KARNAY OʻROVCHILAR

KARNAY OʻROVCHILAR

KARNAY OʻROVCHILAR (Attelabidae) – qattiq qanotlilar turkumiga mansub qoʻngʻizlar oilasi. Uz. 2—15 mm, rangi tiniq, koʻpincha yaltiroq, boshi nayga oʻxshash chiziq, moʻylovlari toʻgʻnogʻichsimon, ustki qanotlari, odatda, qornining uchki qismini yopmaydi. Keng tarqalgan, 1300 ga yaqin turi maʼlum. Barcha turlari fitofag, odatda, daraxt va butalarda oziqlanadi. Koʻpincha urgʻochisi barglarga tuxum qoʻyib, ularni karnayga oʻxshatib oʻraydi (nomi shundan olingan) yoki qopchiq yasaydi. Karnay ichida oqish qurtlari rivojlanadi. Baʼzi turlarining qurtlari poya, kurtak yoki mevalar ichida rivojlanadi. Koʻpchilik turlari har xil mevali va mevasiz daraxtlarga ziyon yetkazadi. Oʻrta Osiyoda, jumladan, Oʻzbekistonda olcha filchasi (Phynhitus auratus), oʻrik filchasi (Ph.auratus) va b. turlari danak mevali daraxtlarga jiddiy ziyon keltiradi.

Ensiklopediya.uz
KARNAY OʻROVCHILAR