KAPCHA ILONLAR

KAPCHA ILONLAR

KAPCHA ILONLAR, kobralar — aspidsimonlar oilasiga mansub ilonlarning bir guruhi. Suv K. i., boʻyinbogʻli Kapcha ilonlar, daraxt K. i., qirol K. i., qalqonli Kapcha ilonlar, asl Kapcha ilonlar kabi urugʻlarga ajratiladi. Asl Kapcha ilonlarning 6 turi Afrika va Osiyoda tarqalgan. Hind K. i., yaʼni koʻzoynakli Kapcha ilonlar (Najia najia) Sharqiy Osiyo (jumladan, Hindiston) jan. da tarqalgan. Oʻrta Osiyo K. i. (N. Oxiana) asl Kapcha ilonlarga kiradi. Asosan, umurtqali qayvonlar, jumladan, ilonlar bilan oziqlanadi. Urgʻochisi 8—12 ta tuxum qoʻyib, ularni qoʻriklaydi. Kapcha ilonlar xavf tugʻilganida tanasining old qismini yerdan dast koʻtaradi; bir necha qovurgʻalarini ikki yonga yoyib, boʻynining boshidan keyingi qismini kichik belkurak (kapcha)ga oʻxshash kengaytiradi (nomi shundan olingan). Ayrim Kapcha ilonlar dushmaniga zahar otadi (tupuruvchi Kapcha ilonlar), yuqori jagʻida 2 ta zahar tishi bor, zaxari odam uchun halokatli. Oʻrta Osiyo K. i. Oʻzbekiston va Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. Kapcha ilonlar serpentariylarda boqiladi. Kapcha ilonlar zahari neyrotoksik xossaga ega boʻlib, tibbiyotda foydalaniladi (q. Ilon zahari).

Ensiklopediya.uz
KAPCHA ILONLAR