KAHRABO
KAHRABO — tabiiy organik birikma, igna bargli daraxtlarning qazilma smolasi. Kimyoviy formulasi S40N64O4. Oltingugurt qoʻshimchalari bor. Moʻrt. Qattiqligi 2,0—2,5. Zichligi 1000—1100 kg/m3. Tarkibi 76—81% uglerod, 10—10,5% vodorod, 7,5—13% kislorod, shuningdek, bir oz oltingugurt va azotdan tashkil topgan. Rangi turli tusli: sariq, qizgʻish jigarrang, bir oz yashil. Smolasimon yaltiraydi. Shaffof va yarim shaffof. Yaxshi jilolanadi, movutga surkalsa elektrlanadi. Yonganda xushboʻy hid tarqatadi. Kahrabo ichida oʻsimlik va hasharot qoldiqlari boʻlishi mumkin. Bunday xillaridan tayyorlangan taqinchoq va yodgorliklar yuqori baholanali. Eng yirik konlari Boltiqboʻyi mamlakatlarida paleogen va neogen davri jinslarida, Belorussiya, Ukraina, shuningdek, Polsha, Daniya, Shvetsiya, Angliya, AQSH va b. joylarda bor. Dunyodagi eng yirik Kahrabo koni Kaliningrad yaqinida. Past sifatli Kahrabodan oz miqdorda kahrabo kislotasi, yogʻi, tibbiyotda ishlatiladigan preparatlar, lok, zamazka olinadi.
Ensiklopediya.uz
KAHRABO