KENAGAS

KENAGAS

KENAGAS — oʻzbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan biri. Xorazm, Buxoro viloyati, Fargʻona vodiysi, Qoraqalpogʻiston va Shim. Afgʻonistonda yashagan, tarkibida bir qancha kichik qabila va urugʻlar boʻlgan. Bulardan eng yiriklari ochamayli, kirey, abak kirey, ovoqli, taroqli, chuyut, qayri soli. Mas, Qoraqalpogʻistondagi Kenagas (10 ming kishi, 1924) tarkibida aranshi, oqtugin (aqtogʻin), omir (umar), taroqli, dubal (dobal), oymaut (uymout), dombazak (dumbazak), nokis (nukus) kabi 8 urugʻ boʻlgan. Bu urugʻlar oʻz navbatida 21 tera (urugʻ shoxobchasi)dan tashkil topgan. 1912—13 y. larda Yangibozor va Kegayli volostida 8601 Kenagas yashaganligi qayd etilgan. 1926-y. da oʻtkazilgan aholi roʻyxatiga koʻra, esa Shahrisabz, Kitob va ularga yaqin qishloqlarda 35040, Buxoro vohasida 2725, Karmana va uning atrofida 2775 Kenagas istiqomat qilgan. Fargʻona vodiysida, asosan, Qoʻqon tevaragidagi qishloqlarda yashagan. Qoʻqon xoni Abdurahimbiy K. lardan boʻlgan Shahrisabz hokimi Hakim Buxoriyning qizi Oychuchukka uylangan boʻlib, Fargʻona vodiysida u «Kenagas oyim» ismi bilan mashhur edi.

Ensiklopediya.uz
KENAGAS