KATTA KANYON
KATTA KANYON — AQSHning Arizona shtatidagi dara. Kolorado platosidan oqib oʻtadigan Kolorado daryosining oʻrta oqimida. Dunyodagi eng chuqur daralardan biri. Litl-Kolorado daryosining quyilish joyidan boshlab quyi oqimi tomon 446 km ga choʻzilgan. Chuq. 1600 m gacha, eni 8—25 km, tubida esa 1 km (ayrim joylarida 120 m). Tik yon bagʻrida ustun, piramida, qalʼa shaklidagi qoyalar koʻp. Kolorado daryosi arxey erasidan to yuqori paleozoyning choʻkindi jinslarigacha boʻlgan turli rangdagi gorizontal qatlamlarni kesib oʻtgan. Katta kanyon Kolorado daryosining eroziyasi natijasida kaynozoyda vujudga kelgan. Dara juda manzarali milliy park hisoblanadi. Turistlar koʻp keladi.
Ensiklopediya.uz
KATTA KANYON