KANOP
KANOP (Hibiscus cannabinus) — gʻoʻzadoshlar oilasiga mansub lub tolali bir yillik oʻsimlik, tolasi uchun ekiladigan ekin. Kanop yovvoyi holda Jan. Afrikada va Markaziy Hindistonda uchraydi. Vatani — Hindiston. Eron, Xitoy, Yava va Sumatra orollarida, Afrika, Amerika (AQSH, Braziliya, Kuba), Rossiyaning jan. da ekiladi. Oʻzbekistonda 20-a. ning 30-y. laridan boshlab ekiladi (1925-y. da Sirdaryo viloyatida tadqiqot maqsadlarida 275 ga maydonga ekilgan, hosildorlik 3 s/ga ni tashkil qilgan). Kanopning oʻq ildizi tuproqqa 1,5—2 m chuqurlikka kirib boradi. Sugʻoriladigan yerlarda ildizning asosiy qismi 30—50 sm chuqurlikda taraladi. Poyasi tik oʻsadi, rangi yashil, tukli. Boʻyi 1,5—3,5 m gacha, uchki tomoni shoxlanadi. Barglari yirik, barg bandlari uzun. Gullari yirik, och sariq (deyarli oq) qisqa bandli (5—7 mm), barg qoʻltigʻida joylashadi. Mevasi 5 uyali tuxumsimon koʻsakcha, uz. 2,5 sm, eni 1—2 sm, har bir uyada 2—3 ta urugʻi bor. Urugʻi 3 qirrali, toʻq kulrang. 1000 tasining vazni 18—24 g, uz. 3—5 mm, eni 2,5—4 mm. Kanop namga, xaroratga va yorugʻlikka talabchan. Oʻsish davri 124—145 kun. K. urugʻi tarkibida 18— 20% texnika moyi bor. Moyi lok-boʻyoq sanoatida, sovun tayyorlashda ishlatiladi. Kuruq poyasidan 16—20% toʻqishga yaroqli tola olinadi (q. Kanop tolasi).
Ensiklopediya.uz
KANOP