Kishi nega qariydi? haqida malumot

Kishi nega qariydi? haqida malumot

Kuzatishlardan so‘ng aniqlanishicha, insonning keksayishiga ko‘pincha erkin radikallar sabab bo‘larkan. Ya’ni, moddalar almashinuvi jarayonida organizmda kislorodning zaharli hosilalari ishlab chiqiladi. Oqibatda oksidlanish reaksiyalari ro‘y beradi va sog‘lom hujayralar zararlanadi. Oksidlanish ko‘proq ro‘y berib, sog‘lom hujayralarning kamayishi tananing qarishiga olib keladi.

Ba’zilar ko‘p asabiylashadi. Chekish, ichkilikka ruju qo‘yish, kabi zararli illatlarni odat qilib olganlar bor. Boshqa bir xil odamlar esa dorilarni bilib-bilmay ichaveradi. Ovqat iste’mol qilishda uning sifatiga va me’yoriga rioya qilmaydiganlar ko‘p. Kuchini ayamasdan tunu kun ishlaydigan odamlar ham anchagina. Xullas, me’yordan ortiq xatti-harakatlar natijasida oksidlanish jarayonlari ortib boradi. Bu esa yurak-qon tomir tizimida, me’da osti bezida turli kasalliklarni, shuningdek, qandli diabet, katarakta, revmatoid artritni keltirib chiqaradi. Infeksiyalar salga yuqadigan bo‘lib qoladi, o‘smalar rivojlanishi xavfi ortadi.

Qon aylanish tizimidagi o‘zgarishlar, urologik va buyrak kasalliklari, umurtqa pog‘onasining distrofik-degenerativ dardlari, ovqat hazm qilish va modda almashinuvidagi tartibsizliklar hamda nafas a’zolari xastaliklari keksa yoshdagilarni tez-tez bezovta qilib turadi. Ta’kidlash joizki, bunday dardlar uzoq yillar mobaynida yaxshi davolanmagan va surunkali tusga o‘tgan xastaliklarning asorati sifatida yuzaga chiqadi. Masalan, keksalarda uchraydigan kardioskleroz ilgaridan davom etib kelgan ateroskleroz yoki miokardit oqibatida paydo bo‘ladi. Sklerotik (sistolik) gipertoniya esa qonda qand miqdorining uzoq vaqt mobaynida tez-tez oshib turishidan so‘ng kelib chiqadi. Bunday dardlarga beparvo bo‘linsa, bora-bora jiddiylashib, yurak yetishmovchiligigacha olib borishi mumkin.

Ichki a’zolarning pastga siljishi, qizilo‘ngach teshigi dabbasi, yo‘g‘on ichak divertikuli (ichak shilliq pardasining qorin bo‘shlig‘iga yo‘nalgan tarzda bo‘rtib chiqishi), surunkali qabziyat, zotiljam, o‘t toshi singari dardlar ham borki, bularning har biri yillar davomida asta-sekin rivojlanib, so‘ng keksalik yoshida kuchayib boruvchi kasalliklar hisoblanadi. Chunki kishi keksayganda organizm quvvatsizlanadi, umumiy holsizlik kuzatiladi, tanadagi muhim a’zolar ishi susayadi, o‘z-o‘zidan tana kasalliklarga moyil bo‘lib qoladi.

Keksalar vaqtida dam olishi va ishda o‘zlarini urintirib qo‘ymasliklari lozim. Bunday davrda, ayniqsa, uyquga ko‘proq e’tibor berish zarur.

Kishi oz bo‘lsa-da miriqib uxlashi shart. Shundagina kun bo‘yi tetik va bardam yuradi. Aslida kam uxlash keksalik yoshidagilarga xos bo‘lgan holat, biroq kun davomida biroz mizg‘ib olish orqali ham yetarlicha dam olish mumkin. Qariyalar uyqusizlikka yo‘liqmasligi uchun ruhan osoyishta bo‘lmoqlari zarur. Bu esa atrofdagilarga ko‘proq bog‘liq.

Yon-atrofdagilar (farzandlari, yaqinlari, qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilari) keksa odamga iliq munosabatda bo‘lishi, hurmat-izzatini o‘rniga qo‘yishlari kerak. Oyoq-qo‘l bo‘g‘imlari zirqirab og‘riyotgan keksa bemorlarga o‘z vaqtida dori-darmonlarni berish, oyoq-qo‘llariga issiqroq yog‘ surib uqalash og‘riqni kamaytiradi. Ularga uxlash va dam olish uchun tinchroq xonani ajratib bergan ma’qul. Qattiq tovushlar, ayniqsa, shovqin keksalar sog‘ligi uchun zararli ekanini unutmaslik lozim. Ba’zan keksalar dori qabul qilishni unutishadi yoki xotirasi pastligi tufayli bir xil dorini takror ichishi ham mumkin. Shuning uchun ham xonadondagilar dorini bemor yonida turib ichirishlari yo bo‘lmasa dorilarni vaqtiga qarab bir necha qismga ajratib qo‘yishlari kerak.

Yoshi ulug‘ kishilarni yaxshi parvarish qilib, ulardan shirin so‘zimizni ayamasak, ularning tez keksayishi barham topib, umrlari yanada uzayaveradi.

Nigora TURSUNOVA,
umumamaliyot shifokori.

«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Kishi nega qariydi?