KABEL

KABEL

KABEL (gollandcha kabel — arqon, tros) — germetik himoyalangan qobiq ichiga joylashtirilgan bir yoki bir necha izolyatsiyalangan simlardan iborat material. Kuch, aloqa va radiochastota Kabellari, nazorat (tekshirish), oʻlchash Kabel va b. xillari bor. Bulardan tashqari, gaz va moy toʻldirilgan Kabel ham boʻladi. Kabel koʻpincha mis yoki alyuminiydan, kamdankam poʻlat-mis va poʻlat-alyuminiydan tayyorlanadi. Vazifasiga koʻra, bir yoki koʻp simli, doyra va shakldor boʻladi. Izolyatsiyalashda maxsus qogʻoz, rezina, plastmassa va b. ishlatiladi. Simlarni nam va kimyoviy moddalar taʼsiridan himoya qiluvchi qobiq qoʻrgʻoshin, alyuminiy, plastmassa yoki rezinadan tayyorlanadi. Kabelni mexanik taʼsirlar, korroziyalardan saqlash uchun ularga poʻlat lentalar yoki sim (zir) lar oʻraladi va ularning ustidan plastmassa yoki qogʻoz lenta, jut va bitumlar qoplanadi.

Ensiklopediya.uz
KABEL