KOPROFAGLAR

KOPROFAGLAR

KOPROFAGLAR (yun. Kopros — goʻng, tezak va… fagiya) — hayvonlar (asosan, sut emizuvchilar) tezagi bilan oziqlanadigan hayvonlar. Umurtqasiz hayvonlardan kamtukli chuvalchanglar, hasharotlardan goʻngxoʻr qoʻngʻizlar, ikki qanotlilar qurtlari, orabatid kanalar va b. da uchraydi. Ayrim goʻngxoʻr qoʻngʻizlar muayyan turga mansub hayvon tezagi bilan oziqlanishga ixtisoslashgan (mas, Aphodius fossor, onthophagus taurus faqat qoramollar tezagi bilan oziqlanadi). Koprofaglar kemiruvchilar va tovushqonsimonlar orasida ham uchraydi. Ular oʻz tezagini yeydi, yaʼni oziq ikki qayta ichaqdan oʻtadi. Bu holat Koprofaglar hazm qilish jarayoni samaradorligini oshiradi, chunki tezak kletchatka va b. uglevodlarni parchalaydigan mikrofloraga boy boʻladi. Tezak ichak orqali qayta oʻtkazilganida undan ichak mikroflorasi ishlab chiqaradigan azotli moddalar, jumladan, aminokislotalar va vitaminlar qayta hazm boʻladi. Koʻpchilik umurtqasiz hayvonlar, mas, termitlar, chumolilar fakultativ Koprofaglar hisoblanadi. Ular koprofaglik tufayli ichak mikroflorasiga ega boʻladi.

Ensiklopediya.uz
KOPROFAGLAR