KENOTRON
KENOTRON (yun. kenos — boʻsh va elektron) — asosan, sanoat chastotali oʻzgaruvchan tokni toʻgʻrilash (oʻzgarmas tokka aylantirish) uchun moʻljallangan elektr-vakuumli qurilma (diod, lampa). Past va yuqori voltli turlari bor. Past voltli Kenotron anodidati yoʻl qoʻyiladigan teskari kuchlanish 2 kv gacha, toʻgʻri tok kuchi bir necha amperta teng; yuqori voltli Kenotronda teskari kuchlanish 100 kV gacha, toʻgʻri tok kuchi 500 mA gacha boʻladi. Birinchisida choʻgʻlanma katod, qoraytirilgan yoki xiralashtirilgan anodlar (koʻpincha 2 ta), ikkinchisida oksidlangan katod va qoraytirilgan anod (bitta) boʻladi. Kenotronda choʻgʻlama katod qizib elektronlar chiqargani tufayli u tokni faqat bir yoʻnalishda oʻtkazadi. Katodi choʻgʻlanmaydigan Kenotronda faollashgan katoddagi avtoemissiya (elektronlar chiqarish) hisobiga tok oʻtadi. Kenotron radiopriyomniklar, kuchaytirish va oʻlchash apparatlari, rentgen qurilmalari va asboblardagi toʻgʻrilagichlar (oʻzgaruvchan tokni oʻzgarmas tokka aylantiruvchi qurilmalar) da qoʻllaniladi. Yarimoʻtkazgichlar texnikasi taraqqiy etishi munosabati bilan past voltli Kenotron oʻrniga yarimoʻtkazgichli diodlar ishlatila boshladi. Yuqori voltli Kenotronlar hozir ham qoʻllaniladi.
Ensiklopediya.uz
KENOTRON