KATTA ANDIJON KANALI
KATTA ANDIJON KANALI, Buzrukxoʻja Usmonxoʻjayev nomidagi Katta Andijon kanali — Fargʻona vodiysida barpo qilingan yirik sugʻorish inshooti. Namangan, Andijon, Fargʻona viloyatlar qududidan oʻtadi. Uz. 109,1 km. Bosh qismida suv sarfi 300 m3/s (amalda 200 m3/s). Uchqoʻrgʻon sh. yaqinida Norin daryosidan boshlanadi. Markaziy Fargʻona boʻylab Bagʻdod tumani chegarasiga yetib boradi. Shim. Bagʻdod kollektoriga tashlama bilan tugaydi. Kanal qurilishida Katta Fargʻona kanalining chap sohil rostlagichi suvolgich bosh inshoot tarzida foydalanilgan. Umumiy sugʻorish mayd. 140,6 ming ga. Kanalning magistral qismida va tarmoklarida 706 har xil inshootlar (koʻprik, dyuker, akveduk, quloqlar va h. k.), kanal Qoradaryoni kesib oʻtish joyida yirik Chinobod dyukeri qurilgan. 2,5 km masofadagi tezoqar qismi oʻzaniga beton toʻshama yotqizilgan. Kanal qurilishi 1966-y. da boshlangan va dastlab Markaziy Fargʻona kanali deb atalgan. 1970-y. da Katta Andijon Kanali toʻla ishga tushirilgan. Uning Oxunboboyev (uz. 23 km), Achchiqkoʻl (uz. 22 km), Soʻx (23 km) tarmoklari suvi Markaziy Fargʻonadagi eskidan oʻzlashtirilgan va ilgari Katta Fargʻona kanalidan sugʻorilgan 80 ming ga yerni va yangi oʻzlashtirilgan 61 ming ga yerni suv bilan taʼminlaydi.
Ensiklopediya.uz
KATTA ANDIJON KANALI