KESSON KASALLIGI

KESSON KASALLIGI

KESSON KASALLIGI — asosan, kessondan chiqqach va gʻavvoslik ishlarini bajargach, dekompressiya ( yuqori bosimdan birmuncha past bosimli muhitga asta-sekin oʻtish) qoidalari buzilishidan kelib chiqadigan kasallik hola-ti, dekompressiyey kasalliklardan. Kasb kasalligi hisoblanib, asosan, kessonda ishlovchilarda uchraydi. Ancha yuqori bosimli muhitdan birmuncha past bosimli muhitga birdan oʻtilganda toʻqimalarda erigan azot pufak-pufak boʻlib ajralib chiqib, qon tomirlarda emboliya hosil boʻladi. Emboliyaning oʻrniga, yaʼni qayerda joylashganiga qarab kasallik belgilari turlicha boʻladi. Oʻtkir Kesson kasalligida badan qichi-shadi, boʻgʻim va muskullar ogʻriydi (yengil shakli); bemorning boshi aylanadi, ogʻriydi, korni dam boʻladi, qulogʻi shangʻillaydi, qayt qiladi, muvozanat saqlay olmaydi (oʻrtacha ogʻir shakli); baʼzan nutq buziladi, koʻz koʻrmay qoladi, bemor hushdan ketadi, falajlanadi, miokard yoki oʻpka infarkti (ogʻir shakli) kuzatiladi. Hayot uchun muhim aʼzolarga koʻplab pufakchalar toʻplanishi, hatto oʻlim sodir boʻlishi mumkin. Surunkali Kesson kasalligi sekin-asta rivojlanadi yoki kasallikning oʻtkir davridan keyin yuzaga keladi, bunda boʻgʻim va suyaklar, shuningdek, orqa miya, eshitish aʼzolari zararlanadi, miokard distrofiyasi va b. noxush holatlar roʻy beradi. Kasallikning oldini olish uchun dekompressiya qoidalariga amal qilish, yaʼni yuqori bosimli muhitdan quyi bosimli muhitga asta-sekin oʻtish talab etiladi. Davosi: bemorni «davo shlyuzi»ga joylashtiriladi, undan chiqqach, yurak faoliyatini yaxshilaydigan dori-darmonlar, issiq muolajalar buyuriladi.

Ensiklopediya.uz
KESSON KASALLIGI