KANDIDAMIKOZ
KANDIDAMIKOZ, kandidoz (Candida — achitqisimon zamburugʻ turkumining lot. nomi va yun. mycos — zamburugʻ) , ogʻiz oqarishi, yelikish — odam va hayvonlarda uchraydigan mikoz kasalligi; asosan achitqisimon (Candida) zamburugʻlar qoʻzgʻatadi. Bunda teri, shilliq qavat, baʼzan ichki aʼzolar zararlanadi. Koʻproq bolalar va keksalarda kuzatiladi. Juda qadim zamonlardayoq yosh bolalar, xususan, chaqaloqlar hamda majolsiz bemorlarda kuzatiladigan mogʻor deb nomlangan til oqarishi maʼlum boʻlgan. Kandida zamburugʻlari tabiatda keng tarqalgan; xususan, oʻsimliklar, meva va sabzavotlarda, shuningdek, qandli mevalarda yashaydi; ular odam va hayvonlarning terisi hamda ogʻiz boʻshligʻida, ichak, nafas va tugʻruq yoʻllarining shilliq qavatlarida har doim boʻladi. Kandida zamburugʻi yangi tugʻilgan bolaning terisi va shilliq qavatiga tugʻruq yoʻllaridayoq tushadi va bir umr u bilan birga yashaydi. Baʼzi hollarda organizmning himoya kuchlarini pasaytiruvchi ogʻir kasalliklar (sil, qon kasalligi, dizenteriya, terlama va b.) oqibatida, shuningdek, kishi antibiotiklar bilan tartibsiz davolanganda organizmdagi mikroorganizmlarning biologik muvozanati buzilib, kasallik paydo qiladi. Bunday hollarda hamda uzoq betob yotgan kishilarda ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatida oqarish vujudga keladi, til, tanglay va milkda oson koʻchadigan oq karashlar paydo boʻlib, ular ovqat yeganda ogʻriydi.
Ensiklopediya.uz
KANDIDAMIKOZ