KAPTAJ
KAPTAJ (lot. capto — ushlayman, tutaman) — yer osti suvlarini ochish, ularni yer yuzasiga chiqarish va muayyan muddat davomida turgun (optimal) koʻrsatkichlar b-n (suv sarfi, kimyoviy tarkibi, harorati va sh. k.) foydalanishni taʼminlovchi muhandislik-texnikaviy tadbirlar majmui. Jan. Sharqiy Osiyoda, Oʻrta Osiyo va Zakavkazyeda tarqalgan qadimiy Kaptaj inshootlaridan biri korizdir. Yer osti suvlarning zamonaviy Kaptaj inshootlari (asosan, burgʻi qudugʻi) oʻzining konstruksiyasi va tiplariga koʻra turli xil boʻlib, ular gidrogeologik sharoit xususiyatlarini, suv tarkibini, texnika va sanitariya talablarini, foydalanish rejimi va maqsadlari va b. ni hisobga olgan holda quriladi. Yuzaroq joylashgan suvli qatlamlardan yer osti suvlarini olishda Kaptajning eng sodda turi — shaxtasimon quduqlardan foydalaniladi. Favvora boʻlib chiqadigan yer osti suvlari va namakoblardan foydalanish iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi.
Ensiklopediya.uz
KAPTAJ