KERENSKIY Aleksandr Fyodorovich
KERENSKIY Aleksandr Fyodorovich (1881, Simbirsk — 1970, Nyu-York) — Rossiya davlati arbobi. Muvaqqat hukumat bosh vaziri (1917). Dastlabki tahsilni Toshkentda olgan. Peterburg unti yuridik f-tini tugatgan (1904). Kerenskiy b-n Turkistondagi taraqqiyparvarlar Mustafo Choʻqay, Ahmad Zakiy Validiy, Hamza oʻrtasida aloqalar boʻlgan. Biroq Kerenskiy Turkiston mustaqilligiga qarshi edi. 1917-y. 25 okt. (7 noyab.)da V. I. Lenin boshchiligidagi bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan Muvaqqat hukumat agʻdarib tashlangach, K. Petrograddan chiqib ketdi. General P. N. Krasnov bilan birgalikda bolsheviklarga qarshi isyon koʻtardi. 1 (14) noyab. da qizil askarlar isyonni bostirdi. Kerenskiy yashirin ravishda mamlakatdan chiqib ketdi. 1918-y. dan Fransiyada, 1940-y. dan umrining oxirigacha AQSHda muhojirlikda yashadi. Parijda tuzilgan «Partiyadan tashqari demokratik jamiyat»ning tashkilotchilaridan biri (1920-y. iyul — 1922-y. apr.). Bu jamiyat Rossiyadagi sovet rejimiga qarshi kurashdi. Muhojirlikda xotiralar, tarixiy asarlar («Kornilov ishi», «Gatchina», «Yiroqsan» va b.) yozdi.
Ensiklopediya.uz
KERENSKIY Aleksandr Fyodorovich