KOLLEKTOR
KOLLEKTOR (melioratsiyada) — drenaj tarmogʻining suv yigʻuvchi qismidan kelayotgan suvni qabul qilib, melioratsiyalanadigan maydondan chiqarib yuboradigan ochiq kanal yoki drenaj quvuri. Kollektor xoʻjalik, xoʻjaliklararo va magistral turlariga boʻlinadi. Ularning jami kollektor-drenaj tarmogʻinm hosil qiladi. Odatda, Kollektor pastliklardan, xoʻjaliklar va almashlab ekish dalalari chegaralari boʻylab oʻtkaziladi. Tekis maydonlarda Kollektorlar zovur va uchastkaning optimal uzunligini, q. x. mashinalarining unumli ishlashini hisobga olgan holda birbiridan 0,8—1,2 km oraliqda quriladi. Ochiq Kollektorning koʻndalang kesimi koʻpincha trapetsiya shaklida boʻladi. Kollektor dagi suv sathi unga kuyiladigan zovur va kollektorlar sathidan 0,1 — 0,3 m quyiroq boʻlishi kerak. Agar drenaj suvlarining oqib ketish iloji boʻlmasa, Kollektorga nasos st-yalari quriladi. Kollektor koʻndalang kesimining eng koʻp uchraydigan oʻlchamlari: xoʻjalik K. — chuqurligi 3,0—6,6 m, tubining kengligi 1,0—1,5 m, Kollektorning daxleiz qirgʻoqboʻyi kengligi — 40—80 m; xoʻjaliklararo Kollektor larda yuqoridagi koʻrsatkichlar 4,5—8,0 m, 1,0—3,0 va 80—140 m. Magistral Kollektor yana ham kattaroq boʻladi. Kollektorning yon bagʻri 1:1,5; 1:2,5; tubining nishabligi 0,003 dan kam boʻlmasligi lozim.
Ensiklopediya.uz
KOLLEKTOR