KOBALTIN
KOBALTIN, kobalt yaltirogʻi — sulfidlar sinfiga oid mineral, kimyoviy formulasi: CoAsS (Co — 35,4%, As – 45,3%, S – 19,3%). Ni, Fe aralashmalari ham mavjud. Kub sistemada kristallanadi. Rangi oq, pushti donador agregat va kristallardan iborat. Metallsimon yaltiroq. Qattikligi 5,5; zichligi 6,2 g/ sm3. Moʻrt. Elektrni yaxshi oʻtkazadi. Gidrotermal, kontakt-metasomatik konlar temir rudali skarnlar va gidrotermal tomirlarda uchraydi. Oksidlanish zonasida eritringa aylanadi. Kobaltin kobalt olinadigan asosiy xom ashyo hisoblanadi. Oʻzbekistonda Chaqilkalon togʻlarida uchraydi, shuningdek, Oqtepa konida ham bor.
Ensiklopediya.uz
KOBALTIN