KOLMATAJ
KOLMATAJ (ital. colmata — toʻldirish) — agroirrigatsion oqiziqlarning shagʻalli va qumli tuproq qatlamlari ustida toʻplanib qatlam hosil qilishi. Kolmataj tabiiy va sunʼiy boʻladi. Tabiiy Kolmataj qorlarning erishi, kuchli yomgʻir va toshqinlardan keyin daryo suvlarida loyqa va oqiziqlar koʻpayganda yuz beradi. Sugʻoriladigan zonalarda loyqa va oqiziqlar suv bilan birga dalalarga oqib keladi va choʻkib, muayyan qalinlikda qatlam hosil qiladi. Oʻrta Osiyoda sunʼiy Kolmataj — loyqadan foydalanish qadimdan keng qoʻllanilgan. Pol olingan maydonlarga loyqa suvni koʻllatib quyib, loyqa choʻkkanidan keyin suvni chiqarib yuborish yoʻli bilan yer unumdorligi oshirilgan. Shuningdek, ariqva zovurlarni tozalashda chiqadigan oqiziqlar (loyqa), eski paxsa devorlar va b. lardan oʻgʻit sifatida foydalanilgan. Kolmataj natijasida koʻpincha shagal va qumlar yuzasida yengil va oʻrta qumoqli yoki qumloqi tuproqlar hosil boʻladi.
Ensiklopediya.uz
KOLMATAJ