Konstitutsiya tushunchasi, mohiyati va belgilari to’liq malumot oling
Konstitutsiya tushunchasi, mohiyati va belgilari.
Konstitutsiya lotincha “constitution” so`zidan olingan bo`lib, “o`rnataman” degan ma’noni beradi. Lotinchadan olinganining sababi qadimgi Rim imperiyasi davrida davlat boshlig`i – imperatorlar tomonidan xuddi shu nom bilan ataladigan va qonunga teng bo`lgan normativ hujjatlar qabul qilingan. Hozirgi zamon ma’nosini beradigan «Konstitutsiya» tushunchasi XVIII asr oxirida paydo bo`lgan va dunyoda birinchi Konstitutsiya sifatida 1787 yilda qabul qilingan AQSH Konstitutsiyasi tan olinadi. Konstitutsiyaga hozirga qadar juda ko`plab nazariyotchilar tomonidan ta’riflar berilgan.
Konstitutsiya – bu prinsipial ahamiyatga ega bo`lgan huquqiy normalarni o`zida mujassam etgan va davlat hokimiyatini amalga oshirish me’yorini belgilovchi davlatning asosiy qonuni bo`lib, unda davlatning qurilishi, huquqiy tizimi hamda eng asosiysi davlat bilan aholi o`rtasidagi munosabatlar aks etgan yuridik hujjatdir.
Konstitutsiyaga tushuncha berishda ko`pchilik konstitutsionalistlar uning mohiyatidan kelib chiqadi. Konstitutsiya mohiyatiga turlicha yondashuvlar mavjud:
Birinchidan, Konstitutsiyalar shunday jamiyatda qabul qilinadiki, bunda bu jamiyatlar ijtimoiy tuzumida inqilobiy o`zgarishlar ro`y berib, davlat hokimiyatiga egalik qiladigan bir ijtimoiy guruh vakillari o`rnini boshqa ijtimoiy guruh egallab olganda Konstitutsiya siyosiy muvozanatni, kuchlar nisbatini saqlab turadi (Masalan, qirol hokimiyati cheklanib, parlamentning mavqei oshganda).
Ikkinchidan, ko`pincha Konstitutsiyalarda, ular qabul qilingan paytdagi davlat hokimiyatiga ta’siri katta bo`lgan siyosiy kuchlarning manfaatlari ko`proq aks etgan bo`ladi (Masalan, Fransiyaning 1946 yilgi Konstitutsiyasida fashizm ustidan qozonilgan g`alaba, siyosiy maydonda millatchilik kayfiyatiga qarshi kuchlar, harakatlarning ta’sirini oshgani o`z ifodasini topgan).
Aksariyat xorijiy mamlakatlarda ushbu bosh manba “Konstitutsiya” deb atalsa, ayrim davlatlarda Konstitutsiyalar o`ziga xos nomlarga ega. Masalan, Germaniyada “Asosiy qonun”, Kolumbiyada “Siyosiy konstitutsiya”, Monakoda “Konstitutsion ordanans” deb nomlanadi.
Uchinchidan, Konstitutsiyalar real hayotda davlat hokimiyatiga xalq egalik qiladigan jamiyatlardagina qabul qilinadi. Bunday jamiyatlar ko`pincha demokratik jamiyat sifatida e’tirof etiladi.
Dunyo konstitutsionalizmi o`zining rivojlanishi mobaynida tarixdagi ko`plab ijtimoiy –siyosiy voqeliklar ta’siri ostida bo`lib keldi. Shuning uchun turli davrlarda ko`plab mamlakatlar tomonidan qabul qilingan Konstitutsiyalar, ularda mustahkamlangan normalar va tartibga solingan ijtimoiy munosabatlar ko`lamiga qarab, shuningdek Konstitutsiyalar qabul qilingan davr talablaridan kelib chiqib, ularni mazmunan har xil rivojlanish bosqichlariga bo`lish mumkin. Albatta bunda Konstitutsiyalar yillar sayin mazmunan boyib, mukammallashib borgan. Hozirda aksariyat adabiyotlarda Konstitutsiyalarning rivojlanish bosqichlari to`rtga bo`lib o`rganiladi.
Birinchi bosqich XVIII asr oxiridan XX asr boshlarigacha davom etib, bu konstitutsiyalarga AQSH Konstitutsiyasidan tashqari, Polsha va Fransiyaning 1791 yilda, Norvegiyaning 1814 yilda, Belgiyaning 1831 yilda, Lyuksemburgning 1868 yilda, Shveysariyaning 1974 yilda qabul qilingan Konstitutsiyalari misol bo`ladi. Bu bosqichda qabul qilingan Konstitutsiyalar faqat davlat hokimiyatini amalga oshirish, davlat organlari faoliyatini va o`zaro munosabatlarini tartibga solish bilan cheklanib qoldi. Fuqarolarning huquq va erkinliklariga kam e’tibor berilib, faqat ayrim tabiiy huquqlari e’tirof etildi. Bu albatta bir tomondan o`sha davr uchun katta yutuq ham edi.
Ikkinchi bosqich Konstitutsiyalariga ikkita jahon urushi oralig`ida qabul qilingan sobiq Ittifoq Konstitutsiyalari, sharq mamlakatlaridan Turkiya, Eron, Misr kabi davlatlarda an’anviy musulmon huquqiga asoslangan Konstitutsiyalar qabul qilindi. Bu davrga kelib fuqarolarning sotsial huquq va erkinliklari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi. Shuningdek, Konstitutsiyalarda bu davrga kelib ancha murakkablashgan davlat boshqaruvi, ijro hokimiyatining kuchayib ketishi kabi unsurlar ham o`z aksini topdi.
Uchinchi bosqich ikkinchi jahon urushidan o`tgan asrning 80 yillariga qadar davom etib, bu davr chinakam konstitutsionalizm davri bo`ldi. Chunki aynan shu yillarda dunyo xaritasida juda ko`plab davlatlar paydo bo`lib, bir necha o`nlab Konstitutsiyalarni qabul qilinishiga olib keldi. Shuningdek, jahon taraqqiyoti yangi bosqichga qadam qo`yganligi bois ayrim davlatlarda konstitutsiyalar qayta qabul qilindi (masalan, Germaniya, Yaponiya, Italiya va Fransiyada). Bu bosqich Konstitutsiyalarining o`ziga xos xususiyatlari: ilk bora siyosiy partiyalar faoliyati Konstitutsiyalarda keng qamrovli tarzda mustahkamlandi, iqtisodiyotning konstitutsiyaviy asoslari va boshqa ko`plab yangi-yangi huquqiy institutlar vujudga keldi. Inson huquqlariga birinchi o`ringa ko`tarildi.
To`rtinchi bosqich hozirgi zamon Konsitutsiyalari bo`lib, unda asosan barcha narsa inson uchun degan g`oyaga tayanadi hamda inson omili hamma narsadan ustunligi e’tirof etiladi. Shuningdek, globallashib borayotgan ekologik muommolar ham konstitutsiyaviy darajada o`z yechimini topgan. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham aynan shu davr Konstitutsiyalari turkumiga kiradi.
O`zbekiston Respublikasi ham o`zining konstitutsiyaviy rivojlanish tarixiga ega va bu davrlarni shartli ravishda uchga bo`lib o`rganishimiz mumkin.
1. O`zbekiston tarixida ilk Konstitutsiya 1918 yilda qabul qilingan Turkiston ASSR ning Konstitutsiyasi hisoblanadi. Ushbu Konstitutsiya birinchi davr Konstitutsiyalariga misol bo`lib, ular qatoriga BXSR (Buxoro Xalq Sovet Respublikasi) hamda XXSR (Xorazm Xalq Sovet Respublikasi)ning Konstitutsiyalari ham kiradi.
2.
Bilasizmi, Fransiya tarixida hozirga qadar 17 marotaba Konstitutsiya qabul qilingan bo`lib, oxirgisi esa 1958 yilgi Konstitutsiya hisoblanadi.
1924 yilda o`tkazilgan milliy chegaralanishdan so`ng vujudga kelgan O`zbekiston SSR Konstitutsiyalari (1927, 1937, 1978).
3. Bosh qomusimiz bo`lmish mustaqil O`zbekiston Respublikasining 1992 yil 8 dekabrdagi Konstitutsiyasi.
Konstitutsiya eng muhim hujjat sifatida quyidagi yuridik belgilarga ega:
— Konstitutsiya-davlatning asosiy qonunidir. Har bir demokratik davlatda Konstitutsiya muqaddas sanalib unga so`zsiz amal qilish lozim. Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, Konstitutsiyaning asosiy qonun sifatida mavqeini saqlab qolish bilan barobar.
— Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega. Har qanday davlatni olib qaramaylik u o`zining milliy qonunchilik tizimiga ega bo`ladi. Qonunchilik tizimi esa biror bir huquqiy asosga tayanishi muqarrar va bu asos rolini Konstitutsiya bajaradi. Har bir qonun va qonun osti normativ hujjatlar albatta Konstitutsiyaga asoslanishi shart.
Konstitutsiya tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarni muhimligi va tartibga solib turuvchi normalarini birlamchi ravishda tan olinishi boshqa normativ hujjatlarni konstitutsiyalarga mosligini tekshirish uchun alohida huquqiy himoya mexanizmini ham talab qiladi.
— Konstitutsiya o`zining alohida obyektiga ega bo`ladi. Jamiyatda shunday munosabatlar mavjudki ularni faqat Konstitutsiya darajasida tartibga solish kerak. Masalan, davlat hokimiyatini amalga oshirish prinsiplari, davlatning boshqaruv va tuzilish shaklini belgilash, oliy davlat organlarining maqomini mustahkamlash kabi masalalar.
— Konstitutsiya — alohida tartibda qabul qilinadi va o`zgartiriladi. Konstitutsiyalarni qabul qilish va unga o`zgartirishlar kiritish oddiy qonunlarni qabul qilish va o`zgartirishdan farq qilib, parlament tomonidan malakali ko`pchilik ovoz asosida yoki referendum orqali hal qilinadi. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o`zgartirishlar tegishincha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko`pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki O`zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi.
— Konstitutsiya-muhim siyosiy hujjatdir. Chunki, davlat siyosiy tizimining asosini tashkil etadi. Ushbu tizim mamlakatning olib borayotgan siyosiy maydondagi faoliyati orqali jamiyatda inson huquqlari va erkinliklarining buzilishidan himoya etish uchun xizmat qiladi. Shuningdek unda boshqa siyosiy yo`nalishlar ham aks etishi mumkin.
— Konstitutsiya barcha huquq tarmoqlarining asosini tashkil etadi. Konstitutsiya milliy qonunchilikda mavjud barcha huquq tarmoqlari uchun fundamental ahamiyat kasb etadi.
1[3] U.Tadjixanov, H.Odilqoriyev, A.Saidov. O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy huquqi., “Sharq” ,Toshkent 2001y. IIV. Akademiyasi. 85-86 betlar.
Aim.uz
Darsliklar
Konstitutsiya tushunchasi, mohiyati va belgilari