Kitob haqida insho reja
Samarqand viloyati Jomboy tumani
Kitob — ma’rifat oʻchogʻi
Reja:
1. Kitob tafakkur gulshani.
2. Kitobga oshno qalblar
3. Kitob — kelajagimiz poydevori.
Kitob insoniyat kitob durdonalari toʻlab avlodlarga yetkazuvchi vosita, odamzot yaratgan moʻjizalardan biri hisoblanadi. Kitob insonning eng yaqin doʻsti v maslahatchisi, aql qayrogʻi va bilim manbai, fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai hisoblanadi. Kitob moziy darakchisi bugunning tarbiyachisi va muallimi, kelajakning yoʻlboshlovchisi. Uma’naviy hazina haqiqiy boylik. Dono xalqimiz kitob haqida shunday deydi: «Kitob koʻrmagan kalla — giyoh unmagan dala». Bu hikmatli soʻzda shunday ma’no borki, giyoh oʻsmagan dalani hech kimga foydasi yoʻq, undan hech kim manfaat topmagani kabi kitob koʻrmagan kalla ham shu kabi hech kimga foydasi tegmaydi, oʻz fikrini namoyan qila olmaydi, qaysi gapni qayerda ishlata olmaydi. Shuning uchun koʻp kitob mutolaa qilib tafakkurimizni oʻstirishimiz zarur.
Ajdodlarimiz hayotida ham kitob muhim rol oʻynagan. Ular kitobni oʻz doʻstlariday koʻrishgan. Jumladan Alisher Navoiy shunday degan: «Kitob-beminnat ustoz.har daqiqa u bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi». Kitobni biz azaldan boylikdan ustun qilib kelganmiz. Bunga bir misol, Abu Ali Ibn Sino Buxoro hukmdori Nux ibn Mansurni davolagach, evaziga oltini kumushga toʻla sandiqqa emas, balki saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatini qoʻlga kiritishni avzal kran edi. «Kitobdan yaxshi doʻst yoʻq», «Kitob-beminnat doʻst» kabi maqollarni eshidganmiz. Buyuk rus olami Aleksandr Pushkin doimo kitobni doʻst tutgan . Pushkin vafot etar chogʻida, unga «doʻstlaringiz bilan vidolashing», deyishadi. Pushkin xonaning burchagidagi kitob javonida termulib, «Xayr, mening doʻstlarim!» deya jon bergan. Biz ham kitobni doʻst tutmogʻimiz lozim, zero barcha bilimlarning manbai bu kitob.
Inson bilimli tarbiyali, kasb-hunarli, baxtli boʻlishining muhim olimi-bu kitobga doʻst boʻlish, hamisha kitob oʻqish, kitob mutolaasini umr boʻyi kanda qilmaslikdir. Kitobga hamroh boʻlgan inson faqat va faqat odamiylik saboqlarini oʻrganadi. Ayniqsa, yoshlarning baxt-u kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitob mutolaasining alohida o’rni bor. Har qanday muvaffaqiyatning kaliti bu kitobdir. U kelajagimiz poydevori. Shunday ekan aziz yoshlar kitob oʻqing zero, kitob insonning hayot yoʻlidagi yoʻldoshi boʻlsa, hayot soʻqmoqlaridan mamnuniyat bilan oʻtadi.
#9sinf Ona tili #Bayon
Related Posts:
- Kitob oʻqiganlar “Spark” minyapti, “Spark” minayotganlar ham…
- Eng koʻp sotilayotgan kitob – bu eng yaxshi kitob deganimi?
- Kitob – hammabop
- Kitob bosishning ixtiro qilinishi
- Kitob oʻqigan odam
- “Uliss” kitob javonimizda
Kitob haqida insho reja
Olimlar, ziyolilar, mamlakat va millat kelajagi uchun chuqur qayg‘urganlarni yaqin-yaqingacha bir narsa qiynab kelardi: nega yoshlarimiz, umuman, fuqarolarimiz o‘rtasida kitobxonlik madaniyati pasayib ketdi, nima uchun yerdan ko‘kka ko‘taradigan, bizni barkamollik sari yetaklaydigan, insonlar qalbiga yorug‘lik va iliqlik kiritadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlik, vayronkorlik bilan bunyodkorlikning farqini ongli ravishda anglatishga yordam beradigan, insoniyat tomonidan yaratilgan eng noyob kashfiyot – kitobning qadri tushib ketmoqda? Ne sababdan ayrimlar kitob o‘qiganlarni zamondan orqada qolayotganlar qatoriga qo‘shib qo‘ymoqda?
Darhaqiqat, bu savollar barchamizni qiynar edi. Men shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2016 yil 19 oktabrda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’yezdidagi saylovoldi ma’ruzasida bildirilgan ayrim fikrlari xususida to‘htalmoqchi edim. Ma’ruzada bugungi kunda axborot – kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emasligiga e’tibor berilgan.
“Ayni paytda, – deydi Shavkat Miromonovich, – axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb etadi”. (“XXI asr”, 2016, 20 oktabr)
Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, ushbu fikrlar mamlakatimizdagi barcha ziyolilar, millat kelajagi, uning ma’naviy barkamolligi uchun tashvishda bo‘lganlarning yurak-yuragidagi gap bo‘ldi. Kitob barchamizga charog‘on yo‘lni ko‘rsatishini, ma’naviy olamimizni shakllantirishini, kelajakdagi yagona yagona to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam berishini bilsakda, uni o‘qimasak, kitobning insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot ekanligini tushunsakda, ammo uni “kult” darajasiga ko‘tarmasak-bu holda bizning kitob to‘g‘risidagi tasavvurlarimiz xato bo‘lmaydimi?
Ana shu fikrlar bilan oshno bo‘lib turganimizda, kechagina muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” (2017 yil 12 yanvar)gi farmoyishi e’lon qilindi. Mazkur farmoyish kitob, kitobxonlik madaniyatining jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni va rolini yana bir yangi bosqichga ko‘targanligi bilan izohlanadi. Ta’kidlanishicha, bugungi kunda matbuot, noshirlik va axborot sohasida tegishli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilingan. 1677 ta matbaa korxonalari, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta hududiy birlik axborot-kutubxona markazi, tuman va shahar markazlaridagi ta’lim mussasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazlari tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdota’minot” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Farmoyishning ibratli jihati shundan iboratki, unda kitob mahsulotlari nashr etish, tarqatish, kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyatining bugungi kundagi holati, mavjud kamchilik, xatolar ro‘y-rost ochib berilgan. Ayniqsa, badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmagani, ta’lim va madaniyat muassasalari uchun kitob xarid qilishga mablag‘lar yetarli darajada mavjud bo‘lgan manbalar hisobidan jalb etilmayotgani, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotlarini o‘tkazish, mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, ommaviy-axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlar yuksak talablar darajasida emasligiga alohida e’tibor berilgan.
Mamlakatimiz rahbarining kitob, kitobxonlik madaniyatini yaxshilash to‘g‘risida kuyunib gapirayotganliklarining chuqur falsafasi bor. Birinchidan, yuqorida qayd etilgani kabi, kitob insonni yerdan ko‘kka ko‘taruvchi, uning ma’naviy quvvatini oshiruvchi buyuk kuch hisoblanadi. Ikkinchidan, kitob insoniyatning tarixiy xotirasi, barchamizni o‘z ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy zaminimizni mustahkamlovchi, kelajakni yorqin ko‘rsatib borishga qodir mash’ala hisoblanadi.
Shuning uchun ham bizning yurtimizda ilm olish, kitob yozish, ijod qilish har doim ham millatning mavjudligi va u nimaga qodir ekanligini ko‘rsatuvchi muqaddas tushunchalar hisoblanadi. Arastu hakimdan Abu Ali Ibn Sinoga, Aflotundan-Abu Rayhon Beruniygacha, Jaloliddin Rumiydan- Alisher Navoiygacha, Sohibqiron Amir Temurdan-Muhammadsharif Gulxaniygacha yuzlab, minglab mutafakkirlarning shakllanishi, dunyoga tanilishi, zamonlar oshsada ahamiyati yo‘qolmaydigan tadqiqotu kashfiyotlari faqat va faqat kitob orqali yuz berdi. Ularning bugungi avlod tomonidan chuqur o‘rganilishi, ular ilmiy-ma’rifiy bisotiga bot-bot murojaat qilishning sababi ham mutafakkirlarimiz tomonidan yaratilgan kitoblar tufaylidir.
Sharqda axloq-odob borasida buyuk asarlar yaratgan Muhammad Jabalrudiyning kitob haqidagi quyidagi firklariga bir quloq tutaylik: “Ey aziz! Kishi uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yo‘qdir. Kitob fasohat, balog‘atda, latofatda tengi yo‘q, munofiqlikdan holi hamrohdir. Yolg‘izlikda va g‘amli ayyomlarda munis ulfatdir. Unda na nifoq boru, na gina. U shunday hamdamki, so‘zlarida yolg‘on va xato bo‘lmaydi. Suhbatidan esa kishiga malollik yetmaydi. U o‘z do‘stining dilini og‘ritmaydi. Yuragini esa siqmaydi. U shunday rafiqdirki, kishi orqasidan g‘iybat qilib yurmaydi. Uning suhbatidan senga shunday fayzli foydalar yetadiki, bunday foydani odamlardan topa olmaysan. Aksincha, aksar odamlar suhbatidan kishiga zarar yetadi. Kitobdek do‘st ichida barcha ilmu hilm mujassamdirki, u kishilarni o‘tmishdan va kelajakdan ogoh qilib turadi. Shuning uchun ham “Kitob aql qal’asidir”, deganlar”. (Mashriqzamin-hikmat bo‘stoni. -Toshkent, 1997. 39-bet)
Haqiqatdan ham, kitob barchamizni ezgulikka undaydigan, oldimizda turgan barcha muammolarni hal etishga yordam beradigan kuchdir. Shuning uchun ham yurtimizda kitob bilan oshno bo‘lgan, kitobni suygan, kitob yozgan, kitobni muqaddas bilib, qorachig‘idek asraganlarni ziyoli deb ataganlar. Ziyoli-Nur tarqatuvchi, u o‘zining xatti-harakatlari, faoliyati bilan jamiyatni nurlantiruvchi, ma’naviy-ijtimoiy barqarorlikni ta’minlovchilar hisoblangan.
Bunga uzoq va yaqin tariximizdan misollar ko‘p. Masalan, ma’rifatparvar vatandoshimiz Ishoqxon Ibrat o‘z uyida kattagina, boy kutubxona tashkil qiladi va uni “Kutubxonai Ishoqiya”, deb ataydi. Ibrat arxividagi kitoblar ro‘yhati shuni tasdiqlaydiki, kutubxonada ta’lim-tarbiya va o‘qitishga oid o‘zbek, rus, turk, tatar, fors-tojik tillarida ko‘plab kitoblar bo‘lgan. Bu kutubxonadan nafaqat o‘zi, shuningdek, qishloq aholisi ham unumli foydalangan. Ishoqxon Ibrat o‘z maktabi o‘qituvchilarini kutubxonada saqlanuvchi kitoblar bilan ta’minlagan. Kutubxonaning maktab o‘qituvchilariga bag‘ishlangan qismida Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, “Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim”, “Turkiy guliston yohud axloq”, Rustambek Yusufbek hoji o‘g‘lining “Rahbari hisob” kabi ko‘plab darslik, o‘quv qo‘llanmalari saqlangan. Ibrat kutubxonasi doimiy ravishda kattalashib borgan. U kutubxona a’zolarining kitob olish va o‘qib bo‘lgach, uni topshirish daftarlarini ham tashkil qilgan, a’zolarning, ayniqsa, yoshlarning kitob o‘qishlarini Ishoqxonning o‘zi nazorat qilib borgan. (Ibrat. Ajziy. So‘fizoda.-Toshkent, 1999.-38 bet)
Ishoqxon Ibrat kabi ziyoli, ma’rifatparvar yurtimizda juda ko‘plab yetishib chiqishgan. Ularning barchasi o‘z kutubxonalariga ega bo‘lishgan. Bunday shaxsiy ziyo maskanlaridan oddiy xalq juda unumli foydalanishgan. Shu o‘rinda mazkur Prezident farmoyishidagi bir holatga e’tibor berish lozim. Bu-hududlarda yozuvchi, shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalarini tashkil etish, aholi o‘rtasida badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targ‘ib qilish, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kitobxonachi va targ‘ibotchilar orasida turli tanlovlar o‘tkazish masalasidir.
Darhaqiqat, bu o‘ta zarur masala. O‘z shaxsiy kuzatuvlarim natijasida shuni aytishim mukinki, bugungi kunda oilaviy kutubxonasi bor yuzlab, minglab vatandoshlarimiz mavjud. Ularning kutubxonalarida shunday noyob, nodir kitoblar borki, ular juda kamyob va yagona nushada. Biz,”Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovini o‘tkazish orqali o‘sha nodir asarlar nafaqat mazkur oilaning, shuningdek, butun jamiyatning ma’naviy mulkiga aylanishini, ulardan qo‘ni-qo‘shnilar, soha mutaxassislari samarali foydalanishlarini istardik. Oilaviy kutubxona faqatgina uyning bezagi, uy egasining “ziyoliligi”ni bildiruvchi belgi bo‘lishini istamas edik. Shu ma’noda, oilaviy kutubxona tanlovida u yoki bu kitobning chiroyliligi, sahifalarning buklanmaganligiga emas, aksincha, uning qay darajada ko‘p o‘qilganligini anglatuvchi ko‘rsatkichlariga e’tibor berish lozimligini ko‘rgimiz keladi.
Endi bugungi kitoblar, ayniqsa badiiy asarlar hususida ayrim fikrlarni bayon etsak: ma’lumki, kitob umuman, badiiy asar kishilarning dunyoqarashi, ijtimoiy-siyosiy salohiyatini ma’naviy barkamolligini ta’minlashi lozim. Bunday asarlar, darhaqiqat, yaratilmoqda, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ularni o‘qishdan charchamayapti. Ammo, buguni asarlarning barchasiga ham shunday baho qo‘yish mumkin emas. Ayrim asarlar yaxshi niyatda yaratilayotgan bo‘lsada, ammo ular “teskari samara” bermoqda. Turli salbiy ko‘rinishlar, zo‘ravonlik, ur-yiqit, odamlarda “olomon fikrlash” darajasini ko‘tarishga urinish, fahsh, illatlarni targ‘ib etish kabi holatlar ba’zi asarlarda avj olayotganing guvohi bo‘lmoqdamiz.
Mutafakkir-allomalarimiz johillikning birinchi belgisi-go‘zallikni ko‘rmaslikdir, deydilar. Haqiqatdan ham shunday. Atrofimizda shuncha yangiliklar, yangilanishlar, islohatlar sodir bo‘lmoqda, odamlarimiz tafakkur tarzi o‘zgarmoqda. Ana shu ijobiy holatlarni badiiy jihatdan pishiq asarlar orqali xalqimizga, ayniqsa yoshlarimizga yetkazish juda to‘g‘ri bo‘lar edi.
Madaniyat, san’at, ayniqsa badiiy adabiyotda zamonamiz qahramonini topish, uning obrazini yaratish, nazarimizda, o‘ta dolzarb masalalardan biridir. Prezident farmoyishida ko‘rsatilgan eng muhim masalalardan biri ham shunda. Ayrimlar zamonamiz qahramonini “ko‘rmaydilar”. Ammo, shu narsani alohida ta’kidlash lozimki, bunday qahramonlar biz bilan birga, oramizda, ular har kuni jasorat ko‘rsatmoqdalar. Ayb – biz ularni ko‘rmaganligimizda. Angren-Pop temir yo‘lida Farhodning jasoratini takrorlagan, chegarani mustahkamlashda mardlik ko‘rsatgan, yangi texnologiyalar asosida fermerlik harakatining unumdorligini oshirayotgan, turli jahon arenalarida mamlakat bayrog‘ini baland ko‘tarayotganlar-bular zamonamiz qahramonlari emasmi?
Xalqimiz aynan ana shunday kitoblarni kutmoqda. Ayrim vatandoshlarimiz “hozirgi yoshlarga jiddiy badiiy asarlarni tavsiya etgan bilan, ular bunday kitoblarni o‘qimaydilar, chunki zamon o‘zgardi”, deyishmoqda. To‘g‘ri, zamon o‘zgardi. Ammo bizning o‘zbekligimiz o‘zgargani yo‘q. Shunday paytda, yoshlarimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ular ma’naviy ehtiyojini shakillantirish uchun nimanidir tavsiya etishni ba’zan unutayotganga o‘xshaymiz. Yoshlar ma’naviy ehtiyojini shakillantirish uchun ularga ma’noli asarlar tavsiya etishimiz lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev o‘z farmoyishida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish lozimligiga alohida urg‘u bergan. Ho‘sh, kitobxonlik madaniyati deganda nimani tushunamiz? Bular, fikrimizga quyidagilardan iborat: o‘zining kasbiy-mutaxassislik hamda badiiy-ma’naviy barkamolligini oshirish uchun kitobni tanlay olish va o‘zi uchun zarurini o‘qish; kitob ustida ishlash malakasini obdon o‘rganib olish va unga chuqur amal qila bilish; kitobni mustaqil o‘qiy bilish; o‘qigan kitobning asosiy mazmunini talqin qila bilish, uning fusunkor olamiga kira bilish; o‘qiganlaridan hayotiy xulosalar chiqarish; kitobning kerakli, zarur joylarini yon daftarchaga ko‘chirib olish, notanish bo‘lgan so‘zlarni esda saqlab qolishga intilish; muntazam ravishda o‘qish ko‘nikmasiga ega bo‘lish; kitob bilan muomalada eng qadrdon do‘stingga munosabatda bo‘lganday e’tibor bilan qarash; kitobni yaroqsiz holiga keltirmaslik uchun undan to‘g‘ri foydalana bilish; kitobni shoshilmasdan, o‘ylab, diqqat-eʼtibor bilan o‘qish malakasiga ega bo‘lish, kutubxona kartotekalari bilan ishlay bilishni o‘rganish; o‘qigan kitobni do‘stlar bilan o‘rtoqlashish, yaxshi kitobni ularga tavsiya qilib, uni boshqalar ham o‘qib chiqishiga erishish; har bir yaxshi kitobni ilm qal’asining kaliti deb bilib, uning boqiy umrini ta’minlash.
Nazarimizda, mazkur farmoyish O‘zbekiston ijtimoiy-madaniy muhitini yanada barqarorlashtirishga, yoshlarimizda kitobxonlik darajasini oshirishga, pirovard natijada xalqimiz turmush tarzini yanada farovon qilishga xizmat qiladi. Shu o‘rinda yoshlarimizning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida ularning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish davrida “O‘zbek tili va adabiyoti” fanidan insho yozish bo‘yicha qo‘shimcha sinovni tashkil etish maqsadga muvofiq deb bilamiz. Gap shundaki, har yili kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni 550-600 ming atrofidagi yigit-qizlar bitirib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga harakat qilishadi. Yozilishi tavsiya etilayotgan insho esa ularning badiiy asar o‘qishga bo‘lgan mas’uliyatini, so‘zsiz oshiradi.
Ayni paytda, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish uchun farmoyishda belgilangan sotsiologik so‘rovnomani o‘ta mas’uliyat bilan tashkil etish lozim. Bunday so‘rovnoma bir tomondan, yoshlarning kitobxonlik madaniyati darajasini aniqlasa, boshqa tomondan, jamiyat talab etayotgan muammolarni aniqlash, mavzular tanlashga imkon beradi. shuningdek, mutaxassislar, soha xodimlari “Yoshlarga tavsiya etilayotgan 100 ta asar” ro‘yxatini tuzish, unda milliy va jahon adabiyotining nodir durdona asarlarini o‘qishni tavsiya etish ham muayyan ahamiyatga ega bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Kitob o‘qish barchamizning ma’naviy olamimizni boyitadi, so‘zlashuv madaniyatimizni oshiradi. Ayrim hollarda muqaddas o‘zbek tilimizdagi ayrim vatandoshlarimiz “xizmati” tufayli dag‘allashib, kambag‘allashib borayotganligining oldini olish uchun ham kitob o‘qish lozim. Vaholanki, bizning o‘zbek tilimiz dunyodagi eng boy tillar qatoriga kiradi. A.S.Pushkin butun ijodi davomida jami 21197 ta so‘z qo‘llagan bo‘lsa, Shekspir asarlari tilida jami 20 mingdan ortiq so‘z qo‘llanilgan. Ispan olimlari Servantesning ijodida 18 ming so‘z qo‘llanilgani haqida ma’lumot berganlar. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy asarlarida qo‘llanilgan so‘zlar soni esa 26000dan ortiq ekan. (Qodirov P. Til va el.-Toshkent, 2010-127 bet)
Ana shuncha milliy boyligimizni avaylab-asrash uchun ham kitob o‘qish lozim. Darhaqiqat, kitobxonlik madaniyatini oshirish davr talabi.
Tarix fanlari doktori
Professor Abduhalil Mavrulov
Kitob – bilimlar xazinasi
Darhaqiqat kitob o`qimagan insonning ma`naviyati bo`lmaydi. Dunyoqarashi past bo`ladi, olam sirlarini bilmoq istasak ko`p kitob o`qimoq kerak. Zero, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “kitob – beminnat ustoz, bilim va ma`naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai ”.
Xalqimiz tilida ham kitob o`qib bilim va munosib ta`lim-tarbiya olish, ilm-fan bilan shug`ullanish, kasb-hunar o`rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko`p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Go`zallik – ilmu ma`rifat bilan”, “Ilm baxt keltirar, bilim taxt keltirar”, “Hunar – oqar buloq, ilm – yonar chiroq”, “Baxt belgisi – bilim”, “Bilim – aql chirog`i”, “Beshikdan qabrgacha bilim izla”, “Oltin olma, bilim ol, bilim olsang, bilib ol”. Bu kabi purma`no va serhikmat naqllar kitob sevuvchi xalqimiz lug`atida ko`plab topiladi.
Eng asosiysi, necha asrlardan buyon sayqallanib, qanchadan-qancha avlodlarga yo`lchi yulduzdek to`g`ri yo`lni ko`rsatib kelayotgan ana shu xalqona hikmatlar negizidagi asl haqiqat shuki, insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli hamda davlatli bo`lishining muhim omili – bu kitobga oshno bo`lish, hamisha kitob o`qish va uning mutolaasini umr bo`yi kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o`rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg`ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
Kitob insonni komillikka etaklaydi. Hayot qoidalari yashash san`atini o`rgatadi. Kitob bilim beradi, ilm esa ziyo, nur, ma`naviy quvvat demakdir.
Kitob insoniyat ongli hayoti va ma`naviyat olamining bosh timsollaridan sanaladi. U – bepoyon olam: bag`rikeng, osmoni balanddir. Kitob bilim manbai, insoniyat to`plagan hikmatlar xazinasi, ijtimoiy ong mahsulidir.
Kitob mutolaasi inson tafakkurini oshiradi, hayotga teran ko`z bilan qaraydi. E`tibor bergan bo`lsak, so`nggi vaqtlarda yosh avlod, bolalar internet va turli ijtimoiy tarmoqlarga qiziqib ketib, ko`p kitob o`qimay qo`ygan edi. Bu bilimsizlikdan darak beradi. Bugun vatanimiz jadal rivojlanayotgan bir davrda ajdodlarimiz, donolar fikrida o`z aksini topgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga bo`lgan e`tibor davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Chunki yosh avlodning har tomonlama shakllanishidakitob mutolaasining o`rni beqiyosligini anglagan holda, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvarda “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ibot qilish bo`yicha komissiya tuzish to`g`risida”gi Farmoyishi qabul qilindi. Bu hujjatda aholining keng qatlamini kitob o`qishga jalb qilish, kitob o`qish va kitobxonlikni targ`ib etish, voyaga etgan farzandlarimizni bog`cha yoshidan boshlab kitobga mehrli qilib tarbiyalash, kitob mahsulotlarining mazmuniga e`tibor berish, ularni chop etish sifatini yaxshilash, turli mazmundagi kitoblar bilan to`ldirilgan kitob do`konlarini ko`paytirish, kitoblar fondini yanada boyitish ko`zda tutilgan.
Mamlakatimizda ko`p kitob o`qishni targ`ib qilish maqsadida keng ko`lamli ma`naviy islohotlar, tadbir, tushuntirish ishlari, shoirlar bilan uchrashuvlar natijasida bolalarning kitobga bo`lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Barcha ta`lim maskanlarida, jumladan bizning 15-o`rta umumta`lim maktabida ham o`quvchilarning kitobxonlik madaniyatini tobora yuksaltirish maqsadida sayyor o`quv-seminarlar, o`quvchilarning fikr-mulohazalari, talab ehtiyojlari asosida badiiy adabiyotlar kutubxonalarga keltirilmoqda.
Va nihoyat Prezident Sh.Mirziyoevning mamlakatimizda 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi asosida jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an`analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa yosh avlodning ma`naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg`usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo`lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Jumladan, 5 tashabbus yo`nalishi asnosida kitobga mehr-muhabbat kuchaytirildi. Natijalar samarasi o`laroq bolalar o`rtasida turli tadbirlar kitobxonlik kechalarida bellashuvlar o`tkazilib ijobiy natijalarga erishilmoqda. Ko`p kitob o`qigan kitobxon turli nominasiyalarda moddiy va ma`naviy rag`batlantirilmoqda, jumladan qimmatbaho buyumlar, hatto, mashinalar sovg`a qilinmoqda. Bu orqali bolalarning, kitobga oshno qalblarning ming yashirin qirralari ochilmoqda, o`zlarini namoyon etishmoqda. Shu islohotlar samarasi asnosida bizning maktabimizda ham nafaqat o`quvchilar, balki ularning ota-onalari ham kitob inson uchun eng yaqin do`stligini tushunishmoqda va farzandlari bilan birga mutolaa qilishmoqda.
Ta`lim muassasalarida bu jarayon o`quvchilarning bilim darajasini oshirishga, aql-zakovatini kuchaytirishga yordam bermoqda. Shuning uchun ham yoshlarni har tomonlama fikrlaydigan, ma`nan etuk, har qanday axborotlarni aql bilan tahlil eta oladigan, barkamol inson qilib tarbiyalash biz o`qituvchilarning asosiy vazifamizdir.
Rahimova Gulchiroy Aliqulovna
Samarqand viloyati Jomboy tumani
15-o`rta umumta`lim maktab boshlang`ich ta`lim o`qituvchisi
Qiziqarli malumotlar
Kitob haqida insho reja