KONSTRUKTIV MANTIQ
KONSTRUKTIV MANTIQ (lot. constructo — tuzish, qurish, yasash) — matematik mantiqdagi yoʻnalish. Asoschilari: L. Brauer, G. Veyl, A. Geyting va b. Chekli koʻp obyektlarga mansub boʻlgan prinsiplarni cheksiz koʻp obyektlarga qoʻllashni inkor etadi (mas, butunning qismdan kattaligi haqidagi qoida). Cheksizlik tushunchasi klassik (anʼanaviy) mantiq va Konstruktiv mantiqda turlicha talqin etiladi. Klassik mantiq cheksizlikni tugal mavjud deb, Konstruktiv mantiq esa nooshkor shakllanayotgan deb qaraydi. Konstruktiv mantiq uchun obyektlar va umuman mantiqiy matematik nazariyalarni induktiv tuzish (konstruksiyalash) xarakterli. Ayrim olimlar Konstruktiv mantiq prinsiplariga asoslanib, hoz. zamon matematik mantiq va mat. ning asosiy natijalarini qayta koʻrib chiqishga urinmoqdalar.
Ensiklopediya.uz
KONSTRUKTIV MANTIQ