KERATOZLAR
KERATOZLAR (yun. keras — shox, muguz) — teri muguz (shox) qavatining qalinlashuvi bilan kechadigan kasalliklarning umumiy nomi. Bunda teri yalligʻlanmaydi. Keratozlarga muguz qavatning jadal oʻsishi yoki shu qavat hujayralarining bir-biriga qoʻshilib, bitib ketishi sabab boʻladi. Tugʻma, orttirilgan va konstitutsion Keratozlar farq qilinadi. Tugʻma Keratozlar muguzlanish jarayonining tugʻma kamchiliklariga bogʻliq (ixtioz, keratodermiya). Orttirilgan Keratozlar umumiy va mahalliy kasalliklar (gipova avitaminoz), shuningdek, turli zaharlanishlar, nerv va endokrin sistema kasalliklari oqibatida kelib chiqadi. Konstitutsion Keratozlar esa bolaga qisman ona qornida, qisman tugʻilgandan keyingi noxush omillar tufayli roʻy beradi.
Ensiklopediya.uz
KERATOZLAR