KONCHAK

KONCHAK

KONCHAK, Konjak — qipchoqlar xoni (1172—1203). Qipchoq xonlaridan Oʻtroqning oʻgʻli. Sharukanning nabirasi. Otasi oʻzining suyukli farzandini yoshligida Kavkaz togʻlarida saqlagan. 12-a. ning 2-yarmida Don daryosi havzasidagi qipchoqlarni birlashtirib, qudratli koʻchmanchi davlat uyushmasi barpo qilgan. Konchak rus knyazlari bilan qarindoshlik (K. ning qizi Novgorod-Severskiy knyazi Igor Svyatoslavichning oʻgʻliga tekkan edi) va baʼzan ittifoqchilik munosabatlarida boʻlib, Kiyevga qarshi muttasil kurash olib borgan. U Lukomore (Azovning shim. dagi hudud) xoni Kobek b-n ittifoq boʻlib, Pereyaslavl yeriga bir necha bor (1174, 1178, 1183) harbiy yurishlar qilgan; 1185-y. Igor Svyatoslavichni magʻlubiyatga uchratib, uni asir olgan, soʻngra Pereyaslavlni besamar qamal qilgan. 1187-y. K. yana Kiyev yerlariga chopqun uyushtirgan, Chernigov knyazligini egallagan.

Ensiklopediya.uz
KONCHAK