Kavsar Turdiyeva (1958)
Kavsar Turdiyeva (1958)
DO`STLARGA ULASHING:
Bolalar shoirasi Kavsar Turdiyeva 1958 yil 6 avgustda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻildi.
1975 yili Chilonzor tumanidagi 201-maktabni oltin medal bilan tugatdi va ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) ning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirdi. Soʻng Leningrad davlat universitetida oʻqishni davom ettirdi (1981).
Bolalar dramaturgi sifatida “Toshkesaklar mamlakatida” degan sahna asarini yaratdi. U Samarqand qoʻgʻirchoq teatri tomonidan sahnalashtirilib, qoʻgʻirchoq teatrlar festivalida 1-oʻrinni oldi.
“Botu nidosi” (2004), “Mitti qoʻgʻirchoqboz” (2007), “Quvnoq alifbo olamiga sayohat” (2008), “Sogʻinchlar sochilgan bekatda” (2011), “Dunyoni saqlang, bolalar” (2012) kabi va boshqa sheʼriy toʻplamlari oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi.
Kavsar Turdiyeva ssenariychi sifatida faol ishlamoqda. Chunonchi, “Zumrasha” (1997–2001) kinojurnalida uning ssenariylari asosida oʻnga yaqin lavhalar suratga olingan. U ikki yuzdan ortiq qoʻshiqlar muallifi, oʻzbek va rus tillarida ijod qiladi. K. Chukovskiy, S. Marshak, L. Barbas, R. Farhodiy sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
2009 yilda adabiyot yoʻnalishi boʻyicha “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovining gʻolibi boʻldi. 2010 yil yakunlari boʻyicha “Bolalarning sevimli shoirasi” nominatsiyasini qoʻlga kiritdi.
Tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining rusiyzabon talabalari va hamshiralik fakulteti uchun “Oʻzbek tili” darsligi (2006,2007), rus tili fanidan “30 shagov k russkomu yaziʼku” (2010) kitobi muallifidir.
Kavsar Turdiyeva adabiy-ijtimoiy faoliyati uchun 2001 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Kavsar Turdiyeva (1958)