Kimyoterapiya qanday asoratlar berishi mumkin? haqida malumot

Kimyoterapiya qanday asoratlar berishi mumkin? haqida malumot

Turli a’zolardagi saraton xastaliklarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgach, odatda bemorlarga nur va kimyoterapiya usuli buyuriladi. Bu muolajadan so‘ng aksariyat hollarda qon kamayishi kuzatilib, zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim bo‘ladi. Respublika Onkologiya ilmiy markazining “Ekstrakorporal gemoimmunokorreksiya” bo‘limi ishi xuddi shu muammoni hal etishga qaratilgan. Bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Nargiza Yusupovaga bir nechta savollar bilan murojaat etdik.

kimyoterapiya

– Bo‘lim 2012 yildan buyon faoliyat yuritayotgan ekan. Asosiy vazifalar nimadan iborat?

– Qonning reologik hususiyatlari, ya’ni immunokorreksiya, detoksikatsiya, gemokorreksiya va mikrotsirkulyatsiya holatlarini muvofiqlashtirish orqali bemorlarga ambulator va statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, jarrohlik amaliyoti, nur va kimyoterapiyadan oldin va keyingi davrda qon tarkibida salbiy o‘zgarishlar kuzatilganda bemorga konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatilib, dinamik kuzatuvlar olib boriladi.

Sifatli qon komponentlarini saqlash va o‘z vaqtida yetkazib berish ham bo‘limimizda amalga oshiriladi.

– Onkologik kasalliklarda qo‘llaniladigan kimyoterapiyadan so‘ng qanday asoratlar kuzatiladi?

– Asoratlar kimyoviy muolajada ishlatiladigan dori vositalarining turi, dozasi (miqdori), bemorning umumiy holati va ko‘maklashuvchi davo ko‘lamiga bog‘liq holda kechadi.

To‘laqonli qo‘shimcha davo jarayonida kimyoterapiya o‘tkazilsa, bemorlarda faqat holsizlik, ishtaha pasayishi, biroz ko‘ngil aynish, soch to‘kilishi kuzatiladi. Yuqori miqdorli kimyoterapiya qo‘llanilganda esa kuchli ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, tanada og‘riqlar bo‘lishi, quvvatsizlik ro‘y berishi mumkin.

Teri va shilliq qavatlar kuyishi, allergik reaksiyalar singari mahalliy asoratlar ham yuzaga keladi. Agar kimyomuolajalar ixtisoslashgan onkologik muassasada, malakali mutaxassis tomonidan, me’yoriy miqdorda va to‘laqonli o‘tkazilsa, nojo‘ya ta’sirlarning oldi olinadi.

– Qon tarkibidagi o‘zgarishlar sabablari nimada?

– Qon tomir tizimida kuzatiladigan gematologik asoratlar qon tarkibiy qismlari va shaklli elementlarining parchalanishi tufayli kelib chiqadi. Anemiya (kamqonlik), leykopeniya (immunitetning susayishi), trombotsitopeniya (qon ivish xususiyatining sustlashishi), gipoproteinemiya (qonda oqsilning kamayib ketishi) yoki pansitopeniya (barcha qon elementlari sonining kamayib ketishi) shunday asoratlardir.

Aslida kimyoterapiya bemor tanasidagi o‘sma hujayralarini o‘sishdan to‘xtatish (sitostatik) va ularni halok etish hususiyatiga ega. Ammo, ular davo jarayonida sog‘lom hujayralar va to‘qimalarga ham ma’lum miqdorda ta’sir qiladi. Shu sababli kimyoterapiyadan so‘ng nojo‘ya holatlar kelib chiqadi.

– Bemorlarda qon kamayib ketishining oldini olish mumkinmi?

– Aynan gematologik nojo‘ya ta’sirlar kelib chiqishining oldini olish va ularni bartaraf qilish uchun bemor albatta malakali onkolog – terapevt ko‘rsatmalari asosida davolanishi kerak. Kamqonlikka qarshi, immunitetni stimullovchi, gepatotrop, intoksikatsiyaga qarshi, qon o‘rnini bosuvchi vositalar yordamida davo o‘tkazish tavsiya qilinadi.

Eng samarali davo usullaridan biri ultratovush stimulyator yordamida taloq faoliyatini oshirishdir. Taloq organizmda barcha qon elementlari to‘planadigan depo hisoblanadi va shuning uchun, uning stimulyatsiya qilinishi natijasida qonda gemoglobin, leykotsit, limfotsit, trombotsitlar miqdorining oshishi kuzatiladi.

– Murakkab sanalgan ushbu vazifalarni bajarishda barcha imkoniyatlar yetarlimi?

– Kimyomuolajalardan so‘ng qon kamayib ketgan hollarda zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun bo‘limimizda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ishimizni yengillashtiruvchi zamonaviy tibbiy asboblar yetarli. Ultratovush stimulyatori UZT – 1.01F, qon komponentlari banki, bemorlarning elektron bazasi, sentrifuga, termostatlar mavjud.

Asosiy maqsad ishimizda sifat va samaradorlikni ta’minlab, bemorlarga sog‘ayishlariga umid bag‘ishlab, ularni sog‘lom hayotga qaytarishdan iborat.

Mavluda MUHAMMADIYEVA suhbatlashdi.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Kimyoterapiya qanday asoratlar berishi mumkin?