JUVOZ haqida

JUVOZ haqida

JUVOZ

JUVOZ (fors. — oʻgʻir) — moyli oʻsimliklar urugʻidan (maye, chigitdan) moy chiqaradigan dastgoq, moyjuvoz. Juvoz qanday oʻsimlik urugʻidan moy i. ch. iga koʻra bir necha xil boʻladi, chunonchi: moy Juvoz, sholi oqlanadigani — objuvoz, qogʻoz J. Ulov (ot, hoʻkiz) yoki suv kuchi bilan yuritiladi. Juvoz kunda, oʻq, qayiq, gajak, yogʻoch (moʻmiq), toʻgʻin kabi qismlardan iborat boʻladi. Kunda (uz. 3 m cha, yoʻgʻon tomonining diametri 55—60 sm) oʻrik, tut, qayragʻochdan tayyorlanadi. Ingichka tomoni yerga 2 m cha koʻmilib, ustki gozasi oʻgʻir shaklida oʻyiladi va yukxona deb ataladi, unga chigit, kunjut, zigʻir, turli urugʻ (qovun, kungaboqar va b.), yaʼni xom ashyo solinadi. Yukxonaning oʻrtasidan oʻq uchi singari qilib gʻazna oʻyiladi. Gʻazna chuqurchasida oʻqning aylanishi natijasida xom ashyodan sizib tushgan yogʻ toʻplanadi. Oʻqni aylantirish uchun uning uchiga gajak (uz. 1,2 m cha yogʻoch) biriktiriladi. Gajakning pastki uchi qayiq (uz. 1 m cha, yoʻgʻon yuzasining bir tomoni oʻyib ichiga tosh toʻlatilgan, ikki yonidagi teshiklariga kundani oʻrab oʻtgan toʻgʻinning uchlari qoqilgan qurilma) oʻrtasidagi yogʻoch (moʻmiq)ga bogʻlanadi. Juvozga qoʻshilgan ulov yurganida qayiqni oldinga suradi, qayiq esa gajakni, gajak oʻz navbatida oʻqni aylantiradi, oʻq xom ashyoni ezib, tarkibidagi moyni gʻaznaga haydaydi. Gʻazna moyga toʻlgach, juvozkash Juvozni toʻxtatib, moyni oladi. Moy beruvchi oʻsimlik urugʻlaridan juvozlarda olinadigan moy Juvoz moyi deb ataladi (asosan zigʻir urugʻidan tayyorlangani uchun zigʻir yogʻi deb ham yuritiladi). Juvoz moyi kunjut, kungaboqar, qovun urugʻi, chigit va yongʻoq magʻizidan aralashtirib tayyorlanganda shifobaxsh neʼmatga aylanadi. Qogʻoz Juvozda eski uvada, yogʻoch kukuni va b. ezib, un qilingan, soʻng qaynatib, undan qogʻoz quyilgan.

Juvoz haydaydigan kishi juvozkash, uning mashgʻuloti, kasbi juvozkashlik deyiladi. Juvozkashlik qadim zamonlardayoq paydo boʻlgan Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekiston qishloqlaridagi yirik dehqon xoʻjaliklari moy ishlab sotish uchun, baʼzan mayda dehqon xoʻjaliklari esa oʻz ehtiyoji uchun shaxsiy juvozxonaga ega boʻlganlar. Yogʻ va qogʻoz sanoatining rivojlanishi tufayli juvozkashlik kasbi ancha susaydi. Hozir ham Juvoz uchrab turadi.

Ensiklopediya.uz
JUVOZ