KANDAKORLIK haqida to’liq ma’lumot oling

KANDAKORLIK haqida to’liq ma’lumot oling

KANDAKORLIKamaliy sanʼat turi; oʻymakorlikning metall buyumlarni oʻyib, chizib naqsh, tasvir ishlash sohasi. Buyumlarni bezashda kandakori (oʻyib, kesib), qolipaki (qolip yordamida), simkori (simdan foydalanib), shuningdek, buyumlarning qismlari (qopqoq, dasta va b.) va ikki qavatli buyumlarni bezashda shabaka (panjarali qilib ishlash) usullari qoʻllaniladi, anʼanaviy usimliksimon (islimiy) va handasiy (girih) naqshlardan mujassamotlar yaratiladi. Naqsh yoki tasvir zamini poʻlat qalam (asbob)lar yordamida chuqur yoki sayoz oʻyiladi, zamin sayoz oʻyilganda rangli loklar bilan boʻyaladi, pardozlanadi, chekma, uyma, katak, parallel kesma chiziqlar bilan jilo beriladi. 1930-y. lardan metall sirtiga kimyoviy moddalar taʼsir ettirib naqsh, tasvir yaratish usuli ham (ilk bor Toshkent badiiy oʻquv i. ch. k-tida) qoʻllaniladi. Arxeologik topilmalar (bronza qozon, mil. av. 6—5-a. lar, Fargʻona vodiysi, Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyida; Amudaryo xazinasi tarkibiga kirgan metall buyumlar, mil. av. 4 — 2-a. lar, Britaniya muzeyida; Samarqand Registonidan topilgan metall buyumlarning yirik xazinasi va b.) K. badiiy hunarmandlik turi sifatida Oʻrta Osiyo (jumladan, Oʻzbekiston hududi)da juda qadimdan mavjudligini koʻrsatadi. Dastlab buyumlarga afsonalardagi qahramonlar tasviri ishlangan, arablar istilosidan keyin tasvirlar oʻrnini handasiy naqshlar, bezak darajasiga yetkazib ishlangan arab yozuv (bayt)lari egallagan. Temuriylar davrida yangi usullarning yuzaga kelishi oqibatida Kandakorlik sanʼati yanada rivojlandi, bezak turlari koʻpaydi. 18 — 19-a. larda Buxoro, Samarqand, Xiva, Qoʻqon, Qarshi, Shahrisabz, Toshkent kabi shaharlarda Kandakorlik markazlari boʻlgan. 19-a. ning soʻnggi choragida Kandakorlik maqsulotlariga boʻlgan talabning ortishi ularni sanoatda qolip yordamida kup nusxada i. ch. ta olib keldi. Bu, oʻz navbatida, Kandakorlikning maʼlum darajada susayishiga sabab boʻldi.

Oʻzbekistonda 19-a. oxiriga kelib usulining oʻziga xosligi, zarbning chuqur yoki sayozligi, naqshlar yuzasi va zaminini bezashda qoʻllanadigan usullariga koʻra, bir-biridan farqlanadigan Kandakorlikning bir necha (Fargʻona, Toshkent, Buxoro, QarshiShahrisabz, Samarqand, Xorazm) maktablari shakllandi. Fargʻona Kandakorlik maktabi ustalari (Abdufozil Otaullayev, Mulla Siddiq Otaullayev va b.) buyumlarni bezashda koʻrkam bogʻlar, chamanzorlarni eslatuvchi nafis naqshlarni sayoz, tor zaminli qilib ishlaganlar, oʻziga xos tarzda pardozlaganlar, baʼzan mujassamotga meʼmoriy tasvirlar ham kiritilgan. Toshkent Kandakorlik maktabi vakillari yirik buyumlarga anʼanaviy naqshlarni yirikroq qilib ishlaganlar, bezakda sodda naqshlar (mehrob, zanjira, zuluk, olmagul va b.)ni qoʻllaganlar. Buxoro K. maktabi vakillari (Hakim Buxoriy, Doʻstmuhammad Rizo va b.) buyumlarni oʻrtacha hajmda nafis, baytlarni kup qoʻllagan holda bezaganlar. QarshiShahrisabz K. maktabiga Buxoro Kandakorlik maktabining taʼsiri kuchli boʻlgan, ustalar buyumlarni, shuningdek, shisha, feruza koʻzlar qadab bezaganlar, naqsh zamini rangli loklar bilan boʻyalgan, baʼzan buyum sirti qolipaki usulida ishlangan bezaklar bilan qoplangan. Samarqand Kandakorlik maktabi vakillari buyumlarni shabaka usulida (panjarasimon) bezaganlar, naqshda shobarg keng qoʻllanilgan, naqsh zamini chekma gullar bilan pardozlangan. Xorazm Kandakorlik maktabi ustalari (Xoʻjaniyoz Sayitniyozov, Matyoqub Jonibekov, B. Yoqubov va b.) naqqoshlar tayyorlagan axtalar yordamida murakkab buyumlarni handasiy va islimiy naqshlar bilan toʻldirib bezaganlar. Bu maktablar oʻzaro aloqada boʻlgan, ayrim usta kandakorlar oʻz ijodlarida turli maktab usullarini qoʻllagan. 19-a. oxiri — 20-a. boshlarida yasalgan Kandakorlik buyumlari shakli xilma-xil (choydish, mis koʻza, kosa, lagan, laʼli, kashkul, oftoba, qumgʻon va b.) tayyorlangan hamda nihoyatda nozik va bejirim naqshlangan. 20-a. 20-y. laridan ustalar artellarga uyushtirildi. Kandakorlik sexlarida ijod qila boshlagan ustalar turli maktablarning anʼanalari, usullaridan foydalanib badiiy buyumlar (choydish, mis kuza, mis lagan, satil, oftoba, dastshoʻy, qumgʻon va b.) tayyorladi. 60-y. lar boshlarida artellar tugatilib mahalliy sanoat korxonalari, mahalliy xizmat k-tlarida (Qoʻqonda L. Fozilov, Buxoroda S. Hamidov, M. Mukarramov, A. Hamidov, Xivada Yo. Bekjonov boshchiligida) Kandakorlik buyumlari ishlab chiqarildi. Toshkent, Buxoro, Qoʻqon, Xiva kabi shaharlarda Oʻzbekiston BA K. ustaxonalarida keksa kandakorlar yoshlarga (ustoz-shogird usulida) oʻz qunarlarini oʻrgatmoqda. Buxoroda Kandakorlik maktabi ishlab turibdi (yana q. Buxoro kandakorlik maktabi).

Malumotlar
KANDAKORLIK