Kamqonlikni davolash
Diqqat, ushbu maqola ma’lumot uchun qo‘yilgan, agar sizda salomatligingizga oid savollar bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashishingiz zarur! O‘z-o‘zini davolashga urinish, oqibati og‘ir jiddiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin!Kamqonlikni davolash
DO`STLARGA ULASHING:
Kamqonlikni davolash mumkin!
Kamqonlik kasalligi inson hayotining barcha davrlarida nafaqat turli kasalliklarda, balki ayrim fiziologik holatlarda (homiladorlik vaqtida, organizmning o‘sishi va emizikli davrlarida) ham yuzaga keladi. Ayniqsa, yosh bolalardagi kamqonlik o‘ta ijtimoiy ahamiyat kasb etadi, chunki kamqonlik bu yoshda organizmda jismoniy rivojlanish hamda temir almashinuvining buzilishiga sabab bo‘ladi.
Foto: Shutterstock.com
Kamqonlikning rivojlanishi o‘smirlik va klimaks davrlar bilan, gormonal buzilishlar, ovqatlanish xarakteri, ovqat hazm qilish tizimi, buyrak kasalliklari, organizmda so‘rilish jarayonining buzilishi, autoimmun holatlar va boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Mazkur kasallik ko‘pincha ichki, infeksion va onkologik kasalliklarning hech narsaga bog‘liq bo‘lmagan simptomi ham hisoblanadi.
Akusherlik va ginekologiya sohasidagi eng katta muammolardan biri kamqonlik holati bo‘lib, bemorlarning qariyb 90 foizida aynan shu kasallik qayd etiladi. Ular ichida temir tanqisligi kamqonligi (TTK) juda keng tarqalgan bo‘lib, u har 10 nafar homilador ayoldan 9 nafarida uchraydi. U nafaqat bo‘lajak ona sog‘ligi uchun, balki homila va tug‘ilajak go‘dak salomatligi uchun ham o‘ta xavflidir.
TTK organizmda temir moddasining yetishmasligi bilan bog‘liq. Temirning yetishmasligi esa organizmda dastlab bir qancha trofik buzilishlarga (terining qurishi, tirnoq yorilishi, soch to‘kilishi kabi) sababchi bo‘lib, unda temir saqlovchi to‘qima nafas fermentlari faoliyati yomonlashadi, keyin gemoglobin hosil bo‘lishi buziladi va gipoxrom kamqonlik rivojlanadi. Katta yoshdagi insonlar temir moddasini asosan, surunkali qon ketishlarda yo‘qotadilar, yosh bolalarda esa ona organizmidagi temir tanqisligi sababli uning yetarlicha bola organizmiga o‘tmasligidandir. Shuningdek, o‘n ikki barmoqli va oshqozon yarasi kasalligida, gemorroy, bachadon miomasida, patologik menstrual ko‘p qon yo‘qotishlar natijasida temir tanqisligi vujudga keladi.
TTKning asosiy belgilari umumiy holsizlik, ich qotishi, bosh og‘rig‘i, ta’m bilishning buzilishi, tirnoqlarning qiyshayishi va sinishi, soch to‘kilishi kabilar hisoblanadi. Kamqonlikning ushbu turi gemoglobin va eritrotsitlar miqdorining qonda kamayib ketishi, rangli ko‘rsatkichning 0,8 dan pastligi, eritrotsit shakl va o‘lchamlarining o‘zgarishi, qon zardobida temir miqdorining kamayib ketishi, zardobning ferritin va oqsillar bilan bog‘lanish qobiliyatlarining pasayib ketishi bilan xarakterlanadi.
Kamqonlik kasalligida uzoq vaqt temir saqlovchi antianemik preparatlarni berish, ayniqsa og‘iz orqali qabul qilish samaralidir.
Kamqonlikni to‘g‘ri davolash uchun dastlab uning kelib chiqish sababi va turini aniqlash lozim. Ko‘p hollarda bularni aniqlamasdan antianemik preparatlar va tadbirlar (temir preparatlari, sianokobalamin, pirodoksin, qon quyish) tavsiya etilishi preparatlar samaradorligining pasayib ketishiga, kasallikning yashirin shaklda uzoq vaqt saqlanishi hamda bemor ahvolining umumiy yomonlashuviga olib keladi. Yuqoridagilarga ko‘ra xulosa qilish mumkinki, kamqonlik bugungi kunda juda keng tarqalgan polietiologik sindromlardan biridir. Bu kasallikni temir saqlovchi preparatlar o‘rniga turli xil vitaminlar va mikroelementlar bilan davolash yaxshi natija bermaydi.Og‘iz orqali asosan 2 va 3 valentli temir preparatlari qo‘llaniladi. Keyingi paytlarda ferlatum (temir-protein kompleksi) keng qo‘llanila boshladi. Kamqonlik kasalligini asoratsiz davolash uchun temirning o‘zlashtirilishini yengillashtiruvchi qo‘shimcha komponentlar qo‘shib berish maqsadga muvofiqdir, masalan sistein (irradian preparatida), askorbin kislota (ferropleks, fenyuls, Ferro-folgamm), yantar kislota (konferon), fumar kislota (xeferol), foli kislota (ginotardiferon, Ferro-folgamm) kabilarni misol tariqasida keltirish mumkin. Ammo shuni alohida ta’kidlash joizki, yuqorida keltirilgan antianemik preparatlarning ko‘pchiligi xorijiy preparatlar hisoblanib, ular iqtisodiy jihatdan ancha qimmat bo‘lib, ko‘pchilik bemorlar uchun noqulayliklar tug‘diradi.
«Salomatlik sandig’i» gazetasi.
Kamqonlikni davolash