi, kuchli bosh og‘rig‘i, hushdan ketishga yaqin qolish, ko‘rish buzilishi yaqqol yuzaga keladi.

800 ppm

Juda kuchli bosh og‘rishi, qattiq bezovtalik. Bir soat mobaynidagi ushbu konsentratsiya hayot uchun o‘ta xavfli bo‘ladi.

1000 ppm

Bunday konsentratsiyadagi 20 daqiqa ham hayot uchun juda xavfli, unda bemorda qattiq bezovtalik, o‘zini aqldan ozgandek tutishi, tutqanoq paydo bo‘lishi, hushdan ketishi, qon aylanishining buzilishi va kislorod yetishmovchiligi yuzaga keladi. 1 soat ichida bemor o‘ladi.

 

Jadvaldagi ppm o‘lchov birligi bu – is gazining milliondan bir konsentratsiyasi (inglizcha parts per million) degani bo‘lib, 1 ppm = 0,001 ‰ = 0,0001 % bo‘ladi.

Xotima o‘rnida yana bir qisqacha eslatmalar:

  • Xonadoningizga albatta is gazi datchigi o‘rnating. U zaharlanish xavfidan ogohlantiradi.
  • Mo‘rilar, pechkalar va qaz qurilmalarining sozligini muntazam nazorat qiling, buning uchun imkoni boricha malakali mutaxassislarni jalb qiling.
  • Mo‘rilarni va ventilyatsiya sistemalarini kamida har yili bir marta yaxshilab tozalang, o‘tkazuvchanligini nazorat qiling.
  • Har qanday yangi isitish uskunasini o‘rnatishda, yoki mavjudlarining joyini o‘zgartirishda bu orqali is gazi sizib chiqish xavfi va yong‘in chiqish yuzaga kelmasligini jiddiy o‘ylab, puxta hisoblab ko‘ring.
  • Yodda tuting – is gazini odam sezgi a’zolari payqashi juda-juda qiyin, chunki uning hidi, ta’mi va rangi bo‘lmaydi!
  • Is gazini sezsangiz, yoki, is gazi datchigi signalizatsiya bersa, darhol, zudlik bilan eshik va derazalarni ochib, xonani shamollating.
  • Zaharlanish simptomiga ega shaxslar bo‘lsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqiring!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Maqolalar
Ko‘rinmas yov — IS GAZI

Manba:orbita.uz