KALMARAZ

KALMARAZ

KALMARAZ, oʻsimliklar kalmarazi, parsha — aksariyat zamburugʻlar (baʼzan bakteriyalar) qoʻzgʻatadigan kasallik. Asosan, oʻsimliklarning ustki toʻqimalari shikastlanadi. Kutikula yoki novdalarda dogʻlar, yaralar, buqoqlar paydo boʻladi. Koʻpchilik q. x. ekinlari kasallanadi. Kalmaraz koʻproq olma, nok, kartoshka va sitrus ekinlari (limon, apelsin)da uchraydi. Olma, nok daraxtlari Kalmarazni Venturia inaeguaties va V. pinna zamburugʻlari qoʻzgʻatadi. Olmada barg va mevalar, nokda novdalar ham zararlanadi. Daraxtlarning barglarida kulrang toʻgarak dogʻlar hosil boʻladi, barg shapalogʻining orqa tomonida dogʻlar toʻq yashil rangli baxmalsimon gʻubor bilan qoplanadi. Mevalarda esa gʻubor bilan qoplangan kumushrang hoshiyali qoʻngʻir dogʻlar paydo boʻladi. Bu dogʻlar keyinchalik kengayib, koʻpincha bir-biriga tutashadi. Kasallangan barglar toʻkiladi. Mevaning shikastlangan joyidagi toʻqimalari yogʻochsimon boʻlib qoladi, kasallik yanada avj olib ketganda bu joylar yoriladi. Kalmaraz bilan kasallangan daraxtlarning hosili kamayadi, mevalari sifatsiz boʻlib qoladi.

Ensiklopediya.uz
KALMARAZ