KASHMIR
KASHMIR — Osiyodagi, Hind daryosining yuqori havzasidagi tarixiy viloyat. Hududining bir qismini Jammu va Kashmir shtati tashkil qiladi, bir qismi Pokiston nazoratida (1949-y. dan). Kashmir qadimda va oʻrta asrlarda Hindiston ya. o. da mavjud boʻlgan turli davlatlar (mas, mil. av. 3-a. da Mauriyalar imperiyasi, keyinchalik, mil.1—2-a. larda Kushon podsholigi) tarkibiga kirgan. 8—12-a. larda K. Hindistonning eng muhim davlatlaridan biri edi. 1586-y. K. Boburiylar davlati qoʻl ostiga oʻtgan, 1756-y. uni afgʻonlar, 1819-y. sikxlar bosib olgan. 1845—46 y. lardagi 1-inglizsikh urushida ingliz mustamlakachilari tomonidan zabt etilgan Kashmir 7,5 mln. rupiya tovon badaliga Jammu rojasi Gulob Singx tasarrufiga topshirilgan (1846) va inglizlar uni Jammu va Kashmir knyazligi maharojasi deb tan olgan. Ayovsiz ekspluatatsiya, milliy va diniy kamsitishlar natijasida kashmirliklar bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtargan (ulardan eng yiriklari 1931—33 va 1946-y. larda roʻy bergan).
Ensiklopediya.uz
KASHMIR