KOPENI CHAATASI

KOPENI CHAATASI

KOPENI CHAATASI (xakascha chaatas — jang toshi) — xakaslarning ajdodi Yenisey qirgʻizlarining mozorqoʻrgʻoni (7—8-a. lar). Yeniseyning soʻl sohili, Xakasiya (RF)dagi Kopeni qishlogʻi yaqinidan topilgan. Koyatosh boʻlaqlaridan ishlangan, diametri 20 — 30 m keladigan bir qator qoʻrgʻonlardan tashqil topgan. Ularda qabila zodagonlari dafn etilgan; tevarak-atrofida oddiy qabila aʼzolarining qabrlari joylashgan. 1939—40 y. larda L. A. Yevtyuxova va S. V. Kiselev kazishma ishlari olib borganlar. Mayyitlar kuydirib dafn etilgan; qabrlar qad. zamonlarda va 18a. boshida gʻorat qilinib talangan. Biroq qazishmalar paytida qabrlar yonidan xufiya joylar aniqlanib ulardan ajoyib sanʼat asarlari, jumladan, oltin idish, kumush tovoqda turgan 4 ta oltin koʻza, ot egarining ov manzarasi aks ettirilgan jez toʻqachalari topilgan. 2 oltin koʻzada qad. urxun-yenisey alifbosida bitilgan yozuvlar boʻlib, unga koʻra koʻzalar fuqarolarning bekka toʻlagan soliklari oʻrnini bosgan. Kopeni Chaatasi buyumlari qad. mahalliy anʼanalar asosida mahalliy ustalar tomonidan yaratilgan.

Ensiklopediya.uz
KOPENI CHAATASI