KALTAMINOR MADANIYATI
KALTAMINOR MADANIYATI — Oʻzbekistonda neolit davriga oid birinchi topilgan arxeologik madaniyat (mil. av. 7—3-ming yillik). Kaltaminor koʻli yonidan topilgan. 1939—40 va 1945-y. lar Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tekshirgan. Kaltaminor madaniyati Amudaryoning qad. Oqchadaryo deltasi, Qizilqum, Yuqori Oʻzboy, Mohondaryo, Orolning shim.-sharqiy boʻylarida, Qozogʻiston va sharqiy Kaspiy, yaʼni Balxan va Manqishloq hududlarigacha tarqalgan. Albatta, bu juda katta hududda yagona bir oilaga oid odamlar yashagan emas, bu yerlarda bir-biriga yaqin boʻlgan qabilalar yashagan deyish toʻgʻri boʻladi. Yaqinlik, asosan, tosh qurollarda yaxshi koʻrinadi. Tosh qurollarni, yasash texnikasi va uning tiplarida oʻxshashlik farqlar esa sopol idishlarda, yaʼni uning bezaklarida — bezak buyumlarda, taqinchoqlarda koʻrinadi. Asosiy qurollarining oʻxshashligi va farqlarini saqlab qolgan qurollar — shu vohalarda birbiriga oʻxshash, bir xil turmush tarziga ega boʻlgan urugʻlar boʻlganligini koʻrsatadi. Bular Oqchadaryo, quyi Zarafshon, Lavlakon, yuqori Oʻzboy, Ustyurt guruhlaridan iborat. Shu hududlarda yaщagan neolit odamlari 7—3-ming yillikda yashab ovchilik, temirchilik va baliqchilik bilan tirikchilik oʻtkazishgan. Ovchilik, terimchilik va baliqchilik bilan bogʻliq qurollarni ishlash texnikasi neolit davrida eng choʻqqiga chiqqan davr hisoblanadi. Qirgʻichlar, kesuvchi, teshuvchi qurollar, oʻq-yoylar, kamon oʻqlari va shunga oʻxshash qurollarni yasash eng takomillashgan davr hisoblanadi. Mikrolit qurollarining paydo boʻlishi, suyakdan va yogʻochdan yana ham takomillashgan qurollar yasash imkoniyatini bergan. Arxeologlar, asosan, shu mikrolitlar va oʻqyoyni yasalishiga asoslanib neolit davrini davrlarga ajratganlar. Kaltaminor madaniyatini ham 3 davrga boʻlib oʻrganilgan. Kaltaminor madaniyatining ilk davri 7—5 ming yillikka toʻgʻri keladi. Bu davrga xos yodgorliklar Zarafshonning quyi oqimida, Qizilqumning Lavlakon va Karakata, jan.-sharqiy Ustyurtda topilgan va oʻrganilgan. Kaltaminor madaniyatining oʻrta davri 6—5-ming yillikka toʻgʻri keladi. Bu davrga oid manzilgohlar butun Qizilqum va unga yaqin boʻlgan hududlardan topilgan. Kaltaminor madaniyatining oxirgi davri 4—3 ming yillikka toʻgʻri keladi. Bu davrga oid yodgorliklarga Qozogʻiston hududlaridagi manzilgoxlar kiradi.
Ensiklopediya.uz
KALTAMINOR MADANIYATI