KINO QOʻYISH APPARATI
KINO QOʻYISH APPARATI, kino proyektor (kino va lot. projectio — oldinga irgʻitish) — kinoga olish apparatы bilan kinolentalarga olingan kinofilmlarni ekranga tushirish uchun moʻljallangan qurilma. U kinolentaning surilishini taʼminlaydigan tortish mexanizmi, lenta oʻraladigan va boʻshaladigan kassetalar, ekranni yoritish va tasvirni ekranga tushirish uchun yoritish-proyeksiyalash tizimi, ovoz eshittirish qurilmasi, elektr energiyasi bilan taʼminlash va apparat ishini boshqarish qurilmalaridan iborat. Kino qoʻyish apparatida kinolenta maxsus mexanizm (malta mexanizmi yoki greyferli mexanizm) yordamida toʻxtab-toʻxtab (oʻzlukli) harakatlanadi. Toʻxtab-toʻxtab aylanuvchi tishli baraban ki-nolentani bitta kadrga surib turadi. Bir kadrdan ikkinchisiga oʻtish vaqtida obtyurator yorugʻlik nurlari oqimini toʻsadi, lenta yana bir kadr surilganda obtyurator yorugʻlik nurlari yoʻlini ochadi. Shunda ekranga tasvir toʻshadi. Bu jarayon shu tariqa davom etaveradi va juda tez (sekundiga 24 kadr) yuz bergani uchun tomoshabin oradagi oʻzilishlarni sezmaydi. Kino qoʻyish apparati ekranga tasvirni tushirish bilan birga fonogrammaga yozilgan tovushni ham tasvirga monand (sinxron) ravishda eshittiradi. Kino qoʻyish apparatining muqim (statsionar) va koʻchma turlari boʻladi. Muqim apparatlar kinoapparatxonalarga doimiy oʻrnatib qoʻyiladi. Ularning yordamida kinofilmlar ochiq yoki yopiq zallarda namoyish qilinadi. Koʻchma apparatlarni istalgan joyga olib borib ishlatish mumkin. Ular bilan ochiq maydonlarda ham, yopiq zallarda ham kinofilmlar qoʻyiladi.
Ensiklopediya.uz
KINO QOʻYISH APPARATI