KOʻZ XIRALASHUVI
KOʻZ XIRALASHUVI, koʻrishning pasayishi — koʻrish oʻtkirligining pasayishi. Har bir koʻzning koʻrish oʻtkirligi uzoqdan va yaqindan kurishga tekshiriladi (q. Uzoqdan koʻrish, Yaqindan koʻrish). K. x. koʻpincha koʻz refraksiyasining anomaliyalari (miopiya, gipermetropiya va astigmatizm)da paydo boʻladi. 40 yoshdan boshlab esa gavharning qotishi sababli koʻzning koʻrish qobiliyati susaya boradi va 50 — 60 yoshda ancha susayadi. Shuning uchun yaqindan oʻqish qiyinlashadi. Koʻz xiralashuviga koʻzning optik soqalarida uchraydigan turli xastaliklar (keratit, shox parda yarasi yoki unga oqtushishi, koʻz ichiga qon quyilishi, katarakta, shishasimon tananing xiralashishi) sabab boʻlishi mumkin, shuningdek, keksalikdagi Koʻz xiralashuvi kuzatiladi. Toʻr parda va kurish nervining tugʻma nuqsonlari, kasalliklari, koʻz shikastlanishi, glaukoma, organizmda moddalar almashinuvining buzilishi, qontomir, endokrin va nerv sistemasining kasalliklari ham Koʻz xiralashuviga olib keladi. Koʻz xiralashuvi shabkoʻrlik va rang ajrata olmaslik b-n birga kechishi ham mumkin.
Ensiklopediya.uz
KOʻZ XIRALASHUVI