KOMSTOK QURTI
KOMSTOK QURTI, kometok chervetsi (Psiudococcus comstocki Huw.) — koksidiyalar kenja turkumiga kiradigan hasharot, ichki va tashqi karantin obyekti. Birinchi marta 1890-y. da AQSHning Kaliforniya shtatida D. Komstok tomonidan topilgan. Urgʻochisining tanasi uzunligi 3—4 mm, tuxum qoʻyish davrida 5—6 mm ga yetadi. Tanasi oq mumsimon parda b-n qoplangan, chetlarida 17 juft mumsimon oʻsiq, shu jumladan, tana uzunligining yarmigacha boradigan ikkita dum ipi bor. Koʻzlari yirik, moʻylovlari 8 boʻlim-li, erkagi 1,2—1,5 mm uzunlikda, qanotli, tusi qizgʻish, koʻzlari qora, qizil doiralar bilan oʻralgan. Moʻylovlari 10 boʻgʻimli. Urgʻochisi 600 ga yaqin tuxum qoʻyadi. Tuxumining kattaligi 0,3 mm, oval shaklda. Daraxtlar kovagida, oʻsimlik ildizlarida, xazon orasida, devor yoriqlarida tuxumlik bosqichida qishlaydi.
Ensiklopediya.uz
KOMSTOK QURTI