KONOVALOV QONUNLARI haqida

KONOVALOV QONUNLARI haqida

KONOVALOV QONUNLARI

KONOVALOV QONUNLARImuvozanat holatidagi ikki komponentli sistemaning suyuq va bugʻ fazalar tarkibining t-ra yoki bosim oʻzgarishiga bogʻlikligini ifodalaydigan 3 qonun. 1-qonun — oʻzgarmas t-rada (T-const) bugʻ tarkibida eritmadagiga qaraganda koʻproq (yoki ozroq) mikdorda boʻlgan komponentning konsentratsiyasi ortganda eritmaning bugʻ bosimi ham ortadi (yoki kamayadi). 2-qonun — oʻzgarmas t-rada muvozanat bosimining eritma tarkibiga yoki oʻzgarmas bosimda (P-const) qaynash t-rasi (kondensatsiya)ning konsentratsiyaga chiziqli bogʻliqligining ekstremum nuqtasida muvozanatda boʻlgan suyuqlik va bugʻ tarkiblari mos keladi. 3-qonun — oʻzgarmas t-ra va bosimda suyuq eritma bilan bugʻ tarkibi bir yoʻnalishda oʻzgaradi. Konovalov qonunlari suyuq va bugʻ fazalaridan iborat ikki komponentli sistemalar uchun 1881—84 y. larda D. P. Konovalov tomonidan nazariy asoslangan va amaliy tasdiqlangan. 1876—78 y. larda J. U. Gibbs bu qonunlarni umumlashtirgan holda keltirib chiqargan. Konovalovning 2 – qonuni koʻpincha Gibbs-Konovalov qonuni deb ataladi; uni koʻp komponentli sistemalarga ham tatbiq etish mumkin. Konovalov qonunlari fazalar muvozanati diagrammalarini tuzishda, suyuqlik — bugʻ muvozanati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni amaliy jihatdan tahlil qilishda, moddalarni rektifikatsiya yoʻli bilan ajratish usullarini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.

Ensiklopediya.uz
KONOVALOV QONUNLARI