Kitobxon oila

Kitobxon oila

Ushbu sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tegishli takliflarni tayyorlash maqsadida:

Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish

Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlari yaratish va o‘quvchilarga yetkazishning mustahkam tizimi yaratildi, bunda O‘zbekistonda ta’lim berilayotgan yettita tilda darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilmoqda. Axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnika bazasi yangilanib, zamonaviy elektron kutubxonalar tizimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Matbuot, noshirlik va axborot sohasida tegishli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjati qabul qilingan. 1 677 ta matbaa korxonasi, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta viloyat axborot-kutubxona markazi, tuman markazlari va shaharlardagi ta’lim muassasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazi tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdota’minoti” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Yozuvchilar uyushmasi huzurida tashkil etilgan “Ijod” jamoat fondi tomonidan yozuvchi va shoirlar, ayniqsa, yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari ko‘p ming nusxada nashr etilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu muhim soha rivoji bilan bog‘liq aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda bir qator muammolar mavjudligini qayd etish lozim.

Avvalo, badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmagan.

Chop etiladigan kitoblarni nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish va manzilga yetkazish tizimi sust rivojlangan, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatishda elektron kitob shakllaridan keng foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.

Ta’lim va madaniyat muassasalari uchun kitob xarid qilishga mablag‘lar yetarli darajada mavjud bo‘lgan manbalar hisobidan jalb etilmayapti, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotini o‘tkazish, mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, ommaviy-axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlar yetarli emas.

Ushbu sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tegishli takliflarni tayyorlash maqsadida:

1. Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh va kichik ishchi guruhlar tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Ishchi guruh (A.Aripov)ga bir oy muddatda soha mutaxassislari va ekspertlarini keng jalb qilgan holda, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olib, quyidagi masalalarni atroflicha o‘rganish va chuqur tahlil qilish asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirilsin:

aholi, ayniqsa, yoshlar orasida badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan kitoblarga bo‘lgan talabni o‘rganish, shu jumladan, ijtimoiy so‘rovlar orqali aniqlash, nashriyotlar tomonidan chiqariladigan badiiy, ma’rifiy, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishga doir adabiyotlarning (shu jumladan, elektron shaklda) umumiy buyurtma ro‘yxatini shakllantirish tizimining holati;

kitoblarni chop etish hamda aholiga yetkazib berishni o‘z ichiga olgan boshqaruv tizimining, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini chet tillariga tarjima qilish ishlarining tanqidiy tahlili;

noshirlar va adiblarni moliyaviy rag‘batlantirish, bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlarga moliyaviy imtiyozlar berish va moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish, matbaa korxonalari va nashriyotlarga kitob ishlab chiqarish uchun sifatli qog‘oz va matbaa xomashyolarini chetdan xarid qilish tartibini takomillashtirish;

kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va aholining keng qatlamini qamrab olish, kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish;

ixtisoslashgan kitob do‘konlari uchun viloyat, tuman markazlari va shaharlarda hamda qishloqlarda aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta ko‘rib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini alohida statistik hisobga olish va ularga tegishli soliq imtiyozlari qo‘llash;

mavjud axborot-kutubxona muassasalari aholining keng qatlamlariga xizmat ko‘rsatishi zarurligidan kelib chiqib, ularning viloyatlar, shaharlar va tumanlar bo‘yicha joylashish va bo‘ysunish tartibini qayta ko‘rib chiqish, faoliyati hamda o‘zaro hamkorligini takomillashtirish;

axborot-kutubxona muassasalarining, ayniqsa, ta’lim sohasidagi axborot-resurs markazlari fondlarini shakllantirishda o‘quv adabiyotlari bilan bir qatorda badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar ro‘yxatini hamda ularni xarid qilish bo‘yicha xarajatlar smetasini qayta ko‘rib chiqish;

chop etilayotgan kitoblarni aholi o‘rtasida ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Madaniyat va ma’rifat” telekanali orqali targ‘ib qilish, ta’lim muassasalari, kutubxonalar, mahallalarda kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlarni tizimli ravishda tashkil etish hamda ta’lim muassasalari, ayniqsa, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda o‘qish madaniyati va mutolaa ko‘nikmalarini shakllantirish;

ta’lim muassasalarida sinfdan tashqari o‘qish uchun tavsiya etilgan o‘zbek va chet el adiblarining mumtoz va zamonaviy asarlarini tanlab, xrestomatiya adabiyotlari ro‘yxatlarini qayta ko‘rib chiqish va o‘quv jarayoniga mutolaa etilgan asarlar asosida insho yozish tizimini joriy etish, adabiyot to‘garaklari faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini qayta qo‘rib chiqish;

hududlarda yozuvchi-shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalarini tashkil etish, aholi o‘rtasida badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targ‘ib qilish, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kutubxonachi va targ‘ibotchilar orasida tanlovlar (“Yilning eng yaxshi kitobi”, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Yilning eng yaxshi bolalar kitobi”, “Yilning eng yaxshi audio kitobi”, “Yilning eng yaxshi elektron kitobi” kabi) o‘tkazish tizimini takomillashtirish.

3. Ishchi guruh (A.Aripov) ikki oy muddatda mutasaddi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, matbuot va axborot hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini yurituvchi vakolatli davlat organini belgilash, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini rivojlantirishni inobatga olgan holda tegishli kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

4. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2017-yil 12-yanvar

Kitobxon oila

To‘rt yoshli Habiba ulg‘ayayotgan xonadonda kitob ko‘pligidan oyoq bosadigan joyning o‘zi yo‘q. So‘zimning salgina mubolag‘asi bordir-u, ammo iloji topilgan joyga kitoblar taxlab qo‘yilgani rost. Uch xonali uyning bir xonasi poldan shiftgacha, jihozlarning ost va ustlari, eshik va rom yonidagi bo‘sh joy borki, milliy va jahon adabiyoti durdonalari, lug‘atlar, turli davrlarga mansub ensiklopediyalar, o‘quv qo‘llanmalari bilan liq to‘la. Ana shunday kitoblar qurshovida, kitobxonlar oilasida kamol topayotgan jajji nevaralar ham erkin fikrlaydi, so‘zlarini dadil ayta oladi, ertaklar to‘qiydi.

Sizda ham ushbu kitobxon oila egalariga qiziqish tug‘ilgan bo‘lsa, ajabmas. Bu – jurnalist Mahmud Sa’diyning xonadoni. Aytishlaricha, ustoz uylanganida uydagi kitoblarning ko‘pligi mehmonlarni lol qoldirgan ekan.

– Insondagi yaxshi fazilatlar ham, yomon xislatlar ham qonga, naslga bog‘liq, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mahmud Sa’diy. – Demak, ilmga, kitobga muhabbat ham avvalo qondan o‘tadi. Agar qaysi oilada kitobxonlik, kitobga mehr kuchli bo‘lsa, bu o‘sha oilada tug‘ilgan farzandlarda ham shakllanadi.

Ustoz nazdida o‘zini bilgan, o‘zligini anglagan har bir oilada kitobxonlik muhitini yaratish, kitobxonlik ruhi hukmronlik qilishi shart!

– Ota-ona bolani kitob o‘qishga o‘rgatishda dastavval ishni nimadan boshlashi kerak? – deb so‘rayman.

– Bolaga go‘dakligida go‘zal allalar aytilsa, uyda milliy musiqa doim yangrab tursa, yanayam yaxshi, – deydi u. – Keyinchalik bolalarning tili chiqib, esini taniy boshlagach, ertaklar, hikoyatlar, rivoyatlarni ovoz chiqarib, ifodali o‘qib berish zarur. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, xalq og‘zaki ijodi namunalari – termalar, qo‘shiqlar, ertaklar, maqol-matallar, dostonlar har bir xonadonda bo‘lishi kerak va tez-tez ularni o‘qib, ota-ona bolalar bilan tengma-teng suhbatlar o‘tkazib turishi lozim. Bularning hammasi kitobxonlik muhitini yaratadi.

Demak, bolalarga yoshligidan doston va she’rlar yodlatish yaxshi samara beradi. Bola ularni hali yaxshi tushunavermas, ammo ulg‘ayib borgach xotirasidagi bitiklar mohiyatini anglab yetadi. Ulug‘ ajdodlarimiz – tarixiy shaxslar haqida ham vaqti-vaqti bilan tushunarli qilib gapirib berish bolani milliy qadriyatlar, Vatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Har bir xonadonda oila kutubxonasi (albatta, ular ko‘rgazma uchun emas) bo‘lishi shart. Unda o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, tarixiy asarlar, mumtoz va hozirgi zamon adiblarining asarlari, turli lug‘atlar, qomuslar bo‘lishi maqsadga muvofiq. Xalqning, millatning o‘zligini anglashida xalq og‘zaki ijodi namunalarining ahamiyati tengsizdir.

– Mening birinchi o‘qituvchim – otam Xoliqul Sa’din o‘g‘li Buxoroda madrasani tugatib kelib, qishlog‘imizda bolalarni o‘qitgan, – deya hayotida kitoblarning o‘rni naqadar buyuk ekanligi haqida so‘z yuritadi ustoz. – Uyimizda bir sandiq kitob bo‘lardi. Ba’zan kechqurunlari qishloqdoshlar yig‘ilishar, otam kitob o‘qib berganda ayrimlari ta’sirlanib, yig‘lab o‘tirardi…

Mahmud Oltio‘g‘il qishlog‘idagi kutubxonaga qatnab, dastlab kichik-kichik kitoblarni o‘qirdi. Elliginchi yillarning boshlarida, IV sinfni tamomlayotgan paytida Oybekning «Navoiy» romanini o‘qish uchun qo‘liga olgan edi, kutubxonachi: «Bu kitob senga hali og‘irlik qiladi», dedi. O‘quvchisini yaxshi bilgan adabiyot muallimi Xo‘jayor Nazarov esa Mahmudning yonini olib, unga kitob mutolaasiga ruxsat berdi.

– Qiziq, o‘sha paytlari odamlar orasida yosh bola katta kitob o‘qisa, miyasi suyulib qolarmish, degan gaplar yurardi, – deydi suhbatdoshim. – Kutubxonachi balki ana shu mish-mishlarga ishonganidan menga e’tiroz bildirgandir… Xullas, men «Navoiy» romanini o‘qib chiqdim va bu asar menga juda qattiq ta’sir qildi.

Mirkarim Osimning «O‘tror» qissasi va «Navoiy» romani yosh Mahmud qalbiga o‘chmas yog‘du taratdi. Sinchiklab o‘qish natijasida romanning ko‘p sahifalari yod bo‘lib ketdi. Mutolaa zavqi bir umrga qalbda o‘chmas iz qoldirdi. Kunlar, oylar, yillar o‘tgani sari Mahmudning shaxsiy kutubxonasida kitoblar soni ortib borardi. Uning o‘quvchilik paytidayoq mo‘’jazgina kutubxonasi bor edi. Hozirgi kunda ustoz kutubxonasi tobora boyib, kitoblar soni 30-35 mingtaga yetgan. Bu inson qayerga bormasin, kitob sotib olishga harakat qiladi. Farzandlaridan ham qanday kitob olib kelganini so‘rash odatiga aylangan. Kitoblarni sekingina sirli tarzda sizlarga bu kitobni o‘qish mumkin emas, deya berkitib qo‘yishi otaning yosh farzandlarda kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida qo‘llagan o‘ziga xos usulidir. Bugungi kunda farzandlari jamiyatimizga foyda keltirayotgan insonlar bo‘lib ulg‘aydi. Temur huquqshunos, Jamshid dizayner, Jaloliddin jurnalist, Muslima esa sharqshunos-tarixchi bo‘lib yetishdi…

Ustozni kitobsiz yurgan holda uchratish qiyin. Adib Omon Muxtor aytganidek, ko‘cha-ko‘ymi, hattoki biron to‘y yoki marosimmi, kitob qo‘ltiqlab kelgan kishini ko‘rsangiz, bilingki, bu – Mahmud Sa’diy. Kitob bu inson vujudining «ajralmas bo‘lagi»ga aylanib ketgan. Yoki yana bir yozuvchi ta’rificha, har kuni ovqatlanmasligi mumkin, lekin albatta kitob sotib oladi… Shundan bo‘lsa kerak, ustozning dunyoqarashi daryoday keng, fikr-mulohazalari chuqur, zilol suvday tiniq va teran.

– Munisaga xitoy tilidan biron narsa tarjima qil-chi, desam binoyidek tarjima qilipti, – dedi suhbatlarimizning birida ustoz. Ochig‘i, ularning keliniga bo‘lgan bunday munosabatini ko‘rib to‘lqinlanib ketasan kishi. Faqat, oilada emas, balki jamiyat o‘rtasida ilm-ma’rifatni, kitobxonlikni targ‘ib qilish, odamlarni saodatga chorlash uning qon-qoniga singib ketgan.

– Xalqimiz mamlakatimizni dunyoning taraqqiy etgan davlatlari qatorida ko‘rishni istaydi, – deydi suhbatdoshim. – Buning uchun yoshlar ma’rifatli, bilimli, ma’naviy olami boy bo‘lishi shart. Bolada, o‘smirda kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirishning usullaridan biri, takror bo‘lsa-da, aytaman, avvalo, ota-ona kitob o‘qishi, oilada kitobxonlik muhiti bo‘lishi kerak. Ota-ona bordi-yu nobop, o‘qishni emas, maishatni yaxshi ko‘rsa, u holda mas’uliyat bolalar bog‘chasi, maktab zimmasiga tushadi. Demak, tarbiyachilarning, o‘qituvchilarning o‘zlari kitobni sevadigan bo‘lishi lozim. Oliy maktab talabada kitob mutolaasi ko‘nikmasini tarbiyalashi kerak. Boshqacha aytganda, oila, bog‘cha, maktab qilmagan ishni ham oliy maktab bajarishiga to‘g‘ri keladi…

Farzandlarimiz faqatgina xalqimizning emas, balki jahon xalqlari tarixini ham bilmog‘i lozim. Tarbiyaviy-axloqiy mavzulardagi kitoblarni o‘qish inson kamolotida muhim o‘rin tutadi. Asrlar osha saralanib kelayotgan dunyo adabiyotining nodir asarlarini mutolaa qilish insonga ruhiy ozuqa beradi, estetik zavq bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi xalqimiz orasida kitobxonlikni targ‘ib etishga xizmat qilayotir. Unda ko‘tarilgan masalalar umr mazmunini kitoblar orqali anglagan Mahmud Sa’diydek ziyoli, ma’rifatli, kitobsevar insonlar ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Zero, ma’rifatli insongina o‘zini anglab yashashga qodirdir.

Muallif: Mohigul Qosimova, O‘zA

Qiziqarli malumotlar
Kitobxon oila