KAVSHARLASH
KAVSHARLASH — qattiq materiallar (poʻlat, choʻyan, shisha, sopol va b.) ni eritilgan kavshar bilan biriktirish. Kavsharlash jarayonida erigan kavshar buyumning qismlari orasidagi oraliqni (tirqishni) toʻldiradi va soviganda qotib tutash kavsharlangan chok hosil boʻladi. Payvandlashyaan farqi Kavsharlashda kavshar bilan biriktiriladigan buyumning qirralari eritilmaydi. Kavsharlanadigan sirtlar kir va zangdan yaxshilab tozalanadi, tozalangan joyga flyus surkaladi. Flyus sifatida rux xlorid, alyuminiy xlorid, kanifol, borat kislota, bura va b. ishlatiladi. Baʼzan, biriktirishni yengillashtirish uchun Kavsharlashdan oldin kavsharlanadigan joy qalaylanadi (oqartiriladi). Metallmas materiallarni Kavsharlashda, oldin ularning sirtlari maxsus moddalar bilan metallanib, soʻngra kimyoviy faol metallar (mas., titan, sirkoniy, xrom) dan iborat boʻlgan kavsharlar bilan yoki odatdagi kavsharlar bilan biriktiriladi. Materiallar kavsharlar bilan birga elektr pechlarda, kavsharlagichlar, gaz gorelkalari, infraqizil hamda lazer nurlari va b. yordamida qizdiriladi. Kavsharlagich bilan Kavsharlashda avval kavsharlagich kavsharlash lampasi yoki elektr toki bilan qizdiriladi. Kavsharlagich ning qizigan uchi kavsharga tekkazilsa, kavshar erib, kavsharlagichga yopishib chiqadi, uchokka surkaladi. Suyuq kavshar chokni toʻldiradi va tez qotadi. Kavsharlagich bilan ishlash unumsiz boʻlgani uchun sanoatda avtomatlashtirilgan Kavsharlash mashinalari qoʻllaniladi. Vaznsizlik holatida Kavsharlashning istiqboli katta. Kavsharlash avtomobilsozlik, asbobsozlik, elektronika, radiotexnika va b. da qoʻllaniladi.
Ensiklopediya.uz
KAVSHARLASH