KITOBGA MEHR BOLALIKDAN BOSHLANADI (dars ishlanma) to’liq malumot oling

KITOBGA MEHR BOLALIKDAN BOSHLANADI (dars ishlanma) to’liq malumot oling

KITOBGA MEHR BOLALIKDAN BOSHLANADI
Mundarija скрыть

 

Sohiba POLVONOVA,

Qarshi shahridagi 23-umumiy o‘rta ta’lim

maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

Kitobning inson hayoti, kishilik jamiyati ma’naviy taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni qadimdan ma’lum. U hayot to‘g‘risidagi tasavvurlarni boyitadi, olamni bilib olishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi, qalblarga ma’naviy ozuqa beradi, nur olib kiradi. Bugungi kunda umumta’lim maktab kutubxonalarining oldida turgan asosiy maqsad – yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimiz yaratgan madaniy merosini o‘qib  o‘rganish, ularda mutolaa madaniyatini shakllantirish, ijodiy qobiliyatga ega, bilimli, erkin, hayotsevar, mustaqil fikrlaydigan shaxslarni tarbiyalash va rivojlantirishdir.

Ma’lumki, o‘quvchilar shaxsini shakllantirish ishlarini namunali yo‘lga qo’yishda kitoblarning o‘rni beqiyosdir. Bolalar o‘qishining ijtimoiy-psixologik tadqiqoti kitobxon guruhlarining yoshga qarab tabaqalarga bo‘linishini aniqlash imkonini beradi. Bunda maktabgacha tarbiya yoshidagi kitobxonlar, kichik maktab yoshidagi kitobxonlar, o‘smirlar va o‘spirinlik davrlariga bo‘linadi.

Boshlang‘ich maktab davri bola ijtimoiy rivojlanishining birlamchi bosqichi bo‘lib, bu davrda hayotning turli jihatlari bilan munosabatlarni shakllantirish va madaniyat olamiga qadam qo‘yish jarayoni boshlanadi. Bola yettiga to‘lganda maktabgacha bo‘lgan yosh davri yakunlanadi. Bu yoshga qadar erishilgan asosiy yutuqlar bolaning insoniy madaniyat bilan bog‘liq dunyo haqida tushunchaga ega bo‘lishdir, bolalar kishilar bilan ijobiy muloqotda bo‘lish ko‘nikmalarini egallaydilar. Maktab yoshigacha bo‘lgan davrning oxiriga kelib bolalar bilim olish va shaxs sifatida rivojlanishga tayyorgarlikning yuqori darajasiga erishadilar va bu ularga maktabda muvaqqiyatli ravishda o‘qish imkoniyatini beradi.

Ma’lumki, bola kitob o‘qishni bilgan taqdirdagina, kitob uning ma’naviy hayotida muhim rol o‘ynaydi. Buning uchun esa kitob bolaning ma’naviy boyishi uchun uni ma’naviy, aqliy, estetik  o‘sishiga yo‘llashi zarur. Bunda dastlabki turtki oilada bolaga o‘qib berilgan birinchi kitob bo‘lsa, ikkinchisi bola ota-onasining o‘qishini eshitib, badiiy obrazlar go‘zalligini his etishidir. Bular bolaning keyingi, o‘smirlik davrida uning ma’naviy hayotining barcha sohalarida, mehnat, o‘yin, musiqa, bolalar ijodi bilan bog‘liq bo‘lib, uni hayotining hamma tomonlarini qamrab olishi zarur.

O‘quvchi kutubxonaga a’zo bo‘lgan dastlabki kundanoq kutubxonachi uning o‘qishiga mas’uldir. Bolalar mutolaasi katta ahamiyatga ega, chunki bolalikda o‘qilgan kitob bir umrga esda saqlanib qoladi va bolaning keyingi kamolotiga ta’sir ko‘rsatadi. Bolani mulohazali mutolaa qilish va o‘qilganlaridan amaliy foydalanish san’atini egallashga o‘rgatish lozim. Tavsiya etilgan adabiyot yordamida kutubxonachi o‘z o‘quvchilarida yuksak axloqiy, estetik sifatlarni tarbiyalaydi, ularning aqliy ong-bilim doirasini kengaytiradi, kitobxon-o‘quvchilarning o‘qishga va amaliy ijtimoiy faoliyatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadilar.

BMTning ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha tashkiloti YUNYESKO va maktab kutubxonalari axborot xizmati o‘zining maxsus bayonitida shunday e’lon qiladi: “Maktab kutubxonalarining axborot xizmati barcha bolalar va o‘smirlarning samarali ta’lim olishida tayanch rol o‘ynaydiki, ta’lim tinchlikni hamda xalqlar va davlatlar orasidagi bir-birini tushunishni mustahkamlash ishida hayotiy muhim omildir”. Darhaqiqat, maktab ARMI va kutubxona maktab ta’limi dasturini ro‘yobga chiqarishda ham umumiy kutubxonachilik tarmog‘ining tarkibiy qismi sifatida ham zarurdir.

Kitobxon-bolaga maqsadga muvofiq pedagogik ta’sir o‘tkazish shaxsning yosh va o‘ziga xos psixologik xususiyatlarini hisobga olishga tayanadi. Bir xil yoshdagi bolalar o‘qishida o‘ziga xos tafovut bo‘ladi. Biroq, bolalikning har bir davrida o‘qishning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘qish sifatining alohida faolligi namoyon bo‘ladi: baholashning ma’lum mezoni; kitobxon so‘rovi va uning mazmuni, kengligi, barqarorligi, adabiyotga murojaat etishning sabablari va hokoza.

         Kitobxonlikka o‘rgatish kitobga mehr uyg‘otishdan boshlanadi. Bunda bolalarga yoshligidanoq e’tibor berish, bolalarga mo‘ljallab chop etillayotgan chiroyli ixcham, rangli kitoblarni taqdim qilishlari kerak. Boshlang‘ich sinf, ayniqsa birinchi sinf o‘quvchilari har narsaga qiziqadigan, juda ko‘p savol beradigan bo‘ladilar. Bu esa o‘qituvchi va kutubxonachilarlarning o‘zaro hamkorlikda ish olib borish zaruratini keltirib chiqaradi. Bilimlar xazinasi bo‘lgan kutubxonadan foydalanishda o‘qituvchilar bolalar adabiyoti, qiziqarli ma’lumotnomalar, ensiklopediyalar, multimediya mahsulotlari,  elektron baza ma’lumotlari, kitob ko‘rgazmalariga murojaat qilib, yangi ma’lumotlarni bolalarga yetkazishi lozim. Shu bilan birga mashg’ulotlarda savollarga javobni ko‘proq kitoblardan foydalanib topish mumkinligi haqida o‘quvchilarga tushunchalar berish maqsadga muvofiqdir.

Darsliklar
KITOBGA MEHR BOLALIKDAN BOSHLANADI (dars ishlanma)