KONDITSIONER

KONDITSIONER

KONDITSIONER — 1) havoni moʻtadillash agregati; ventilyator, havoni isitkich, havoni sovitkich va havo filtrlaridan iborat. Mustaqil, nomustaqil va yetkazib beruvchi Konditsioner, markaziy (obyektdan uzoqroqqa oʻrnatiladi), mahalliy (obyektning oʻziga yoki uning yaqiniga oʻrnatiladi) turlari bor. Mustaqil Konditsionerda sovitish mashinasi yoki sovitish mashinasi va Elektr havo isitkichi boʻladi, boʻlardan tashqari elektr dvigatelli sovitish kompressorlari, bugʻlatkich-havo sovitkich, kondensator, havo filtri, elektr dvigatelli ventilyatorlar, sovitish mashinasi ishini avtomatik rostlash, xona ichidagi havoni bir meʼyorda avtomatik toʻtib turish asboblari bor. Nomustaqil Konditsionerda sovuq, va issiq havo tashqi manbadan keladi. Yetkazib beruvchi Konditsionerda havo markaziy Konditsionerdan berilib, sovuq va issiq (sovuq va issiq suv) tashqi manbadan beriladi; uning ventilyatorli va ejektorli turlari bor. Suvni bugʻlatib havo sovitiladigan bugʻlatkichli Konditsioner ham ishlab chiqariladi. Mustaqil Konditsionerning ish unumdorligi soatiga 450—16000 m3, nomustaqilniki — 1500—500000 m3 havo. Konditsioner turar joy, jamoat, sanoat va q. x. binolari, vagonlar, samolyotlar va b. da qoʻllaniladi;

Ensiklopediya.uz
KONDITSIONER