Kamqonlik — oqibati og‘ir dard haqida malumot
Kamqonlik xastaligi asosan tug‘ish yoshidagi ayollar, o‘smirlar va bolalarda uchraydi. Jahonda bu kasallikka duchor bo‘lgan ayollar va bolalar o‘rtasida xastalik va o‘lim ko‘rsatkichlari 8-10 barobar yuqoridir.
Uning asoratlariga ayollarda tug‘ish jarayonida qon ketishi, bolaning chala yoki vazni kam bo‘lib tug‘ilishi, tug‘ma nuqsonlar va shu kabilar kiradi. Xastalik sababli inson immuniteti pasayadi. Ayniqsa, kamqonlik surunkali gastrit(me’da yallig‘lanishi), kolit(yo‘g‘on ichak yallig‘lanishi), duodenit (o‘n ikki barmoqli ichak yallig‘lanishi) kabi me’da-ichak tizimi xastaliklari, gemorroy(bavosil) va boshqalar sabablar tufayli tez rivojlanishi kuzatilgan. Bu kasallik bolalar va o‘smirlarni jismoniy va intellektual rivojlanishi, ish va o‘qish qobiliyatini keskin pasaytirib yuboradi.
Ayollar va bolalar organizmida temir moddasining yetishmasligi sababli ham kamqonlik rivojlanadi. Chunki, ularda bu moddaga bo‘lgan ehtiyoj erkaklarga nisbatan 3-5 barobar ko‘proqdir. Temir moddasi qon ishlab chiqarish, homilaning rivojlanishi, ko‘krak suti hosil bo‘lishi, bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishida juda ko‘p sarflanadi. Xotin-qizlarning hayz ko‘rish jarayonida ham ko‘p qon yo‘qotiladi.
Nima uchun ayollar va bolalar organizmida temir moddasi yetishmaydi?
Bolalarda temir yetishmovchiligining asosiy sababi onasi homiladorlik va emizish davrida kamqon bo‘lishi, bola chala yoki kam vazn bilan tug‘ilishi, uning ko‘krak suti bilan boqilmaganligi, tez-tez kasallanishi, surunkali infeksiyalar, gijja va noto‘g‘ri ovqatlanish tufaylidir.
Xotin-qizlarda temir yetishmovchiligiga olib keladigan sabablardan biri hayz tufayli ko‘p qon yo‘qotishdir. Agarda hayz 4-5 kundan ortiq cho‘zilib, homiladorlik va tug‘ish oralig‘i 3 yildan kam bo‘lsa, bemorda surunkali infeksiyalar va gijjalar aniqlansa, shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilinmasa, bu xastalik tez rivojlanadi.
To‘g‘ri ovqatlanish qanday bo‘lishi kerak?
Ushbu omil temir yetishmovchiligining oldini olishda juda muhimdir. Inson hayoti davomida temir moddasi va vitaminlarga boy oziq-ovqatlar iste’mol qilishi lozim. Ingibitor (choy, qahva, sun’iy bo‘yoqli, gazli ichimliklar)larni kamroq ichish zarur. Chunki, ular ovqatdagi temir moddasining so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi. Promotor (meva-sabzavot)larni esa ko‘proq istyemol qilish kerak. Ular aksincha, temir moddasining yaxshiroq so‘rilishini ta’minlaydi.
Ovqatlanish vaqtida ingibitorlar iste’mol qilinsa, ular oziq-ovqat tarkibidagi temir moddasini 40-100 foiz so‘rilishiga xalaqit beradi. Ho‘l mevalar, sabzavotlar, ko‘katlar esa (S vitamini orqali) temir moddasi so‘rilishini 4 barobarga oshiradi. Shu bois ovqatlanish vaqtida choy ichish tavsiya etilmaydi. Uni ovqatlanib bo‘lgach, 2 soatdan keyin ichish zarur. Choy o‘rniga qaynatilgan suv, gazsiz mineral suv, meva sharbatlari, na’matak yoki quruq mevalardan damlamalar iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
Dukkaklilar, yormalar temir moddasiga juda boy ozuqalardir. Shuning uchun ham ular go‘sht o‘rnini bemalol bosa oladi. Lekin bu mahsulotlarni ham ingibitorlar bilan birga iste’mol qilish kerak emas.
Shakar, novvot va shirinliklar organizmda gemoglabinni ko‘paytirmaydi. Chunki, ularda temir moddasi va vitaminlar yo‘q. Aksincha, ular ishtahani pasaytiradi, gijjani ko‘paytiradi. Shuningdek, tishlar kariyesga chalinadi. Emizikli bolalarda esa allergiya va diatez (chilla yara)larning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
Kamqonlikni aniqlash uchun qondagi gemoglabin ko‘rsatkichini tekshirish zarur. Gemoglabin meyori 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda 110 g/l, undan kattalar va ayollarda 120 g/l, erkaklarda 130 g/l bo‘ladi. Agarda kamqonlik rivojlansa, gemoglabin ko‘rsatkichlari pasayib ketadi: 70 g/l dan past bo‘lsa, bu og‘ir darajali kamqonlik, 90 g/l dan past bo‘lsa, o‘rta og‘ir darajali va 90 g/l dan yuqorisi yengil darajali kamqonlik hisoblanadi.
Temir yetishmovchiligi paytida bemorlar gilvata, (kesak) choy shamasi, xamir, xom makaron va guruch, qog‘oz kabi mahsulotlarni iste’mol qilgisi keladi. Yana xasta kishilarga bo‘yoq, atseton, benzin, kerosin, tutun, zax hidlari yoqadi. Bu holat markaziy asab tizimining temir tanqisligi bilan kechuvchi kislorod yetishmovchiligi va sensor funksiyalar buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Bemor tarkibida temir moddasi mavjud dori vositalarini iste’mol qilgandan so‘ng 2-3 haftada kasallik belgilari qayd etilmaydi.
Dardmand odamning tirnoqlari mo‘rt, g‘adir-budir bo‘ladi. Ular qiyshayib, parchalanib va yupqalashib qoladi. Xasta insonning xotirasi pasayadi, boshi og‘riydi, aylanadi, quvvati kamayadi hamda tez charchaydi. Uning ish qobiliyati va ishtahasi keskin pasayib ketadi. Kamqonlikning og‘ir darajasida bemorning yuz rangi oqaradi, tez-tez kasallanadi.
Ushbu xastalikni davolash ko‘p vaqt talab etadi. Dard asoratlarini bartaraf etish ham ancha mushkul. Ba’zida esa buning iloji ham bo‘lmaydi (masalan, homilaning aqliy va jismoniy rivojlanishi onasining kamqonligi sababli pasayadi. Surunkali me’da-ichak kasalliklari va hakozo). Kamqonlikning og‘ir darajasida bemor ko‘pincha statsionar sharoitda davolanishi, turli tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi va unga qon quyish zarur bo‘ladi. Davolash kamida 3-6 oy davom etadi. Ko‘pincha ayollar davolashni oxiriga yetkazmaydilar. Buning oqibatida kamqonlik qaytalanib, surunkali tusga aylanadi.
Kamqonlikning oldini olish mumkinmi?
Kasallikning oldini olish, uni davolashdan ko‘ra ancha afzalroqdir. Buning uchun inson to‘g‘ri ovqatlanishi kerak. Yuqorida ko‘rsatilgan temir yetishmovchiligi sabablarini bartaraf etish lozim. Agarda bularning hammasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasa, unda bemor haftada bir marotaba 60 mg ( 1-2 hapdori) tarkibida temir moddasi mavjud dori vositalarini iste’mol qilishi zarur. Shunda organizmdagi temir yetishmovchiligi asta-sekin bartaraf etiladi. Bemorga tarkibida temir moddasi mavjud dori vositalarining zarari yo‘q. Ular meyordan ortiq organizmga so‘rilmaydi.
Kamqonlikning oldini olishning yana bir samarali usuli – bu oziq-ovqatlarni temir va boshqa mikroelement va vitaminlar bilan boyitish, ya’ni fortifikatsiya etishdir. Bu usul ham butun dunyoda, jumladan, AQSH, Yaponiya, Avstraliya va Yevropaning ko‘plab rivojlangan davlatlarida 70 yildan beri amalga oshirilmokda. Bu usulning samarasini 10-15 yilda ko‘rish mumkin.
Respublikamizda ham ana shunday ezgu chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2010 yilda “Aholi o‘rtasida mikronutriyentlar yetishmovchiligining oldini olish” to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Bu huquqiy hujjat yurtimizda ushbu xastalikning oldini olishda muhim asos bo‘lib xizmat qilayotir.
Kamqonlikni bartaraf etishda to‘g‘ri va sifatli ovqatlanish, shuningdek, bemor to‘yib uxlashi hamda uni stress (ruhiy zo‘riqish), depressiya (tushkunlik)dan asrash alohida ahamiyatga ega.
Xasta inson tarkibida temir moddasi mo‘l bo‘lgan mahsulotlar – mol, qo‘y, tovuq jigari, buyragi, yuragi, til, grechka, qora mayiz, qora olxo‘ri, olma, nok, turshak, anjir qoqi, qora olxo‘ri, shaftoli qoqi, ismaloq, petrushka, qizil loviya, chala pishirilgan uy tovug‘i tuxumi, qizil lavlagi, loviya, baliq, no‘xat, mosh, jo‘xori, yalpiz, yeryong‘oq, yong‘oq, bodom, kungaboqar (pista) kabi mahsulotlarni tarkibida S darmondorisi mo‘l sitrus mevalar, qizil bulg‘or qalampiri, karam, ko‘k piyoz, sarimsoqpiyoz, oshqovoq, pomidor, sabzi, qulupnay, malina, tarvuz, qovun kabi meva-sabzavotlar bilan qo‘shib iste’mol qilishlari zarur.
D. SULЕYMANOVA, tibbiyot fanlari doktori.
D. MAMATQULOVA, tibbiyot fanlari nomzodi.
M. NARMЕTOVA, gematolog.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.
Soglom.uz nashri.
Kasalliklar
Kamqonlik — oqibati og‘ir dard